Yevropa Ittifoqi va UNDP Samarqandda Jamoatchilik kengashlari uchun yozgi maktabni boshladi
30-June, 2026
Jamoatchilik maslahat kengashlari faoliyatiga bag‘ishlangan Yozgi maktab ishtirokchilari
Samarqand, O‘zbekiston, 2026-yil 29-iyun – Samarqand shahrida “Samarali mahalliy boshqaruv uchun Jamoatchilik maslahat kengashlari” mavzusidagi uch kunlik yozgi maktab o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekistonning pilot hududlaridan 40 ga yaqin ishtirokchi, jumladan Jamoatchilik kengashlari a’zolari, hokim o‘rinbosarlari, mahalliy Kengashlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etmoqda.
Yozigi maktab Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Tashabbus Jamoatchilik kengashlarining fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi muloqot maydoni sifatidagi rolini mustahkamlash hamda mahalliy boshqaruvning ochiqligi, hisobdorligi va fuqarolar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.
Jamoatchilik kengashlari davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Ular mahalliy jamoatchilikning fikr va ustuvor yo‘nalishlarini davlat qarorlarida aks ettirishda muhim o‘rin tutadi. Yozgi maktab ishtirokchilarga ushbu mexanizmlarning samaradorligini oshirish uchun zarur amaliy bilim va ko‘nikmalarni taqdim etadi.
“Samarali mahalliy boshqaruv fuqarolarning faol ishtirokidan boshlanadi. Jamoatchilik kengashlari mahalliy jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini bajarib, davlat siyosati va xizmatlari aholining haqiqiy ehtiyojlariga mos bo‘lishiga xizmat qiladi. Yevropa Ittifoqi mahalliy darajada muloqot, ochiqlik va hisobdorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun,” — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Hamkorlik bo‘limi rahbari Kristos Marazopulos.
Uch kun davomida ishtirokchilar Jamoatchilik kengashlari faoliyatining huquqiy asoslari, mahalliy byudjetlashtirish, jamoatchilik nazorati, ijtimoiy himoya hamda fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat xizmatlari ko‘rsatish masalalarini o‘rganadilar. Dastur doirasida Niderlandiyaning VNG International tashkiloti eksperti ishtirokida fuqarolar ishtirokiga asoslangan mahalliy boshqaruv bo‘yicha xalqaro tajriba va mahalliy demokratiya sifatini baholash mexanizmlari taqdim etiladi.
“UNDPda biz samarali boshqaruv, avvalo, fuqarolarni tinglashdan boshlanishiga ishonamiz. Jamoatchilik kengashlari mahalliy rivojlanish va davlat xizmatlarini takomillashtirish jarayonida fuqarolarning faol ishtiroki uchun muhim imkoniyat yaratadi. Ularning salohiyatini mustahkamlash orqali biz yanada ochiq, inklyuziv va fuqarolar ehtiyojlariga javob beradigan davlat institutlarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqdamiz,” — dedi UNDPning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.
Yozgi maktabda amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashishga alohida e’tibor qaratiladi. Ishtirokchilar turli hududlardagi muvaffaqiyatli tajribalarni muhokama qiladi hamda Jamoatchilik kengashlari faoliyatini takomillashtirish va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan harakat rejalarini ishlab chiqadi.
Mahalliy darajadagi muloqotni rivojlantirish va fuqarolarning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish orqali mazkur tashabbus O‘zbekistonda davlat xizmatlarining sifati, ochiqligi va fuqarolar ehtiyojlariga mosligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun:
“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029-yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:
- Davlatxizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.
- Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.
- Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.
- Hududiyva mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o’zgartirish.
Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Yevropa Ittifoqi haqida: Yevropa Ittifoqi - bu Yevropa 27 mamlakatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqi. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida har kimning foydasi uchun global miqyosda harakat qiladi.