2026-yilgi Kichik Grantlar Dasturi g‘oliblari aniqlandi: ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun adolatdan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi
7-July, 2026
Toshkent, O‘zbekiston – BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) Finlandiya hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida 2026-yilgi Huquqiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kichik grantlar dasturi (LVG) natijalarini e’lon qiladi.
2026-yil bahorida o‘tkazilgan tanlov fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tanlovga aholi huquqiy savodxonligini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar bilan respublika bo‘ylab 57 ta nodavlat notijorat tashkiloti ariza topshirdi. Mustaqil baholash yakunlariga ko‘ra, beshta tashkilot grant g‘olibi deb topildi.
2026-yilgi Kichik Grantlar Dasturi doirasida fuqarolik jamiyati tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 100 ming AQSH dollari ajratildi. Ushbu mablag‘lar aholining, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, huquqiy savodxonligini oshirish hamda inson huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
Grant dasturi g‘oliblari:
- “Madad” NNT (Toshkent);
- “Sharoit Plus” NNT (Toshkent);
- Qoraqalpog‘iston Nogironlar Assotsiatsiyasi;
- “Rahmdillik” NNT (Samarqand viloyati);
- O‘zbekiston Yuristlar Assotsiatsiyasi.
Loyihalar doirasida:
- bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatiladi;
- huquqiy maslahatlar va huquqiy savodxonlik tadbirlari tashkil etiladi;
- axborot va ma’rifiy materiallar ishlab chiqiladi va tarqatiladi;
- raqamli hamda inklyuziv huquqiy xizmatlar joriy etiladi;
- ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Ushbu tashabbuslar natijasida:
- minglab fuqarolarning bepul yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlari kengayadi;
- aholining huquqiy savodxonligi va o‘z huquqlari haqidagi bilimlari oshadi;
- chekka hududlarda yashovchi aholining adolatga erishish imkoniyatlari yaxshilanadi;
- inson huquqlarini himoya qilishning mahalliy mexanizmlari mustahkamlanadi;
- huquqiy xizmatlardan foydalanishda inklyuzivlik darajasi oshadi.
Loyihalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida hamda yuridik xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa hududlarda amalga oshiriladi.
UNDP grant dasturi g‘oliblarini samimiy tabriklaydi va ushbu tashabbuslar O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildiradi.