Markaziy Osiyo mamlakatlari GEF Assambleyasida yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va barqaror landshaftlar bo‘yicha yagona mintaqaviy qarash atrofida birlashdi
6-June, 2026
Samarqand, O‘zbekiston — Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Global Ekologik Jamg‘arma (GEF), xalqaro hamkorlar va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari bilan birgalikda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan GEFning sakkizinchi Assambleyasi doirasidagi yuqori darajadagi tadbirida ishtirok etdilar. Tadbir yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va barqaror landshaftlarni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlandi.
“Yo‘laklardan hamjamiyatlargacha: Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiat va barqaror landshaftlar uchun mintaqaviy qarash” deb nomlangan tadbir Markaziy Osiyo tog‘lari biologik xilma-xillik hududida global ahamiyatga ega bioxilma-xillikni asrash, shu bilan birga barqaror turmush manbalari va iqlimga chidamlilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy mintaqaviy maqsadlarni namoyon etdi.
Markaziy Osiyo dunyodagi eng muhim transchegaraviy yovvoyi hayvonlar populyatsiyalari va tog‘ ekotizimlarining ayrimlariga, jumladan qor barslari, arxarlar va sayg‘oq antilopalariga makon hisoblanadi. Ushbu ekotizimlar mahalliy aholi turmush tarzini, ekologik barqarorlikni va mintaqaning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligini ta’minlaydi. Biroq yashash muhitlarining parchalanishi, iqlim o‘zgarishi, yer resurslaridan foydalanishdagi o‘zgarishlar hamda inson va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning ortib borishi milliy chegaralardan tashqariga chiqadigan muvofiqlashtirilgan choralarni talab qilmoqda.
Tadbirni ochib berar ekan, Markaziy Osiyoning besh davlati hukumatlari, Global Ekologik Jamg‘arma va UNDP vakillari umumiy ekologik muammolarni hal etish hamda barqaror rivojlanishni ilgari surishda mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladilar. Muloqotni O‘zbekistondagi UNDPning doimiy vakilasi Akiko Fujii olib bordi.
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning yuqori martabali hukumat vakillari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi va Ekologiya hamda iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Qirg‘iz Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Akyl Toktobayev, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Nuri Jumashev, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi Iqlim siyosati departamenti Iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘limi rahbari Shattyk Tastemirova, shuningdek BMT Bosh kotibining yordamchisi va UNDPning Siyosat va dasturlarni qo‘llab-quvvatlash byurosi direktori Markos Neto ishtirok etdilar.
Ular tabiatni muhofaza qilish sohasidagi umumiy muammolar, milliy darajadagi innovatsion yechimlar va mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Tadbirning ochilish qismi Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyo tog‘ ekotizimlarini barqaror boshqarish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan mintaqaviy sa’y-harakatlarni rivojlantirish yuzasidan Qo‘shma manfaatlar bayonotini imzolash bilan yakunlandi.
Keyinchalik ishtirokchilar GEF-9 doirasidagi bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi avlod investitsiyalari yovvoyi tabiatni muhofaza qilishni kuchaytirish, yashash muhitlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni saqlash, mahalliy hamjamiyatlarning mas’uliyatli ishtiroki va yovvoyi tabiat bilan uyg‘un turmush manbalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek mintaqa bo‘ylab monitoring va bilim almashinuvini yaxshilashga qanday yordam berishi mumkinligini ham ko‘rib chiqdilar.