O‘zbekistonda ilk marta favqulodda vaziyatlar haqida aholini erta ogohlantirish tizimining milliy standarti qabul qilindi
19-August, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi
Toshkent, Oʻzbekiston, 2025-yil 19-avgust — O‘zbekistonda birinchi marta favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida aholini erta ogohlantirish va axborot yetkazish tizimlariga yagona texnik talablarni belgilovchi milliy standart ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Ushbu hujjat fuqaro muhofazasi tizimini takomillashtirish hamda tabiiy ofatlarga nisbatan milliy chidamlilikni mustahkamlash uchun muhim vositaga aylanadi.
Iqlim o‘zgarishi sur’atlarining misli ko‘rilmagan darajada tezlashib borayotganligi tabiiy ofatlar takroriyligi va ko‘lamining ortishiga olib kelmoqda. Ularning oqibatlarini bartaraf etish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, aholini o‘z vaqtida ogohlantirish va xabardor qilish yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish va aholi hayotini saqlab qolish imkonini beradi. Shu munosabat bilan, mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun ehtimoliy ofatlar yuzasidan Kompleks erta ogohlantirish tizimini (KEOT) modernizatsiya qilish ustuvor vazifa hisoblanadi.
KEOT ishonchli faoliyat ko‘rsatishining muhim elementlaridan biri foydalaniladigan barcha texnik vositalar va xabar berish tizimlarining davlat standartlariga muvofiqligini ta’minlashdan iborat. KEOTni modernizatsiya qilish faoliyati doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamkorligida va Yashil iqlim jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi ostida "Fuqaro muhofazasi. Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida aholiga xabar berish va axborot yetkazish tizimi. Umumiy texnik talablar" O‘zMSt 520:2025 milliy standarti ishlab chiqildi.
Yangi standart aholini xabardor qilishning texnik vositalariga qo‘yiladigan yagona talablarni, ularning tasnifini, shuningdek, amaldagi va yangi loyihalashtirilayotgan tizimlar uchun qo‘llash qoidalarini belgilaydi. Ushbu talablar xarid qilinayotgan yoki ishlab chiqarilayotgan, favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida aholiga xabar berish va axborot yetkazish tizimlari tarkibida foydalanish uchun mo‘ljallangan texnik uskunalarni sinovdan o‘tkazish va sifat nazoratini amalga oshirishda hisobga olinadi, bu esa pirovard natijada Kompleks erta ogohlantirish tizimining (KEOT) samaradorligi va ishonchliligini oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, joriy etilgan standart strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uskunalarni ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uchun yagona platformani yaratadi, tizimlarning mos kelmaslik xavfini minimallashtiradi va ularning integratsiyasini optimallashtiradi; texnologiyalarni birlashtirish orqali foydalanish va xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi; butun mamlakat bo‘ylab yangi yechimlarni tezroq joriy etish va kengaytirish imkonini berib, KEOT modernizatsiyasini tezlashtiradi.
***
BMTTD, FVV va O‘zgidromet xizmatining “O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishgaqaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati Farg‘ona vodiysining aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.