Hayotini bag‘ishlagan ish: Samijon Sherov va uning Sarikanda gidropostidagi xizmati

24-June, 2025
Man in a black sweater and cap gazes at snow-capped mountains under a cloudy sky.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Nadejda Gavrilenko

"Daryo oldindan so‘zlaydi – siz uni tinglay olishingiz kerak" 

1998 yil 7-iyul kuni erta tongda Farg‘ona vodiysining eng so‘lim go‘shalaridan birida, archazorlar, gavjum butalar orasidan oqib o‘tuvchi tor, burama Shohimardon daryosida tuzatib bo‘lmas hodisa yuz berdi. Xuddi shu nomdagi qishloqqa to‘satdan kuchli loy va tosh aralash sel kelib, ko‘chalar, uylar, dam olish maskanlari va bolalar oromgohlarini o‘z yo‘lida sidirib ketgan. Suv Qirg‘izistondagi qo‘shni tog‘lardan kutilmaganda, jadal, ogohlantirmasdan kelgan. Bu fojia insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi va butun hudud qalbida o‘chmas iz qoldirdi. 

Falokat joyidan atigi bir necha kilometr narida, xuddi shunday jo‘shgan, injiq va go‘zal So‘x daryosi oqib o‘tadigan qo‘shni qishloqda yashagan, o‘sha paytdagi 19 yoshli Samijon Sherov ham bu voqeani eslaydi. Shohimardon hodisasi Samijon uchun shunchaki saboq emas, balki eslatma bo‘ldi: tog‘ daryosi nafaqat hayot manbai, balki buzg‘unchi kuch ham bo‘lishi mumkin. Yoshligidan unga tanish bo‘lgan hodisa​ faqat otasining ishini davom ettirish – daryoning xavotirli ovozini birinchi bo‘lib eshituvchi inson bo‘lish qarorini kuchaytirdi. 

Tog‘li yerlarda tabiiy ofatlar ko‘pincha to‘satdan sodir bo‘ladi. Tez rivojlanadigan suv toshqinlari va sel oqimlari oz vaqt ichida paydo bo‘lishi mumkin – ular kuchli yog‘ingarchilik, qor qoplamining tez erishi yoki muzlik ko‘llarining yorib chiqishi, ayniqsa iqlim o‘zgarishi sharoitida, yuzaga keladi. Bu jarayonlar, ayniqsa, transchegaraviy tog‘li hududlarga xos bo‘lib, har bir qiyalik, jarlik yoki kichik irmoq bir necha daqiqada tezkor sel oqimi manbaiga aylanishi mumkin. Daryo har doim belgi beradi: suv loyqalashadi, shovqin kuchayadi, toshlar va qoldiqlarning tarkibi ko‘payadi, daryo o‘zanida "pulsatsiya" boshlanadi. Havoda og‘ir namlik, tuproq hidi kela boshlaydi, ba’zan esa, zo‘rg‘a sezilsa-da, ammo poroxni eslatuvchi xavotirli hid paydo bo‘ladi. Bu belgilar tekislikda deyarli sezilmaydi, ammo daryo endigina kuchayib borayotgan joylarda, diqqat bilan kuzatar ekansiz, ularni payqash mumkin. Shuning uchun gidropostlar juda muhim – bunday postlarda daryoni, uning o‘zini qanday tutishini o‘qiy biladigan va dastlabki tashvishli o‘zgarishlarni seza oladigan kishilar, nazorat qiladilar. 

A worker on a platform above a river, using equipment to retrieve or inspect something in the water.

Samijon Sherov suv oqimini gidrometrik tok o‘lchagich yordamida va og‘irligi 100 kg gacha bo‘lgan (oqim tezligiga qarab) osma kajava yordamida o‘lchaydi

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Nadejda Gavrilenko

Nima uchun gidropostlar kerak? 

Tog‘li va tog‘oldi hududlarida, ayniqsa transchegaraviy daryolarda suv rejimini tezkor monitoring qilish favqulodda vaziyatlardan erta ogohlantirish tizimining asosiy elementi hisoblanadi. Aynan shunday joylarda gidrologik postlar o‘rnatiladi: ular suv oqimining darajasi va tezligini, cho‘kindilarning tarkibini qayd etish, shuningdek, mavsumiy tebranishlarni va ekstremal ob-havo hodisalari bilan bog‘liq keskin o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi. Samijon Sherov ishlayotgan Sarikanda gidroposti So‘x daryosining o‘rta oqimida joylashgan. Bu gidropost XIX asr oxiridan buyon mavjud bo‘lgan kuzatuv tarmog‘ining bir qismidir. U yerdagi ilk o‘lchovlar 1896-yilda amalga oshirilgan va shundan beri o‘lchovlar doimiy ravishda – har qanday ob-havoda, dam olish va bayram kunlarisiz olib borilmoqda. Bunday uzoq va uzluksiz kuzatishlar nafaqat mavjud vaziyatni baholash, balki uzoq muddatli tendensiyalarni ham tahlil qilish imkonini beradi: suv oqimining o‘zgarishi, iqlimning muzliklarning xatti-harakatlariga ta’siri va daryolarning suv rejimining o‘zgarishi, kabi. 

Bundan tashqari, bu kabi kuzatuvlardan olinadigan axborot gidrologik prognozlarni tuzish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi: suv va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, kommunal xizmatlar va qutqaruv bo‘linmalari uchun. Ekin ekish rejalari, sel xavfi haqida ogohlantirish, ichimlik suvi ta’minoti va boshqa ehtiyojlar o‘z vaqtida beriladigan, ishonchli ma’lumotlarga tayanadi. 

Ammo, hatto eng zamonaviy qurilmalar ham inson e’tiborini, tajribasi va sezgisi o‘rnini bosa olmaydi. Postadagi kuzatuvchi shunchaki o‘lchovlar zanjirining bo‘g‘ini emas, balki daryoni biladigan, uning kayfiyatini his eta oladigan va qurilma belgi berishdan avval o‘zgarishlarni payqay oladigan kishidir. Aynan mana shu vazifani Samijon 25 yildan beri bajarib kelmoqda. 

Avlodlar o‘rtasida: otadan o‘g‘ilga 

Samijon bog‘u dalalar bilan o‘ralgan, har bir insonning hayoti tog‘ daryosi injiqligiga bog‘liq bo‘lgan So‘x tumanida tug‘ilib o‘sgan va bunday daryoga qo‘shni bo‘lib yashash bilimi avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Uning otasi Sarikanda gidropostida o‘ttiz yildan ortiq ishlagan va daryoning eng kichik o‘zgarishlarigacha bilar edi. Samijon yoshligidanoq otasining har qanday ob-havoda daryoga chiqishini, o‘lchov olib borishini, qaydlarni yuritishini, boshqalarga ahamiyatsizdek tuyulishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarning nozik belgilarini payqashini ko‘rar edi. Bu ish ularning kundalik yumushlari qismiga aylangan edi – bir maromda, diqqat-e’tibor bilan bajariladigan, takrorlanadigan, daryo oqimining o‘zi kabi. 

A man in a gray cap writes intently at a wooden table with documents scattered around.

Samijon Sherov kuzatish natijalarini an’anaviy usulda qayta ishlaydi

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Nadejda Gavrilenko
“U hech qachon shoshmagan”, deb eslaydi Samijon. "U vaqtga nisbatan o‘ziga xos tuyg‘uga ega edi. U qachon faqat kuzatish bilan cheklanish mumkinligi, qachon esa xavf to‘g‘risida xabar berish lozimligini bilardi." 

1998 yilda Shohimardondagi fojiali voqealardan so‘ng, darhol Samijon otasining faoliyatini rasman davom ettirishga qaror qildi. O‘shandan beri, 25 yildan ortiq vaqt davomida u postni tark etmadi. Bu vaqt ichida uskunalar o‘zgardi, avtomatik sensorlar va sun’iy yo‘ldosh aloqalari paydo bo‘ldi, lekin asosiy vosita – diqqat-e’tiborli, malakali, almashtirib bo‘lmaydigan inson nigohi o‘zgarishsiz qoldi. 

Hayotning bir bo‘lagiga aylangan ish 

Gidropostda kuzatuvchi sifatida rasman otasining o‘rnini egallaganida, Samijon endigina 19 yoshda edi. Bu vaqtga kelib u o‘lchovlarni qanday olishni, axborotlar ustida ishlashni va ogohlantirish belgilarini payqay olishni bilardi. U nafaqat oilaviy ishni davom ettirishga kirishdi, balki mahalliy hamjamiyatlarning xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. 

Samijonning ish kuni tong otiboq boshlanadi. Har kuni, dam olish va bayram kunlarisiz, kuniga bir necha bor ma’lum soatlarda, suv sathini qayd etish va o‘z ko‘zi bilan kuzatishlar o‘tkazish uchun postga keladi. Eng katta yuklama suv toshqini mavsumida – bahorning so‘nggi kunlaridan yozning o‘rtalariga qadar, yomg‘ir yog‘ishi va muzliklarning erishi tufayli daryo sathi o‘ta jiddiy darajaga yetishi mumkin bo‘lgan davrda paydo bo‘ladi. Bahorda oqim tezligi va suv sarfini o‘lchash oyiga o‘rtacha besh martagacha, may va yoz oylarida esa deyarli har kuni amalga oshiriladi. Samijon kuzatuvlar natijalarini Gidrometeorologiya xizmati Farg‘ona boshqarmasiga uzatadi. U yerdan ma’lumotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining tuman bo‘linmalariga, suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi xizmatlariga, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlariga yuboriladi. U postda bo‘lmaganida, suv sathining o‘lchovlari undagi tebranishlarni doimiy tarzda qayd etuvchi, avtomatik qurilma tomonidan amalga oshiriladi. 

Iyundan iyulgacha bo‘lgan davr ayniqsa keskinlashadi – haroratning ko‘tarilishi asnosida daryo sarchashmalarida muzlik ko‘llarining yorib chiqishi xavfi tufayli sel va toshqinlarning eng katta xavf tug‘diradigan vaqti. Bu vaqtda Samijon deyarli butun kunni o‘z postida o‘tkazadi, zarracha o‘zgarishlarni kuzatadi. 

Four individuals seated around a patterned table in a warmly colored room.

Samijon Sherov oilasi davrasida

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Nadejda Gavrilenko
“2022-yilda suv sarfi soniyasiga 400 kub metrga yetdi. Bu esa, hududlarni suv bosishi bilan bog‘liq haqiqiy xavfni tug‘dirdi, – deydi Samijon. - Shunday paytlarda hatto bir soatga ham ketish mumkin emas. Hamma narsa juda tez o‘zgarishi mumkin. Har qanday kechikish juda qimmatga tushishi mumkin."  

Ushbu voqea tabiiy ofatlarning oldini olish uchun o‘z vaqtida ma’lumotlarga ega bo‘lish muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi. 

Kuzatishlar orasida shaxsiy hayot ham bor 

Samijon postdagi ishidan tashqari oddiy, ammo sermashaqqat kundalik hayot kechiradi. Uning rafiqasi va uch qiz farzandi bor. Rafiqasi uy xo‘jaligi va oila yumushlariga mas’ul, u esa vaqtini kuzatishlar, ma’lumotlarni qayta ishlash va o‘z dalasidagi ishlarga ajratadi. 

Uyidan uncha olis bo‘lmagan joyda Samijon bir gektar yerni ijaraga olib, u yerda bug‘doy, kartoshka yetishtiradi, mevali daraxtlar, sabzavot ko‘chatlarini parvarishlaydi. Barcha narsa yaqin joyda joylashganki, suv sathi keskin o‘zgargan taqdirda, u bir necha daqiqa ichida o‘z postiga yetib bora oladi. 

"Dalam menga yaqin – postdan ko‘rib turaman. Shunisi tinchroq. Biror narsa bo‘lsa, darhol borib tekshiraman", - deydi Samijon. 

A person crouches in a field, examining the soil against a backdrop of mountains and greenery.

Samijon Sherov o‘z dalasida

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Nadejda Gavrilenko

Qo‘shnilar bilan yaqin aloqada – ukasi yaqin joyda yashaydi, ko‘pincha bir-biriga xo‘jalik ishlarida yordam beradi. Uy, dala, daryo, ish – bu yerda barcha narsa o‘zaro bog‘liq, joy va vaqtning umumiy ritmiga singib ketgan. Bu yerda shaxsiy va jamoatchilik ishlarini bir-biridan ajratish qiyin – boshqalarga g‘amxo‘rlik qilish an’analar va kundalik hayot tarziga kirib ketgan. 

An’analar va innovatsiyalar uyg‘unligi 

2023 yilda Yevropa Ittifoqi ko‘magida BMT Taraqqiyot dasturining “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorlik” (CCR CA) loyihasi doirasida Sarikanda gidropostiga zamonaviy avtomatik uskuna – Geolux suv o‘lchash radari o‘rnatildi. Unda real vaqt rejimida suv sathi va oqim tezligi qayd etiladi, bu esa So‘x daryosining quyi oqimi aholisiga suv toshqinlari va sel oqimlari xavfi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar topish imkonini beradi. Bu ularga tayyorgarlik ko‘rish, o‘z mulki va hayotini himoya qilish uchun eng zaruriy profilaktika choralarini ko‘rish imkonini beradi.

Samijonning o‘zi ta’kidlashicha, bu radarlar uning ishini ancha osonlashtiradi, lekin uning o‘rnini to‘liq bosmaydi, chunki tabiatdagi o‘zgarishlarni oldindan aytib bo‘lmaydi. Tog‘li sharoitda daryodagi o‘zgarishlar radar tomonidan qayd etilishidan avval boshlanishi mumkin. Shu sababli, asbob-uskunalar mavjud bo‘lganda ham, kuzatuvchining o‘rni juda muhim bo‘lib qolmoqda: u beqarorlikning dastlabki ko‘z ilg‘aydigan belgilarini sezishi, vaziyatni har tomonlama baholashi va xavf to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar berishi mumkin.

Erta ogohlantirish tizimidagi inson 

Samijon Sherovning hikoyasi nafaqat otasining ishining davomchisi bo‘lishi va shaxsiy mas’uliyat haqidagi hikoya, balki mahalliy bilim, texnik tajriba va tafsilotlarga e’tiborli bo‘lish butun boshli hudud miqyosida barqarorlik uchun asos bo‘lishi mumkinligining namunasidir. Uning ishi xavfli gidrometeorologik hodisalarni kuzatish va ogohlantirishning kengroq tizimidagi bo‘g‘indir. 

Avtomatik radarlar, raqamli platformalar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va axborot uzatishning zamonaviy usullari bunday tizimlarning salohiyatini sezilarli darajada oshiradi. Lekin har bir daryo, har bir qiyalik o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan tog‘li va transchegaraviy hududlarda insonning o‘rni asosiy bo‘lib qolmoqda. Gidropostdagi kuzatuvchi – arzimagan o‘zgarishlarni birinchi bo‘lib payqaydigan va qachon xavfga aylanishini tushunadigan hamda bu to‘g‘risidagi xabarni o‘z vaqtida yetkaza oladigan kishidir. 

Monitoring va erta ogohlantirish tizimlarining rivojlanishi nafaqat uskunalarga, balki odamlarga ham kiritiladigan sarmoyadir. Aynan mahalliy mutaxassislar va hamjamiyatlar tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlovchi tayanchdir. Samijonga o‘xshaganlar esa har kuni o‘z postlariga borar ekan, tizim ohista, ishonchli va aniq ishlaydi.