Ayollarni qo‘llab-quvvatlashdan tortib, ekologik biznesgacha - Marina Djabbarovaning muvaffaqiyat yo‘li

11-December, 2025
Foto: Tadbirkor.uz

Namangan shahridagi mo’jazgina kafe avval faqat xo’randalarga xizmat qilardi. Bugun esa u yerda yanada katta maqsad bor: sifatli, tabiiy yarim tayyor va qandolat mahsulotlarini yaratish hamda o‘z hamjamiyatida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish. Bu butun shahardagi ayollar hayotini o‘zgartirgan katta yo‘lning boshlanishi bo‘ldi.

“Agar butun yo‘limni bir so‘z bilan tasvirlasam - bu tavakkal”.

Namanganlik Marina Jabbarova o‘z ishini sevgan tadbirkor, ayollar bandligi bo‘yicha faol tashabbuskor va ekologik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan yetakchi ayollardan biri. Uning muvaffaqiyati bir kunda kelgani yo‘q. 2023-yilda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Ayollar biznes-akseleratsiya dasturi Marina Djabbarova hayotida burilish yasadi.  

Dastur Farg‘ona vodiysidagi Namangan, Andijon va Farg‘ona shaharlarini qamrab olib, uch oy davom etdi. U avval shunchaki o‘z imkoniyatini sinab ko’rish uchun qatnashdi, onlayn modullar, Zoom uchrashuvlari va treninglarda yaxshi o’zlashtirib, bozor tahlili, moliyaviy savodxonlik va biznes modellarini o‘rganib chiqdi. Dastur yakunida o‘tkazilgan “Taqdimotlar kuni”da ishtirokchilar biznes mahsulotlarini namoyish qilar ekan, issiq may oyiga qaramasdan, Marina o’z retsepti asosida yaratgan yarim tayyor muzlatilgan mahsulotlarini ishonch bilan taqdim etdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Natijada, u o’zining barqaror biznesini rivojlantirish yo‘lini topdi.

Group of people posing with large banners in a grand, ornate hall.

2023-yil 14-mart kuni Farg‘onada bo’lib o’tgan Ayollar biznes tashabbuslari akseleratori dasturning Demo Kuni va taqdirlash marosimi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Ijtimoiy mas’uliyatli yondashuv

Olingan bilim va tajriba asosida Marina alohida ishlab chiqarish sexini ochdi va 2 smenada ayollar bandligini ta’minlab, ularga ish sharoitini yaxshilash va moliyaviy daromad olish imkoniyatini yaratdi. Ulardan ko‘pchiligi boquvchisini yo’qotgan, nogironligi mavjud yoki oliy ma’lumotli mutaxassislardir.

Marinaning ta'kidlashicha: “Ularning maqsadi aniq, oilasi uchun harakat qilishadi, men esa ularni ish bilan ta’minlayman. Bu ishlash va rivojlanish imkoniyati, shu tariqa ular ham jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘sha oladi.”

Marina nafaqat o‘z biznesini rivojlantiradi, balki boshqa ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi, maslahat beradi va o‘z tajribasini ulashadi. U BMT Taraqqiyot dasturi, Hamroh kompaniyasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash (WESP) dasturida ham qatnashdi va bu faqat bilim emas, balki foydali tanishlar va qo‘llab-quvvatlash tizimi bo‘lib xizmat qildi. “Bu dasturlarning eng katta yutug’i shundaki, butun Farg‘ona vodiysida kuchli ayollar hamjamiyati tashkil topdi, biz haligacha bir-birimizning biznesimizni qo’llab-quvvatlaymiz va hamkorlik qilamiz. Ayol ayolga yordam berishi kerak” - deydi u.

Ekologik mas’uliyat — biznesning asosi

Hozirda sexda 25 xil yarim tayyor mahsulotlar va 20 xil qandolat mahsulotlari to’laqonli tabiiy va bezarar usulda ishlab chiqariladi va kuniga 50-60 kilogramgacha mahsulot xaridga topshiriladi.

Lekin Marinaning yarim tayyor mahsulotlar faoliyati oddiy ishlab chiqarishdan farq qiladi. U ekologiyaga zarar yetkazmaslikni ustuvor yo‘nalish deb biladi. Korxonada faqat ekologik qadoqlash (kraft paketlar, biologik parchalanadigan kraxmalli idishlar), plastiksiz ishlab chiqarish, energiya tejamkor texnologiyalar, chiqindini to‘g‘ri saralash, mahsulot sifatini ushlab turuvchi shok muzlatish texnologiyasi qo‘llanadi.

Bundan tashqari, korxonada LED yoritish chiroqlari o‘rnatilgan bo‘lib, ular elektr energiyasini sezilarli darajada tejashga xizmat qiladi. Ishlab chiqarish jarayonlarida suvdan oqilona foydalanish qat’iy nazoratga olingan. Energiya va suvni tejovchi texnologiyalar nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi, balki atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni ham minimallashtiradi.

“Biz ekologiyaga zarar bermasdan ham rivojlanish mumkinligini isbotlamoqchimiz, plastikdan voz kechganmiz va odamlarga ekologik toza va tabiiy mahsulotlar ulashamiz” - deydi Marina.

Kelajak sari qarash

Marina ushbu biznesni yanada kengaytirish va raqamlashtirishga intilmoqda. Bunda u mahsulotlar assortimenti va foydali taomlarni ko‘paytirish, bo’sh o’rinlar yaratish, yangi kafe yoki do‘konlar ochish, kerakli jihozlar bilan ta’minlash rejasini qo‘ygan. U ayniqsa jamiyatda ko’proq ayollar tadbirkorligini qo’llab-quvvatlash va ishga jalb etishni o‘z missiyasi deb biladi. 

U olgan bilim, tarmoq va ko‘nikmalar Marinaning biznesini barqaror va ijtimoiy yo‘naltirilgan modelga aylantirdi.

Marina tashabbuskor ayollarga shunday maslahat beradi: “Ikkilanmasdan boshlang. Biznes jasorat, ochiqlik va aniq maqsad talab qiladi. Bilimga va sifatga investitsiya qiling, muvaffaqiyat ortidan keladi.”

Kichik oshxonadan boshlangan yo‘l, butun jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar yaratmoqda. Marinaning hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, kichik tashabbus to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash bilan yirik o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.