Yevropa Ittifoqi and BMT Taraqqiyot Dasturi davlat xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash uchun axborot faoliyatini kuchaytirmoqda

3-October, 2025
Photograph of a training session with a presenter and five seated participants near UN banners.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Toshkent, 2025-yil 4-oktabr – 2–4 oktabr kunlari “Davlat xizmatlarini ilg‘or axborot bilan yaqinlashtiramiz” mavzusida O‘zbekistonning barcha hududlaridan tashrif buyurgan mijozlarga xizmat ko‘rsatish va ichki boshqaruv bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan PR mutaxassislari uchun uch kunlik o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan hamda BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 25 dan ortiq PR mutaxassislari qatnashib, kommunikatsiya, raqamli kontent yaratish va fuqarolar bilan samarali muloqot olib borish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdi. Trening davomida ular zamonaviy media trendlari va texnologiyalari bilan tanishib, aholining davlat xizmatlaridan yanada kengroq foydalanishini rag‘batlantirish uchun amaliy vositalarni o‘zlashtirdilar.

Mashg‘ulotlarni Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi trenerlari Lola Islamova va Dilfuza Mirzaxmedova olib bordilar. Ular amaliy mashqlar va interfaol topshiriqlar orqali ishtirokchilar bilimlarini mustahkamlashdi. Uch kun davomida qatnashchilar samarali kommunikatsiya usullarini o‘rgandilar, qisqa va ta’sirchan matnlar yozish, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, sun’iy intellekt vositalaridan foydalanib, infografika va qisqa videoroliklar yaratdilar, foto va video ishlab chiqish va tahrirlashni mashq qildilar.

Tadbirning so‘nggi kuni matbuot bilan ishlashga bag‘ishlandi: press-reliz tayyorlash, matbuot anjumanlari tashkil etish va intervyu berish. Ishtirokchilar, shuningdek, PR faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari (KPI) bilan tanishdilar va guruhlarda maxsus PR loyihalarini ishlab chiqdilar.

“Ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning zamonaviy vositalari PR mutaxassislariga aholiga ochiq, shaffof va fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini taqdim etishda yordam beradi,” — dedi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Matbuot xizmati rahbari Hayotjon Klichev. 

Seminar ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va tajriba almashinuvi bilan yakunlandi hamda ularga sertifikatlar topshirildi.

Ma’lumot uchun:

“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:

  1. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.

  2. Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.

  3. Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.

  4. Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o’zgartirish.

Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

 

Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
 

Jaloliddin Badalov

Communication Analyst UNDP in Uzbekistan Email: jaloliddin.badalov@undp.org 

Malika Musaeva

Press and Information Officer / Delegation of the European Union in the Republic of Uzbekistan / Email:delegation-uzbekistan@eeas.europa.eu