Turizm – tabiatni muhofaza qilish yo‘lida muqobil daromad usuli

21-October, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Qo‘riqlanadigan tabiat hududlari bugungi va kelajak avlodlar uchun jonli tabiatning tabiiy hududlarini asrab qolish uchun mo’ljallangan. Shu sababli ayrim QTHlarda, masalan qo‘riqxonalarda, har qanday xo‘jalik faoliyati taqiqlangan bo‘lsa, boshqalarida, masalan milliy tabiat bog‘i va biosfera rezervatlarida, muayyan cheklovlar mavjud. Shu tariqa, QTH chegarasida (yoki, milliy tabiat bog‘lar kabi hududlar ichida) yashovchi mahalliy aholi ayrim faoliyat turlari – chorvachilik yoki dehqonchilik bilan to‘laqonli shug‘ullana olmaydi.

Atrof-muhit muhofazasini yaxshilash, O‘zbekiston tabiat resurslaridan barqaror foyadalanish va baland tog‘ ekotizimlari bioxilma-xilligini ta’minlash, mahalliy aholi va qo‘riqlanadigan tabiat hududlari o‘rtasida mojarolar xatarini kamaytirish, hamda ilvirs landshaftlarida yashovchi mahalliy aholining turmush darajasini yuqorilash maqsadida muqobil daromad manbalarini olishda bilim va ko'nikmalarini oshirish bo‘yicha qator treninglar o’tkazildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Mahalliy aholining turli faoliyat yo‘nalishlariga qiziqishining dastlabki tahlili biznes va bog‘dorchilikni rivojlantirish hamda turistik xizmatlar ko‘rsatish ekanligini ko‘rsatdi.

Mazkur yo‘nalishlarda ko‘nikma va mahoratlarni rivojlantirish maqsadida Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 12 ta trening o‘tkazildi, ularda 44 ta qishloqdan 224 kishi, jumladan 64 nafar ayol qatnashdi.

Mahalliy aholini o’qitishda asosiy yo‘nalishlaridan biri biznes-rejalashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘ldi. Treninglar ishtirokchilari biznes-rejalarni tayyorlash, tadbirkorlik faoliyati uchun o‘zlarida mavjud resurslarni tahlil qilish, o‘z biznesini rivojlantirish uchun maqsadlar qo‘yish, kreativlik, xizmat va mahsulotlar tannarxini hisoblash, marketing va sh.k. haqida tasavvurga ega bo‘ldilar.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Treningning muhim tarkibiy qismi bog‘dorchilikni rivojlantirish borasidagi seminarlar bo‘ldi. Bu hududlarda qadimdan mevali daraxtlarni yetishtirish bilan shug‘ullanishlari va mahalliy aholi umumiy tasavvur va muayyan ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga qaramay, ushbu treningda bog‘dorchilikning zamonaviy uslublari, jumladan, organik dehqonchilik, mevali daraxtlarni yetishtirishning yangi texnologiyalari, shuningdek yetishtirilayotgan mahsulotni ishlatish va/yoki qayta ishlash sohasidagi zamonaviy xalqaro standartlar va uning marketingi o‘rganildi.

Turistik biznesni rivojlantirish va turistik xizmatlar ko‘rsatishga oid treninglar mahalliy aholi (mahalliy hamjamiyatlar vakillari)da katta qiziqish uyg‘otdi. Treninglar davomida ishtirokchilar turizm turlari, turistik mahsulot yaratish, turfa xizmat turlari (oziq-ovqat, transport, gid xizmati va sh.k.)bilan tanishdilar.

Treninglarning barcha ishtirokchilari bosma va elektron ko‘rinishda tarqatma materiallarga ega bo’ldilar hamda mahalliy aholi o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berishlari va mutaxassislardan bepul onlayn maslahat olishlari uchun Telegram guruhlar tashkil qilindi.

Mazkur treninglar mavzuga oid sohalarda tinglovchilarning bilim va ko'nikmalarini oshirishda va atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda daromad qilish muqobil manbalarini rivojlantirishda omil bo’ldi.