Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimining institutsional salohiyatini oshirish
27-April, 2026
Foto: UNDP O'zbekiston
Toshkent, 2026-yil 24-aprel – BMT Taraqqiyot Dasturi ko‘magida 2026-yil 22–24-aprel kunlari Toshkent davlat agrar universitetida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv-treninglar turkumi o‘tkazildi. Treninglar Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi xodimlari hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan jalb etilgan mustaqil ekspertlarning texnik salohiyatini mustahkamlashga qaratildi.
Trening BMTTD, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Europa Re va Swiss Re kompaniyalaridan iborat Sug‘urta rivojlanish forumi konsorsiumi o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlik doirasida BMTTD ko‘magida tashkil etildi. Konsorsium Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “InsuResilience Solutions Fund (ISF)”ning C8.02-sonli “O‘zbekistonda bog‘dorchilik fermerlari uchun qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sxemasi” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha barqaror qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi yechimlarini rivojlantirish, tegishli institutlarning salohiyatini mustahkamlash hamda mamlakat bo‘ylab fermer xo‘jaliklarining iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligi va barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur trening milliy qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini yanada mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning muhim davomi bo‘ldi. Treningning asosiy maqsadi ishtirokchilarning qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining anderrayting, sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish hamda zararlarni baholash kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat edi. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bozorining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda milliy sharoitga moslashtirilgan xalqaro ilg‘or tajribalar va amaliy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.
Trening mashg‘ulotlari Swiss Re va Europa Re kompaniyalarining xalqaro maslahatchilari tomonidan o‘tkazildi. Xalqaro tajriba va amaliy misollarga asoslangan taqdimotlar davomida mutaxassislar qishloq xo‘jaligi risklarini baholash, anderrayting hamda zararlarni baholash bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar. Bu esa ishtirokchilarning qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi samarali amaliyotlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Treninglarda, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimining shaffofligi, aniqligi va ishonchliligini ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblangan zararlarni baholash metodologiyalariga alohida e’tibor qaratildi.
Trening yakunida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi texnik bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi yechimlarini rivojlantirish va amaliyotga joriy etish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan qimmatli bilim va tajribaga ega bo‘ldilar.