NNT vakillari mediatsiya ko‘nikmalarini mustahkamlab, bepul yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari mediatsiya va nizolarni muqobil hal etish bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini mustahkamladilar. Trening odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda nizolarni hal etishning yanada qulay va samarali mexanizmlarini rivojlantirishga qaratildi.

8-June, 2026
Photo: Line of people clapping at an indoor event; front man in light shirt and glasses.
Photo: UNDP Uzbekistan/Rimma Mukhtarova

Toshkent viloyati, 2026-yil 3–4-iyun — Aholiga birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari mediatsiya va nizolarni muqobil hal etish (ADR) bo‘yicha ikki kunlik treningda ishtirok etdilar. Tadbir NNTlarning nizolarni hal qilishning zamonaviy vositalarini qo‘llash borasidagi salohiyatini mustahkamlash hamda aholining sifatli yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ushbu mavzuning dolzarbligi shundaki, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramay, nizolarni hal qilishning rasmiy tizimiga murojaat qilish hamon ko‘plab fuqarolar uchun uzoq, qimmat va murakkab jarayon bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, olis hududlar aholisi, yoshlar va boshqa ijtimoiy zaif guruhlar vakillari bunday to‘siqlarga ko‘proq duch keladilar. Chunki moliyaviy, protsessual va axborot cheklovlari ularning o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishini sezilarli darajada qiyinlashtirishi mumkin.

Shu munosabat bilan tomonlarga sudga murojaat qilmasdan o‘zaro maqbul yechimlarni topish imkonini beruvchi nizolarni hal qilishning muqobil usullari (ADR) tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. ADRning eng keng tarqalgan mexanizmlaridan biri mediatsiya bo‘lib, u tomonlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro maqbul kelishuvga erishishga ko‘maklashadigan betaraf vositachi (mediator) ko‘magida nizoni ixtiyoriy va maxfiy hal etish jarayonidir. Bunday mexanizmlar, ayniqsa, oilaviy, mehnat, qo‘shnichilik va mahalla hamda hamjamiyat darajasidagi boshqa nizolarni hal etishda samarali bo‘lib, buzilgan huquqlarni tezroq va qulayroq tiklashga yordam beradi.

O‘zbekistonda mediatsiya va nizolarni hal qilishning boshqa muqobil mexanizmlarini rivojlantirish uchun zarur huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan va tegishli institutsional bazani takomillashtirish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rilgan. Shunga qaramay, ushbu mexanizmlarning mahalliy darajadagi imkoniyatlaridan hali to‘liq foydalanilmayapti. Aynan shuning uchun fuqarolik jamiyati tashkilotlari va bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi provayderlarning mediatsiya sohasidagi salohiyatini mustahkamlash alohida dolzarblik kasb etib, aholining nizolarni hal etishning samarali va ehtiyojlarga yo‘naltirilgan usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shu bois trening NNT vakillarining mediatsiya va nizolarni boshqarish sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan. Ishtirokchilar nizolarni hal etishning muqobil mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha xalqaro va milliy tajriba bilan tanishdilar, mediatsiya tamoyillari va bosqichlarini, mediatorning rolini, shuningdek, bepul yuridik yordam ko‘rsatish amaliyotida ADRdan foydalanishning o‘ziga xos jihatlarini o‘rgandilar.

Faol tinglash, samarali muloqot, nizolarni tahlil qilish, muzokaralar olib borish va tomonlar o‘rtasidagi muloqotni yuritish kabi amaliy kompetensiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Dastur interaktiv sessiyalar, guruh mashqlari, mediatsiya jarayonlarini modellashtirish va yuridik yordam amaliyotidagi real keyslarni muhokama qilishni o‘z ichiga oldi.

Mediatsiya vositalarining qo‘llanilishi, ayniqsa, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga, shuningdek, nizolarni hal etishning yanada qulay va samarali mexanizmlarini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Trening BMTTDning Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) devoni va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.