O‘zbekistonda dasturiy byudjetlashtirishni rivojlantirish yo‘lida trenerlar salohiyati oshirilmoqda

27-October, 2025
Attendees at a business conference sit around tables; presentation screen on front wall.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Toshkent, 2025-yil 24-oktabr — 2025-yil 22–24-oktabr kunlari BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi “O‘zbekiston taraqqiyoti uchun davlat moliyasi” qo‘shma loyihasi doirasida dasturiy byudjetlashtirish bo‘yicha uch kunlik trenerlar uchun trening (ToT) o‘tkazdi.

Treningda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Fiskal tadqiqotlar instituti hamda vazirlik huzuridagi O‘quv markazi o‘qituvchilari, shuningdek, 2025-yilda dasturiy byudjetlashtirishni sinov tariqasida joriy etishni boshlagan tarmoq vazirliklari mutaxassislari, jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va boshqalar ishtirok etdilar.

Treningning asosiy maqsadi milliy qonunchilik va xalqaro ilg‘or tajribalarga muvofiq byudjet dasturlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega trenerlarni tayyorlashdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar xalqaro konsultant Tatyana Vinogradova tomonidan olib borilgan ma’ruza va taqdimotlar, shuningdek, UNDP milliy ekspertlari tomonidan tashkil etilgan jamoaviy mashg‘ulotlarni, jumladan, guruh muhokamalarini o'z ichiga oldi.

Trening yakunida ishtirokchilar natijalarga yo‘naltirilgan boshqaruv tamoyillarini chuqur o‘zlashtirdilar, byudjet dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tajriba orttirdilar, natijaviy ko‘rsatkichlar va yakuniy maqsadlarni belgilash bo‘yicha bilimlarini mustahkamlab, dastur xarajatlarini hisoblash va monitoring o‘tkazish uslublarini o‘rgandilar. Shuningdek, ular sinov tariqasida ishlab chiqilgan byudjet dasturi pasportlarini tahlil qilish va muhokama etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Byudjet xarajatlari samaradorligini baholash va byudjetni rejalashtirishning dasturiy-maqsadli uslublarini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Sherxon Sayfutdinov trening foydali bo‘lganini ta’kidladi: “Trening ishtirokchilarga byudjet dasturlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va baholash bo‘yicha yondashuv hamda usullarni aniq tushunib olish imkonini berdi. Shuningdek, ularning kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shib, dasturiy byudjetlashtirish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi,” dedi Sherxon Sayfutdinov.

Trening mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilar o‘quv modullarini tayyorlash bo‘yicha amaliy tajriba orttirdilar hamda dasturiy byudjetlashtirish yo‘nalishida boshqa mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha salohiyatini mustahkamlashdi.

“Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida biz davlat sektorida faoliyat yuritayotgan moliya mutaxassislarining malakasini oshiramiz. O‘zbekiston dasturiy byudjetlashtirish tizimini joriy etayotgan hozirgi sharoitda ushbu trenerlar uchun trening bizga amaliy yondashuvlarni o‘rganish, muhim jihatlarni tahlil qilish imkonini berdi va kelgusidagi o‘quv mashg‘ulotlarimizni yanada samarali tashkil etish uchun foydali tajriba bo‘ldi,” dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘quv markazining Davlat moliyasi kafedrasi mudiri Shoira Mirzaxidova.

Trening muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga qatnashganlik to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi. Endi ular o‘z muassasalarida olgan bilimlarini boshqa mutaxassislarga ulashib, dasturiy byudjetlashtirish bo‘yicha zarur bilim va amaliy vositalar bilan ta’minlaydilar.

“O‘zbekiston taraqqiyoti uchun davlat moliyasi” loyihasi BMT Taraqqiyot Dasturi va Iqtisodiyot va moliya vazirligining qo‘shma tashabbusi bo‘lib, Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha mamlakatning rejalashtirish va byudjetlashtirish tizimini transformatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlaydi, xususan, bu tizimni barqaror taraqqiyot maqsadlariga uyg‘unlashtirish, “yashil” ustuvor yo‘nalishlarni integratsiya qilish va dasturiy byudjetlashtirishni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun:

- Zilola G‘aybullayeva, “O‘zbekiston taraqqiyoti uchun davlat moliyasi” loyihasi kommunikatsiyalar bo‘yicha tahlilchisi — zilola.gaybullaeva@undp.org