O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yilini yangi yashil tashabbuslar bilan boshlaymiz

18-January, 2025
a group of people posing for a photo

© O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

2025-yilning 17-yanvar kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda Global Ekologik Fond moliyalashtirilishida amalga oshirilayotgan ikkita xalqaro loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ikki loyihaning birgalikdagi byudjeti 2030-yilgacha taxminan 6,5 million dollarni tashkil qiladi. 

Ana shunday loyihalardan biri “Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasini va 7-Milliy hisobotini yangilashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dastur” bo‘lib, jahonning 69 davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham amalga oshirilayotgan global loyihaning bir qismidir. U biologik xilma-xillik milliy strategiyalari va harakat rejalarini hamda 7-Milliy hisobotni tayyorlashda mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda Global bioxilma-xillik asoslari va uning asosida ishlab chiqilgan yangi milliy maqsadlarga muvofiq yangilangan Milliy strategiya va Harakatlar rejasini tayyorlash kutilmoqda. 

a group of people standing in a room

© O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Shunday qilib, ushbu loyiha bioxilma-xillikni muhofaza qilish, saqlash va tiklash sohasida uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bu barcha tomonlar: davlat tashkilotlari, biznes hamjamiyatlari va jamoatchilikning faol hamkorligini talab qiladi. 

Ikkinchi yirik loyiha – “O‘zbekistonning yuqori qiymatga ega landshaftlarini muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha kompleks boshqaruv” loyihasi puxta ishlab chiqilgan va inklyuziv siyosat orqali ekotizimlarni tiklash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ekotizimlarni tiklash jarayonlarida innovatsiyalarni qo‘llash, va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha samarali va barqaror moliyalashtirishni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga qaratilgan. Ushbu loyihani amalga oshirishdagi asosiy hamkorlardan biri 2024-yilda Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasi rasman ochilgan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqidir. Loyihaning tajriba hududlari G‘arbiy Tyan-Shan, Nurota tizmasi va Qo‘gitang landshaftlari hisoblanadi. 

a man in a suit standing in front of a sign

© O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Tadbir ochilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov so‘zga chiqib, Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning nutqini o‘qib eshittirdi: 

“Prezident tashabbusi bilan joriy yilning ‘Atrof-muhitni muhofaza qilish va ‘yashil’ iqtisodiyot yili’ deb e’lon qilinishi barqaror rivojlanishni ta’minlash va ekologik toza kelajak sari intilishimizni yana bir bor namoyon etadi. Biz bioxilma-xillikni saqlash va ekotizimlarni tiklashga qaratilgan ikki yangi loyihani chuqur qadrlaymiz. G‘arbiy Tyanshan, Nurota va Qug‘itog‘ tog‘ tizmalaridagi ekotizimlarni mustahkamlash va bioxilma-xillikni saqlash tashabbuslari, shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish bizning uzoq muddatli maqsadlarimizni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqsadlar Global bioxilma-xillikni saqlash dasturi doirasidagi yondashuvlarga mos ravishda amalga oshiriladi. Biz ushbu loyihalarning BMT Taraqqiyot dasturi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi ilg‘or tajribalari va bilimlariga asoslangan holda amalga oshirilishi O‘zbekistonning bioxilma-xilligini saqlashda amaliy natijalar berishiga ishonamiz.”
a person standing in front of a sign

© O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii so‘zga chiqib, ushbu tashabbuslarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi: 

“O‘zbekiston o‘zining boy bioxilma-xilligi va noyob ekotizimlarini muhofaza qilish va tiklash bo‘yicha salmoqli chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Biz BMT Taraqqiyot dasturi sifatida mamlakatning global biologik xilma-xillik maqsadlariga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Ishonchimiz komilki, hukumat, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar hamkorligi O‘zbekistonning yosh avlodi uchun yashil kelajak yaratishda mustahkam poydevor qo‘yib, barqaror natijalar beradi”.

Tadbir keng doiradagi manfaatdor tomonlarni, jumladan vazirliklar, idoralar, ilmiy hamjamiyat, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillarini jamlab O‘zbekistonning ekologik maqsadlariga erishish yo‘lida hamkorlik va birgalikdagi sadoqatni mustahkamlashga hissa qo‘shishiga umid qilamiz.