O‘zbekiston Parij Kelishuvining 6‑moddasi va JCM mexanizmini jadal amalga oshirmoqda

27-February, 2026
Photo: UNDP Uzbekistan

TOSHKENT, 2026-yil 27-fevral — Bugun Toshkentda o‘tkazilgan yuqori darajadagi davra suhbati hukumat institutlari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va texnik ekspertlarni Parij kelishuvining 6‑moddasi doirasida xalqaro karbon bozorlariga O‘zbekistonning tayyorgarligini jadallashtirish maqsadida birlashtirdi. Mazkur tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan hamda Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan. Tadbir mamlakatda Qo‘shma Kreditlash Mexanizmi (JCM) bo‘yicha shakllanib borayotgan tizimni mustahkamlash hamda past uglerodli rivojlanish uchun iqlim moliyalashtirishni safarbar etishga qaratildi.

Kirish so‘zlari Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidhadjaev hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman tomonidan taqdim etildi. Ular xalqaro hamkorlik va mustahkam institutsional mexanizmlarning ahamiyatini ta’kidlab, O‘zbekiston karbon bozorlaridagi imkoniyatlardan samarali foydalanishi bilan birga milliy iqlim majburiyatlarini ilgari surishi zarurligini qayd etdilar.

BMT Taraqqiyot Dasturi texnik ekspertlari 6‑moddani amalga oshirish uchun zarur strategik qadamlarni, jumladan, tartibga soluvchi hujjatlar, institutsional rollar va xalqaro yumshatish natijalari shaklidagi uglerod birliklarini  (ITMO) avtorizatsiya qilish tartiblarini taqdim etdi. Xalqaro tashkilotlar vakillari va milliy ekspertlar muhokamalarga hissa qo‘shib, O‘zbekistonning past uglerodli va iqlimga chidamli iqtisodiyotga o‘tishida keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladilar. Shuningdek, ular 6‑modda bo‘yicha Dastlabki Hisobotni ishlab chiqish masalasini muhokama qildilar — bu operatsion tayyorgarlikning muhim bosqichi va xususiy investorlar uchun muhim signal hisoblanadi. GIZning Integratsiya jamoasi tomonidan olib borilgan maxsus sessiya 6‑modda faoliyatlari O‘zbekistonning yangilangan Milliy miqyosda belgilangan majburiyat maqsadlariga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini, ustuvor tarmoqlar, loyiha portfeli va loyiha g‘oyasidan kreditlar chiqarilishigacha bo‘lgan amaliy yo‘llarni ko‘rib chiqdi.

Davra suhbati amalga oshirish tizimi bo‘yicha manfaatdor tomonlarning taklif etilgan fikrlarini jamlashga va iqlim siyosati, energiya samaradorligi hamda karbon bozorlarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

***

“Dekarbonizatsiyaning innovatsion yechimlarini ilgari surish” loyihasi davlat binolarida energiya iste’molini kamaytirishga va O‘zbekistonning kengroq iqlim va dekarbonizatsiya maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Loyiha Yaponiya hukumati tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturining Climate Promise tashabbusi doirasida moliyalashtiriladi. 2021-yildan buyon Yaponiya Climate Promise tashabbusiga 77 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratib, BMT Taraqqiyot Dasturiga 28 ta mamlakat va hududda, jumladan O‘zbekistonda, iqlim bo‘yicha choralarni jadallashtirish va chidamlilikni oshirishga ko‘maklashmoqda.