O‘zbekiston, Yaponiya va UNDP Orolbo‘yi hududida yangi suv resurslari loyihasini amalga oshirishni boshladi
26-May, 2026
Toshkent, O‘zbekiston – O‘zbekiston va Yaponiya hukumati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlar hamda mahalliy manfaatdor tomonlar vakillari Toshkent shahrida yaqinda ishga tushirilgan “Orolbo‘yi hududida suv resurslarini boshqarishni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga barqarorlikni oshirish” loyihasiga bag‘ishlangan dastlabki uchrashuvda jam bo‘ldilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP) tomonidan O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilayotgan va Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan 4,6 million AQSH dollari miqdoridagi ushbu tashabbus iqlim o‘zgarishiga bardoshli suv boshqaruvini mustahkamlash, sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv monitoringining raqamli tizimlarini joriy etish hamda Orolbo‘yi hududida barqaror turmush manbalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Seminarda milliy va hududiy davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, fermerlar uyushmalari, suv xo‘jaligi sohasi muassasalari hamda rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, loyihaning amalga oshirish yondashuvi, kutilayotgan natijalari va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
“Vazirligimiz ushbu loyiha suv resurslari boshqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish, suv infratuzilmasini takomillashtirish, mahalliy aholini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, va ayniqsa suv xo‘jaligini raqamlashtirishga e’tibor qaratilayotganini yuqori baholaydi. Ishonamizki, aynan shu yaqin hamkorlik orqali suv resurslarini boshqarishda yanada samarali natijalarga erishamiz”, — dedi O‘tkir Sheraliyev, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari.
“Yaponiya Orol dengizi inqirozining og‘ir oqibatlarini yumshatishga qaratilgan sa’y-harakatlarga sodiqdir”, dedi o‘zining kirish nutqida Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Kenji Xirata. – “Ushbu loyiha orqali biz suvdan foydalanishni raqamli monitoring qilish bo‘yicha mahalliy salohiyatni oshirish, suvni tejovchi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror suv resurslarini boshqarishni mustahkamlashni maqsad qilganmiz. Ushbu loyiha o‘z maqsadlariga erishib, Markaziy Osiyo bo‘ylab suv resurslarini boshqarish sohasida shunga o‘xshash yondashuvlarga ilhom beradi degan umiddaman”.
Seminarda so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Vladimir Jollibekov Orol dengizi inqirozi oqibatlariga duch kelayotgan aholi uchun strategik rejalarni amaliy harakatlarga aylantirish muhimligini ta’kidladi.
“Biz ushbu loyihaga katta umid bog‘layapmiz, chunki u alohida yechimlarni emas, balki eng qimmatli resursimiz – suvni boshqarish tizimining kompleks transformatsiyasini taklif etadi”, dedi u. “Aholimiz uchun suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi va eskirgan sug‘orish infratuzilmasi mavhum tushunchalar emas, balki turmush darajasi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq oilalarining farovonligiga bevosita ta’sir qilayotgan kundalik haqiqatdir”.
Shuningdek, u loyiha shaffof va ma’lumotlarga asoslangan suv boshqaruvi tizimlarini joriy etishga ko‘maklashishi, shu bilan birga sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, aniq dehqonchilik texnologiyalari, oqova suvlarni qayta ishlatish tizimlari hamda qayta tiklanuvchi energiya asosidagi sho‘rsizlantirish yechimlari kabi amaliy innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Tadbirni ochib berar ekan, UNDPning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim ekologik degradatsiya va iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan birida kompleks va innovatsion yechimlarga bo‘lgan dolzarb ehtiyojni ta’kidladi.
“UNDP O‘zbekistonning suv boshqaruvini mustahkamlash, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda Orolbo‘yi hududida iqlim ta’siri bilan bog‘liq suv muammolariga chidamlilikni kuchaytirishga qaratilgan milliy va hududiy ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi”, dedi u. “Mazkur loyiha barcha yo‘nalishlarda suvni tejashni rag‘batlantiradi – raqamli monitoring tizimlari va zamonaviy sug‘orish yechimlarini joriy etishdan tortib, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, qayta foydalanish amaliyotlarini yaxshilash hamda jamoalar va fermerlarni yanada barqaror va iqlimga chidamli suv boshqaruvi yondashuvlarini qo‘llashga ko‘maklashishgacha”.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi milliy ustuvor yo‘nalishlarga hissa qo‘shadi. Ushbu hujjatlar yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish va suvni tejovchi texnologiyalarni mamlakat bo‘ylab kengaytirishni nazarda tutadi.
Loyiha, shuningdek, iqlimga moslashuv, raqamlashtirish va barqaror jamoaviy rivojlanish orqali Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha kengroq qarashlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Seminar davomida ishtirokchilar 2026-yilga mo‘ljallangan faoliyatlar, hamkorlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish mexanizmlari hamda hududda barqaror va inklyuziv suv boshqaruvini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qildilar.