Orolbo‘yida qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha ishga tushirilmoqda

BMTTD O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda Islom taraqqiyot bankining moliyaviy ko'magida infratuzilmani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va asosiy xizmatlardan foydalanishni yaxshilashga qaratilgan yangi tashabbusni boshlamoqda

8-June, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

2022 yil 8-iyun, Toshkent, Oʻzbekiston. Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi (ITKQV) hamda Islom taraqqiyot banki (ITB)ning Orolboʻyi mintaqasidagi infratuzilmani boshqarish boʻyicha qishloq aholining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi qoʻshma tashabbusiga start berildi. BMTTDning ushbu loyihasi Islom taraqqiyot banki (ITB) va OPEK(OPEC Fund) xalqaro rivojlanish fondi tomonidan moliyalashtiriladigan O'zbekistonning qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish bo'yicha yanada kengroq investitsiya loyihasining bir qismidir. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 5 million AQSh dollari miqdorida mablag' ajratildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

BMTTDning yangi loyihasining umumiy maqsadi maqbul yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloq hududlarini rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda mahalliy hamjamiyatlarni, arxitektorlar, muhandislar, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatlarini kuchaytirishdan iborat.

Xususan, loyiha maqsadli hamjamiyatlarning mahalliy aholi ehtiyojlari va talablarini aniqlash, shuningdek, chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida, shuningdek, iqtisodiy, operatsion va ekologik barqarorlikka qaratilgan barqaror rivojlanish jihatlariga javob beradigan takomillashtirilgan muhandislik loyihalari va bosh rejalarni ishlab chiqish uchun mahalliy arxitekturaviy loyihalash institutlari va hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalari vakillarini o'qitish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, loyiha  raqamlashtirish, innovatsion IT-yechimlarini, shu jumladan raqamli infratuzilma va qurilish, arxitekturaviy loyihalash va davlat xizmatlarini taqdim etish sohalari salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladigan axborot tizimlarini ishlab chiqish orqali, mahalliy boshqaruv mexanizmini kuchaytirish hamda qishloq joylarini rivojlantirish dasturlari va tashabbuslarini rejalashtirish va amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini  mustahkamlash chora-tadbirlarini ko’zda tutadi.

Nima uchun aynan Orolbo’yi mintaqasi?

Orolboʻyi mintaqasi Orol dengizi qurishi va iqlim oʻzgarishi oqibatidagi salbiy taʼsirni o’zida his etgan eng zaif mintaqa boʻlib, bu Orolbo'yi aholisi turmush darajasiga taʼsir etuvchi qator ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni keltirib chiqardi. Iqlim o‘zgarishi Orol dengizi fojeasidan jabr ko‘rgan hududlarda inson taraqqiyotiga qo‘shimcha va tobora ortib borayotgan muammolarni keltirib chiqarmoqda, bu yerda daromadlarning pastligi, yer va suv resurslarining sho‘rlanishining kuchayishi, oziq-ovqat xavfsizligining mavjud emasligi, chang bo‘ronlari ta’siri, ichimlik suvi sifati va mahalliy aholi salomatligining yomonlashuvi ko'pchilikni og'ir hayot sharoitlariga chidashga yoki mintaqani tark etishga majbur qilmoqda.

BMTTDning yangi loyihasi aynan Orolbo'yi hududiga kiruvchi viloyatlarni, jumladan, ekologik inqirozga ko’proq moyil bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarini qamrab oladi.

Umuman olganda, BMTTD tomonidan amalga oshiriladigan yangi loyiha hamjamiyatlarga qurilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun asos bo'ladigan jamoalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali rivojlanish, ehtiyojlar ustuvorligini belgilash imkonini beradi. Shuningdek, qurilish va arxitekturaviy rejalashtirishda yashil va innovatsion texnologiyalarni joriy etish yangi zamonaviy talablarga javob beradigan va ayni paytda energiyadan oqilona foydalanish imkonini beruvchi infratuzilma obyektlarini qurish imkonini beradi. Suv va energiya tejamkor, yangi qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, past GIP (global isish potentsiali)ga ega bo’lgan ozon uchun xavfsiz texnologiyalarni turli sohalarda/turli maqsadlar uchun muvozanatga rioya qilgan holda tatbiq etish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

"Ushbu loyiha Orolbo'yi aholisining turmush faoliyatini yaxshilash va qishloq aholisi uchun resurslar va xizmatlardan munosib foydalanishni ta'minlashga qaratilgan aniq qarorlarni amalga oshirish borasida hukumat, Islom taraqqiyot banki va BMTTD sa'y-harakatlarini birlashtirish uchun ajoyib imkoniyat bo'ladi".
BMTTDning O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska