Biz Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Islom taraqqiyot banki va hamkorlar bilan birgalikda Xorazm viloyatida yangi ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ochdik, bu esa qishloq hududlarining rivojlanishi va aholining farovonligini oshirishga xizmat qiladi
2-December, 2025
Xorazm viloyati, O‘zbekiston - 2025-yil 2-dekabr. Bugun Iqtisodiyot vamoliya vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Islom taraqqiyot banki va Mahalla assotsiatsiyasi vakillaridan iborat yuqori darajadagi delegatsiya “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi hamda Urganch tumanida yangi ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ochdi.
Delegatsiya tarkibi:
• Samandar Sadullayev, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari
• Dolli Allaev, Mahalla assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari
• Xusan Xasanov, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili
• Akiko Fujii, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi
Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikni mustahkamlash
Tashrif Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximov bilan uchrashuvdan boshlandi. Unda hamkorlik, maqsadli tumanlardagi ishlar va 2025-2026-yillar uchun ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikdagi “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyiha doirasida Xorazmning 6 tumani – Gurlan, Yangibozor, Urganch, Xonqa, Bog‘ot va Xazaraspda – jami 49 ta mahallada keng ko‘lamli qishloq rivojlanish ishlari olib borilmoqda.
“Pastdan yuqoriga” tamoyili asosida 49 mahalla aholisi tomonidan 208 ta ustuvor subloyihalar tanlab olingan. 14 ta yo‘nalish bo‘yicha tanlangan loyihalar maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari qurish yoki rekonstruksiya qilish, ichimlik suvi va elektr tizimini yaxshilash, ichki yo‘llar, ko‘priklar, irrigatsiya va drenaj tizimlarini ta’mirlashni o‘z ichiga oladi. Bu ishlarga asos bo‘lgan 40 ta Klaster Mahallani Rivojlanish Rejalari ishlab chiqilgan. Loyihadan deyarli 180 ming qishloq aholisi manfaatdor bo‘ladi.
Inson salohiyatini oshirish yo‘nalishi ham muhim ustuvorlikdir. Mahallaning Tashabbuskor guruhlarining qariyb 500 nafar a’zosi monitoring va nazorat bo‘yicha o‘qitildi. Shuningdek, davlat mutaxassislari va aholi uchun master-planni ishlab chiqish, energiya tejamkor qurilish, agroekologiya, past karbonli sovutish tizimlari, injiniring dasturlari va jamoatchilik monitoringi bo‘yicha treninglar tashkil qilindi.
Uyshin mahallasida 150-o‘rinli davlat bog‘chasining ochilishi
Delegatsiya Uyshin mahallasida qurib bitkazilgan 150-o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu mahalla aholisi uchun eng dolzarb ehtiyojlardan biri edi.
Uyshin mahallasida 7 ta qishloqda yashovchi qariyb 3 000 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla avval davlat bog‘chasiga ega emas edi, bu esa bolalarning maktabgacha ta’limga kirishini cheklab qo‘yar, yosh farzandli ayollar uchun bandlik imkoniyatlarini toraytirardi.
Yangi bog‘cha:
• 3-6 yoshli bolalar uchun zamonaviy sinflar;
• xavfsiz va inklyuziv ta’lim muhiti;
• yangi ish o‘rinlari;
• ishlovchi ota-onalar, ayniqsa ayollar uchun qo‘llab-quvvatlash;
• ijtimoiy infratuzilmaga kengroq kirish imkonini yaratadi.
Bog‘cha erta bolalik rivoji uchun muhim tayanch obyekt bo‘lib, mahalla ijtimoiy hayotini mustahkamlaydi. Mahalla a’zolari ushbu muhim bosqichni mahalliy oilalar uchun "yangi bob" deb ta’rifladilar.
Yuqoriovul mahallasida yangi Mahalla xizmatlari markazining ochilishi
Delegatsiya keyingi manzil sifatida Yuqoriovul mahallasida qurilgan uch qavatli Mahalla xizmatlari markazining ochilish marosimida ishtirok etdi. Markaz Yuqoriovul, Merganovul, Jayhun va Uyshin mahallalariga xizmat ko‘rsatadi.
Markaz eskirgan maishiy xizmat binosining o‘rnini egallab, quyidagi xizmatlarni taklif etadi:
• mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriyati;
• o‘quv va trening xonalari;
• kutubxona va o‘quv xonalari;
• tikuvchilik ustaxonalari;
• sport va fitnes zonalari;
• erkaklar va ayollar sartaroshxonalari;
• novvoyxona va kichik do‘konlar;
• maishiy texnika ta’miri xizmati;
• go‘zallik saloni va kimyoviy tozalash.
Ushbu markaz yangi ish o‘rinlari yaratadi, aholi daromad manbalarini kengaytiradi va yoshlar uchun zamonaviy o‘quv va tadbirkorlik maydonlarini taqdim etadi.
Hududiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha davom etayotgan ishlar
Delegatsiya tashrif chog‘ida yo‘l ta’mirlash va elektr ta’minotini modernizatsiya qilish loyihalarini ham ko‘zdan kechirdi.
O‘tgan oy davomida Yuqoriovul, Merganovul, Uyshin va Jayhun mahallalarini o‘z ichiga olgan klasterda ichki yo‘llarning 20 km dan ortig‘i asfalt qilindi. Bu aholining maktablar, xizmatlar va ish joylariga yetib borish imkoniyatini sezilarli darajada yaxshiladi.
Bu ishlar Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan boshqa infratuzilma loyihalarini qamrab oladi, jumladan:
• ortiqcha yuklangan elektr tarmoqlari va transformator punktlarini rekonstruksiya qilish;
• ichki mahalla yo‘llarini kapital ta’mirlash;
• ijtimoiy xizmatlarni kengaytirish.
Inklyuziv va jamoaga asoslangan rivojlanish yo‘lida hamkorlik
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii O‘zbekiston Hukumati, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyat va tuman hokimliklari, Islom taraqqiyot banki va OPEC jamg‘armasiga mustahkam hamkorlik va ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.
Akiko Fujii xonim tashabbuskor guruhlar va mahalla aholisi loyihaning barqarorligi uchun asosiy kuch ekanini ta’kidladi.
Loyiha haqida
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy xizmatlarni kengaytirish, yashil texnologiyalarni joriy etish va jamoalarning o‘zini o‘zi boshqarish salohiyatini kuchaytirish orqali qishloq hududlarida inklyuziv va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Loyiha haqida batafsil: https://go.undp.org/srdpuz