Qishloq joylarni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarimiz bo‘yicha yil yakunlarini taqdim qildik

11-December, 2025
Photograph of a formal boardroom meeting with attendees around a long table and a projector screen.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Joriy yilning 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda, Islom taraqqiyot banki va OPEK fondi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihamiz hamda Islom taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” qo‘shma loyihamizning kengash yig‘ilishini o‘tkazdik.

Tadbir doirasida ikki yirik tashabbuslarimizning oraliq natijalari va kelgusi rejalarni taqdim etdik. Mazkur loyihalar qishloq aholisi uchun infratuzilma sifatini yaxshilash, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, gender tenglikka asoslangan va iqlimga chidamli yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, mahalla aholisining qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan.

Yig‘ilish davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarini qamrab olgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyihamiz doirasida erishilgan natijalar taqdim etildi. 

Xususan, 40 ta Mahallani rivojlantirish rejalarini qayta ko‘rib chiqilib institutsionallashtirildi hamda 878 ta ustuvor subloyihani moliyalashtirishda inklyuziv ustuvorliklar ta’minlandi. Vobkent tumanini rivojlantirish rejasi va Xazorasp tumanidagi Bo‘ston mahallasi uchun Master reja ishlab chiqilib, mahalliy hokimiyatlarning rejalashtirish salohiyati kuchaytirildi.

Qishloq aholisi uchun salohiyatni oshirish tadbirlari o‘tkazildi, maktabgacha ta’lim muassasalariga 8 ta ekologik toza propan konditsioner o‘rnatildi, 8 ta qishloq maktabi zamonaviy IT va robototexnika uskunalari bilan jihozlandi, 4 ta yoshlar kovorking markazi tashkil etildi va maktablar hamda tibbiyot muassasalariga o‘rnatilgan AKT uskunalari 20 mingdan ortiq o‘quvchi va 118 mingdan ziyod raqamli tibbiy xizmat foydalanuvchilarini qamrab oldi.

Infographic with a regional map, multiple donut charts, and a bar chart of community data.
UNDP Uzbekistan

“Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” tashabbusimiz doirasida esa Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida aholi bilan faol hamkorlik bosqichiga to‘liq o‘tilib, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratildi. 157 ta mahalla uchun 41 ta klaster Mahallani rivojlantirish rejalari ishlab chiqilib, tuman hamda mahalla darajasiga yetkazildi. Ushbu rejalar 779 ta subloyihaning qurilishi va rekonstruksiyasini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, 5 ta maqsadli guruh uchun uch yillik salohiyatni oshirish rejasini belgilovchi trening o‘tkazildi, 3 ta tuman hokimligi va 15 ta mahallada funksional tahlil o‘tkazilib, mahalliy boshqaruv va xizmatlar sifatini kuchaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tayyorlandi. Loyiha doirasida 6 ta qishloq maktabi zamonaviy IT-uskunalari bilan jihozlandi, 3 ta qishloq tibbiyot muassasasi esa ekologik toza propan konditsioner bilan jihozlandi. 

Loyiha doirasida qishloq aholisi uchun zamonaviy tikuv dizayni, marketing, mahsulot ishlab chiqish, SMM va aqlli qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida salohiyatni oshirish tadbirlari o‘tkazildi.

Infographic showing regional community development lending with a map and charts.
UNDP Uzbekistan

Yig‘ilish ishtirokchilari erishilgan natijalarni yuqori baholab, loyihalar qishloq hududlarida infratuzilma muammolarini bartaraf etish, iqtisodiy faollikni oshirish hamda aholi farovonligini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Manfaatdor tomonlar kelgusi davrda gender tengligi, iqlim barqarorligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Tadbir yakunida hamkor tomonlar “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” I-bosqich loyihamizning 2026-yilga uzaytirilishiga, “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” II-bosqich loyihamizni esa davom ettirishga kelishib oldilar. Mazkur qaror hududlarda boshlangan tashabbuslarni yakuniga yetkazish va erishilgan natijalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan Islom taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” va “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” qo‘shma loyihalari doirasida amalga oshirildi.

Loyihalar haqida batafsil: 

https://go.undp.org/srdpuz
https://go.undp.org/irdpuz