BMTTD talabalarning sug‘urta sohasida karyera qurishini rag‘batlantirmoqda
18-November, 2025
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Gross, Kafil va TBC sug'urta kompaniyalari bilan hamkorlikda Toshkentdagi yetakchi iqtisodiyot yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun “Sug‘urta sohasida karyera” mavzusida trening tashkil etdi.
Treningning asosiy maqsadi butun respublika bo‘ylab turli universitetlardan jalb qilingan talabalarga sug‘urta sohasidagi karyera yo‘nalishlarini tushunishga ko‘maklashish, nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar va soha ekspertlari bilan bevosita muloqot orqali mustahkamlashdan iborat edi. Sug‘urta kompaniyalari mutaxassislari o‘z amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, talabalarga sug‘urta sohasida martaba o‘sishi uchun mavjud imkoniyatlarni namoyish etdi.
Ikki kun davomida talabalarda sug‘urta kompaniyalarining yuqori boshqaruvchilari bilan muloqot qilish, taqdimotlar o‘tkazish, sohada karyera qurish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish hamda sug‘urta sohasida karyera rivojlantirishning salohiyati va imkoniyatlarini o‘rganish imkoniyati bo‘ldi. Muhimi, trening oldi va treningdan keyingi test natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning sug‘urta bo‘yicha bilimi 25 foizga oshgani aniqlandi.
O‘zbekistonda sug‘urta sektorining ahamiyati ortib borayotgan bir paytda, mazkur trening yoshlar o‘rtasida karyera imkoniyatlari haqida xabardorlikni oshirish, zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish va soha uchun yangi avlod mutaxassislarini jalb qilishga xizmat qilishi bilan e’tiborlidir.
Trening 2025-yil 6–7 noyabr kunlari Toshkent viloyatida o‘tkazildi va unda 10 ta yetakchi iqtisodiy universitetidan 20 nafar talaba ishtirok etdi.
Trening yakunida ishtirokchilar mashg‘ulotlarning dolzarbligi, xalqaro tajribadan olingan amaliy misollar bilan boyitilgani va sessiyalarning interaktiv hamda qiziqarli formati bo‘yicha ijobiy fikr bildirdilar. Test natijalari ishtirokchilarning sug‘urta bo‘yicha bilimlari treningdan so‘ng 25 foizga oshganini yana bir bor tasdiqladi.
Toshkentdagi Webster Universitetining 4-kurs talabasi Sevil Xalilova “Sug‘urta sohasida karyera” oromgohidan juda mamnunligini bildirdi. U treningning aniq tashkil etilganini, o‘yinlar va viktorinalar orqali tezkor tarmoq (networking) imkoniyatlari yaratilganini ta’kidladi. TBC Sug‘urta, Gross Sug‘urta va Kafil Sug‘urta vakillari bozor haqida amaliy ma’lumotlar taqdim etib, karyera imkoniyatlari haqida tushuncha berdi. Sevil uchun eng qimmatli qism — mahsulot ishlab chiqish bo‘yicha jamoaviy ish bo‘lib, ayni paytda qaysi ko‘nikmalar talab qilinayotgani yaqqol ko‘rindi. Natijada u yangi bilimlar, aloqalar va motivatsiya oldi. U tadbirni tashkil etgani va qo‘llab-quvvatlagani uchun BMTTDga alohida minnatdorchilik bildirdi.
Markaziy Osiyo Universiteti 4-kurs talabasi Izatulloeva Sarvinoz oromgohni juda foydali va amaliy deb baholadi. Sug‘urta tashkilotlari mutaxassislari qaysi lavozimlarga talab yuqori ekani va bugungi kunda qanday ko‘nikmalar muhimligini tushuntirib berdi. Jamoaviy mahsulot ishlab chiqish vazifasi va yakuniy mini-o‘yin ishtirokchilarga haqiqiy amaliy tajriba berdi, networking esa potentsial amaliyot (internship) imkoniyatlarini aniqlashga yordam berdi. Ikki kunlik mashg‘ulotlar yakunida u o‘z oldiga aniq harakat reja qo‘ydi: analitik va kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirish, rezyumeni yangilash va soha tashkilotlariga ariza topshirish.
Trening Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTDning global loyihasi — “O‘zbekiston uchun sug‘urta va xavflarni moliyalashtirish tizimi” doirasida tashkil etildi. Loyiha O‘zbekiston sug‘urta bozorini rivojlantirish, sug‘urta siyosatini mamlakatning iqtisodiy rivojlanish dasturiga integratsiya qilish, inklyuziv sug‘urta yechimlarini kengaytirish, davlat xavflarini moliyalashtirish va favqulodda vaziyatlar xavflarini boshqarish tizimini kuchaytirish, shuningdek, sug‘urta sanoatiga investitsiyalarni jalb etishni maqsad qilgan. Mazkur hamkorlik O‘zbekistonning sug‘urta sohasini zamonaviy yechimlar bilan boyitib, mamlakatning tashqi xatarlarga nisbatan iqtisodiy barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.