BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekiston maktab o‘quv dasturlariga iqlim o‘zgarishiga oid mavzularni integratsiya qilishning texnik-iqtisodiy asosini taqdim etdi
Maktab o‘quv dasturlariga iqlim o‘zgarishiga oid mavzularni integratsiya qilish
20-November, 2025
Umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga iqlim o‘zgarishiga oid mavzularni integratsiya qilish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar
2025-yil 21-noyabr, TOSHKENT, — Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Toshkentda mahalliy va xalqaro ekspertlar, maktab o‘qituvchilari hamda soha mutaxassislari ishtirokida o‘quv-amaliy seminar tashkil etdi. Mazkur seminardan ko‘zlangan maqsad:
umumta’lim maktablarida 7–11-sinflar uchun aniq va tabiiy fanlar (biologiya, geografiya, kimyo va fizika) bo‘yicha o‘quv dasturlariga iqlim o‘zgarishi ta’limi komponentlarini tizimli va fanlararo yondashuv asosida kiritish imkoniyatlarini muhokama qilish;
ushbu sohada o‘quv dasturlarida mavjud holatni tahlil qilish, iqlim o‘zgarishiga oid o‘quvchilar bilimlarni kengaytirish va amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro tajribani (Finlyandiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Shvetsiya) o‘rganish asosida O‘zbekiston sharoitiga mos metodik yechimlar va o‘quv materiallari konsepsiyasini shakllantirish;
yosh avlodda ekologik ong, mas’uliyat va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi barqaror iqlim ta’limi modelini yaratish bo‘yicha takliflar.
Seminar davomida O‘zbekistondagi o‘qituvchilar uchun aniq va tabiiy fanlar o‘quv dasturlariga iqlim ta’limini joriy etish bo‘yicha maqsadli treninglar muhokama qilindi. Bu treninglar o‘quvchilarning ilmiy savodxonligini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan.
Mashg‘ulotlarda yuqori sinf o‘quv fanlariga iqlim mavzularini joriy etishning hozirgi holati tahlil qilindi, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha materiallarni kiritish imkoniyatlari aniqlandi, o‘qitishning innovatsion va interaktiv usullari taqdim etildi. Shuningdek, haroratning ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi mahalliy muammolarni hal qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi hamda biologiya va geografiya, fizika va kimyo fanlarini bog‘laydigan xalqaro fanlararo modellar ko‘rib chiqildi.
BMTTD va hamkorlar 7-11-sinf o‘quvchilarining 1,3 milliondan ortig‘ini iqlim to‘g‘risidagi hayotiy ahamiyatga ega bilimlar va jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun zarur ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan yangi manbalar va tavsiyalarni taqdim etdilar. Mazkur tashabbus O‘zbekistonning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi va 2019-2030-yillarga mo‘ljallangan "yashil" iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasidagi majburiyatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.