BMTTD va Iqtisodiyot va moliya vazirligi qo‘shma loyihaning 2023-yildagi natijalari va 2024-yilga mo‘ljallangan rejalarni muhokama qildi

15-December, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

2023-yil 14-dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg’armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo’shma loyiha Boshqaruvining uchinchi yig’ilishi bo‘libo‘tdi.

Yig‘ilishda vazirlik va idoralar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimliklari, Islom taraqqiyot banki, Jahon banki, BMTTD va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida ishtirokchilar 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar hamda 2024-yilga mo‘ljallangan loyiha rejalari haqida loyiha hisobotini tingladilar.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Xususan, loyiha sa’y-harakatlari bilan 57 mahalla fuqarolar yig‘inida safarbarlik seminarlari tashkil etilib, o‘tkazildi, ularda 3303 nafar aholi (shundan 1219 nafari ayollar) ishtirok etdi. Loyihaning 2023-yilda erishgan yorqin yutuqlaridan biri aholi bilan birgalikda 40 ta mahallaning klaster rivojlantirish rejalari ishlab chiqilishi bo‘lib, ularda 40 ta markaziy va 130 ta yondosh mahallalarda mavjud ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qayta ta’mirlash va yangilarini qurish bo‘yicha 900 ta subloyihalar kiritilgan.

Subloyihalar qatorida yo‘llarni asfaltlash va yo‘laklar qurish, irrigatsiya tizimini yaxshilash, suv va elektr ta’minotini yaxshilash, ko‘chalarni yoritish, ko‘prik qurish, kanalizatsiya va drenaj tizimini yaxshilash va boshqalar kiradi. Bu ishlar 2024–2025-yillarda amalga oshiriladi va foydalanishga topshiriladi. Amalga oshirilayotgan subloyihalarni monitoring qilish uchun 170 ta mahalla fuqarolar yig’inida 2088 nafar aholi, jumladan, 558 nafari xotin-qizlardan tashkil topgan tashabbus guruhlari tashkil etilgan.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Yig’ilishda Anas Fayyad Qarman, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakilining o‘rinbosari ta’kidlanganidek,

“Qishloq taraqqiyoti O‘zbekiston uchun juda muhim kun tartibidir va BMTTD Iqtisodiyot va Moliya vazirligi hamda Islom taraqqiyot bankining ushbu sohada, ayniqsa, qishloq joylarida kompleks va yaxlit yondashuvni ilgari surishda asosiy hamkori ekanligidan faxrlanadi”.
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev qo‘shimcha qilib quyidagini ta’kidlab o‘tdi: 

“Hozirda ishlab chiqilgan mahallani rivojlantirish rejalari asosida 71 ta yangi qurilish ishlarini amalga oshirish uchun kerakli chora-tadbirlarni boshlab yubordik. Qolgan 829 ta subloyihani amalga oshirish maqsadida Loyihani amalga oshirish guruhi tomonidan konsalting kompaniyalari jalb qilingan va ularning amaliy ishlari ham 2024 yil 1-choragida boshlanadi”.
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Shuningdek, yil davomida ekologik falokat va atrof-muhit degradatsiyasining qishloq xo‘jaligi va aholiga ta’sirini tahlil qilish, shaharsozlik bozorining salohiyatini va mahalliy mutaxassislarning ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini baholash, qishloq joylarda mavjud axborot texnologiyalari infratuzilmasini va uni rivojlantirish rejalarini baholash, qishloq maktablari salohiyati va o‘quvchilar va o‘qituvchilarning raqamli savodxonligini tahlil qilish, davlat tashkilotlarining salohiyatini va davlat xizmatchilarining raqamli savodxonlik bo‘yicha malakasini baholash boʻyicha qator tadqiqotlar oʻtkazildi.

Salohiyatni oshirish maqsadida mutaxassislar uchun shahar va qishloqlar bosh rejalarini ishlab chiqish, agroekologiya, AutoCAD va 3DMAX dasturlarini qo‘llash, 3 ta platformada davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish bo‘yicha 6 ta treninglar tashkil etilib, ularda 2859 nafar (1298 nafari ayol) ishtirok etdi.

Tajriba-sinov tariqasida 4 ta hududda qishloq xoʻjaligi yerlari va bogʻlarni zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish maqsadida 4 ta agrometeorologiya stansiyasi oʻrnatildi.

Ushbu tadbir O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg’armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo’shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.