Buxoroda qishloq ayollari kuni: yangi imkoniyatlar va ayollar yetakchiligini e’tirof etish

17-October, 2025
Seven people pose with certificates on a stage in a conference room, blue banners behind them.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Vobkent tumani, Buxoro viloyati – 2025-yil 15-oktabr, Buxoro viloyatida Xalqaro Qishloq Ayollari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu kun o‘z mehnati bilan barqaror rivojlanish, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq aholisi farovonligini ta’minlayotgan millionlab ayollar hissasini e’tirof etish kunidir. Qishloq ayollari dunyo miqyosida oziq-ovqat ishlab chiqarishida muhim rol o‘ynaydi, O‘zbekistonda esa, aholining 52 foizi qishloq joylarda yashayotganini hisobga olganda, ularning agrar soha va oziq-ovqat xavfsizligidagi hissasi yanada ahamiyatli. Ayollar qishloq xo‘jaligi xodimlarining katta qismini tashkil etadi va hududlarning barqaror rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shadi.

Ayollar va bolalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish

2022-yildan boshlab BMT Taraqqiyot dasturi (PROON) O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda, Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirib kelmoqda.
Loyiha infratuzilmani yaxshilash, “yashil” yechimlarni joriy etish va qishloq aholisining imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Faqat Buxoro viloyatining o‘zida Buxoro, Vobkent, G‘ijduvon, Kogon va Shofirkon tumanlarida 46 ta ustuvor subloyiha amalga oshirilmoqda. Ular orasida maktablar, tibbiyot muassasalari, yo‘llar va bolalar bog‘chalari qurilishi ham bor. Ushbu loyihalar ayniqsa ayollar uchun yangi ish o‘rinlari yaratmoqda.
Vobkent tumani hokimi Akmal Ostonov ta’kidlaganidek, bu subloyihalar aholining, ayniqsa ayollar va yoshlarning hayot darajasini oshiradi, urbanizatsiya jarayonini kamaytiradi hamda qishloq aholisi uchun shahar sharoitlariga teng imkoniyatlar yaratadi.

Yangi bolalar bog‘chasi ochildi

Xuddi shu kuni Vobkent tumanining Ko‘lxatib mahallasida 90 o‘rinli yangi davlat bolalar bog‘chasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Avval bu mahallada bog‘cha mavjud emas edi, natijada bolalar uyda onalarining qarovida qolardi.
Endilikda yangi bog‘cha nafaqat bolalarning ta’lim olishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi, balki mahallaning iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bog‘chada o‘qituvchilar, tarbiyachilar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa ko‘plab onalarga ish faoliyatiga qaytish, o‘z ustida ishlash va salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Uzoq muddatda bunday tashabbuslar mahallalarda farovonlikni oshirishga, oilalar barqarorligini mustahkamlashga va ayollar hamda erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. 

Baxodir Paluaniyazov, PROONning Atrof-muhit va iqlim bo‘yicha klaster rahbari, shunday dedi: “Bugun biz nafaqat yangi bolalar bog‘chasining ochilishini, balki qishloq ayollarining kuchi, yetakchiligi va ilhomini nishonlayapmiz. Aynan ularning mehnati va tashabbusi tufayli bizning qo‘shma loyihalarimiz jamiyat hayotiga haqiqiy o‘zgarishlar olib kelmoqda”. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq ayollari ko‘pincha ijobiy o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchidir: ular mahalla hayotida faol, ijtimoiy tashabbuslarni ilgari suradi, ta’lim va ekologiyani qo‘llab-quvvatlaydi hamda oilalar farovonligiga hissa qo‘shadi.

Tashabbuskorlar guruhi yetakchilarini taqdirlash

Tadbir doirasida “Tashabbuskorlar guruhi eng faol a’zosi” tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.
Buxoro viloyati bo‘yicha g‘oliblar:

Dilfuza Obidova, Shanba mahallasi, Vobkent tumani

Nuridin Hikmatov, Kogon mahallasi, Kogon tumani

Dilfuza Odilova, Tezguzar mahallasi, Shofirkon tumani

Tanlov Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 170 ta maqsadli mahallalarida o‘tkazilmoqda. G‘oliblarga noutbuklar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Barqaror kelajak sari birgalikda

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida jami 48 ta yangi bolalar bog‘chasi quriladi va 41 tasi rekonstruksiya qilinadi. Ulardan 27 tasi allaqachon foydalanishga topshirilgan. Ishlar davom etmoqda, va yaqin orada yana ko‘plab yangi bog‘chalar qishloq aholisi uchun ochiladi.


Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida, Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.

 

Aloqa uchun:

UNDP: Bekhzod Umarov, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis. Tel: +998 93 397 75 99

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi: Humora Pulatova, PR mutaxassisi. Tel: +998 99 621 71 39