Markaziy Osiyo mamlakatlari zilzilalarga bardoshlilikni kuchaytirish maqsadida Toshkentda Qo‘shma bayonot imzoladi

29-April, 2026
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Toshkent, 2026-yil 29-aprel — Markaziy Osiyo tabiiy ofatlarga moyil hudud bo‘lib, zilzilalar hanuz eng katta xavflardan biri hisoblanadi. Ular ogohlantirishsiz yuz berib, insonlar hayotiga zomin bo‘ladi hamda uzoq muddatli iqtisodiy, infratuzilmaviy va psixologik zarar yetkazadi.

1966-yil aprel oyida Toshkentda yuz bergan vayronkor zilzila 300 mingdan ortiq odamni boshpanasiz qoldirgan edi. Shahar qayta tiklanib, bugungi zamonaviy Toshkentga aylantirilgan bo‘lsa-da, o‘sha fojianing izlari hanuz saqlanib qolgan. Markaziy Osiyoning boshqa shaharlari va hududlari ham shunday zarbalarga duch kelgan: 1911-yilda Olmaota, 1946-yilda Chotqol hududi, 1907-yilda Qoratog‘ va 1948-yilda Ashxobod zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan. Shubhasiz, seysmik hodisalar butun mintaqa tarixiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. O‘tgan yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 29-aprelni Zilzila qurbonlarini xotirlash xalqaro kuni deb e’lon qilgan edi. Bugun esa Toshkentda zilzilalardan jabrlanganlarni yod etish va ofatlarga chidamlilik bo‘yicha global muloqotni mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 22 ta davlatdan 300 dan ortiq ishtirokchi, jumladan davlat organlari vakillari, xalqaro tashkilotlar va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mutaxassislar qatnashdi. Muhokamalar zilzilalarga tayyorgarlik, xabardorlikni oshirish, oqibatlarni bartaraf etish hamda kelajakdagi xatarlarni kamaytirish bo‘yicha hamkorlik masalalariga qaratildi. Kirish so‘zlari bilan O‘zbekiston hukumati, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining yuqori darajadagi vakillari chiqishdi.

“Ushbu xalqaro kun — xotira va birdamlik uchun global imkoniyatdir. Biroq biz bu bilan to‘xtab qolmasligimiz kerak. Xotira amaliy burilish nuqtasiga aylanishi zarur. U insonlar hayoti, turmush tarzi va barqaror rivojlanishni himoya qilish uchun ofatlarga bardoshlilikni mustahkamlashga qaratilgan qat’iy choralarni rag‘batlantirishi lozim”, — dedi BMT Bosh kotibining ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Ofatlar xavfini kamaytirish boshqarmasi rahbari Kamal Kishor.

Kamal Kishor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Ofatlar xavfini kamaytirish boshqarmasi rahbari

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

“Bu — zilzilalar va boshqa tabiiy ofatlar oqibatida hayotdan ko‘z yumgan insonlarni yod etish hamda ofatlar xavfini kamaytirish va bardoshlilikni oshirish borasidagi majburiyatlarimizni yangilash uchun muhim imkoniyatdir”, — dedi Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Kenji Xirata.

Kenji Hirata, Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Ikkinchi sessiyada Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy miqyosda ofatlar xavfini kamaytirish tizimini mustahkamlash” nomli yangi mintaqaviy loyiha ishga tushirildi. Favqulodda vaziyatlar va ofatlar xavfini kamaytirish markazi (CESDRR) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha yirik transchegaraviy ofatlar paytida samarali tayyorgarlik, tezkor javob choralarini ko‘rish va tiklanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan. Loyiha doirasida zilzila xavfi haqida xabardorlikni oshirish, oqibatlarni kamaytirish uchun tayyorgarlikni kuchaytirish, shuningdek Yaponiya va boshqa davlatlar tajribasiga asoslangan innovatsion monitoring va ogohlantirish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan. Pilot shaharlar qatoriga Olmaota, O‘sh, Dushanbe, Ashxobod va Namangan kiritilgan.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlariga bildirgan ishonchlari uchun minnatdorlik bildiramiz. BMT Taraqqiyot Dasturi ushbu muhim loyihaning amalga oshiruvchi hamkori bo‘lishdan faxrlanadi. Biz mintaqaviy va milliy darajada barcha asosiy manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilamiz, jumladan Yaponiya tajribasi va bilimlarini safarbar etib, loyiha maqsadlariga muvaffaqiyatli erishishni ta’minlaymiz”, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.

Akiko Fujii, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Loyihaning ishga tushirilishi doirasida Markaziy Osiyoning besh davlati milliy favqulodda vaziyatlar organlari rahbarlari zilzilalarga bardoshlilikni kuchaytirish, tezkor javob choralarini yaxshilash va tiklanishni ta’minlashga qaratilgan Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ushbu bayonot favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni himoya qilish hamda mintaqaning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muvofiqlashtirilgan mintaqaviy hamkorlikka umumiy sadoqatni aks ettiradi. Tadbir seysmik xavfsizlik choralariga va ilg‘or tajribalarga bag‘ishlangan texnik sessiya bilan davom etdi. Unda Markaziy Osiyodagi seysmologiya institutlari, Yaponiyaning OYO Corporation kompaniyasi hamda boshqa xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq xavflar ortib borayotgan bir paytda, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday muloqotlar o‘tmishdagi fojialar xotirasini amaliy choralar bilan bog‘lab, kelajak avlodlar uchun yanada bardoshli shaharlar barpo etishga xizmat qiladi.