#Kambag‘allik muammosini bartaraf etish uchun biz barchani birgalikda harakat qilishga undaymiz!

Yoshlar orasida Raqamli san’at tanlovi: 17-oktyabr Kambag‘allikka Barham Berish Xalqaro Kuni munosabati bilan

7-October, 2025
Photo: UNDP Uzbekistan

Kambag‘allik faqat daromad yoki moddiy resurslarning yetishmasligi emas; u inson hayotining barcha o‘lchamlariga ta’sir etadigan murakkab haqiqatdir. U ochiq-oydin yetishmovchiliklarda namoyon bo‘ladi: oziq-ovqat xavfsizligining yo‘qligi, yaroqsiz uy-joy, ta’lim va sog‘liqni saqlashga cheklangan imkoniyatlar. Shu bilan birga, u ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan yashirin jihatlarni ham o‘z ichiga oladi — uyat, chetlashtirish, kamsitish va qadr-qimmatning yo‘qotilishi. O‘zbekistonda milliy ko‘p qirrali kambag‘allik indeksi (n-MPI) loyihasi shuni ko‘rsatdiki, voyaga yetgan aholining 18,4 foizi — taxminan 4,2 million kishi — ko‘p qirrali kambag‘allikda yashaydi, ya’ni ular ta’lim, oziq-ovqat xavfsizligi va norasmiy bandlik kabi sohalarda bir vaqtning o‘zida bir nechta yetishmovchiliklarga duch kelmoqda.

Hozirda biz, 2030 yilga qadar Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) erishish muddatiga yaqinlashar ekanmiz, kambag‘allik hamon eng dolzarb va o‘zaro bog‘langan muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Kambag‘allikda yashayotgan shaxslar va oilalar ko‘pincha nafaqat moddiy qiyinchiliklarga, balki ruhiy va psixologik azoblarga ham duch kelishadi: kelajakdan doimiy noaniqlik, cheklangan resurslar ustidan tashvish va jamiyatda rad etilish yoki ko‘rinmas bo‘lish hissi. Statistikadan tashqari, bu kundalik kurashlar inson huquqlari va inson salohiyatining chuqur buzilishini aks ettiradi. 

Biroq, ijod va san’at ushbu haqiqatlarni yoritishning kuchli vositalarini taklif etadi. San’at kambag‘allik haqida so‘zsiz gapira oladi va xabardorlikni oshirishi mumkin. San’at ifodalash qiyin bo‘lgan hissiyotlarni yetkazib, stereotiplarga qarshi chiqib, mavhum raqamlar ortidagi insoniy hikoyalarni ko‘rsatadi. Rang, shakl va tasavvur orqali san’at chetlatilish og‘rig‘ini ham, uni boshdan kechirayotganlarning bardoshliligini ham ochib bera oladi va jamiyatlarda hamdardlik va birdamlikni ilhomlantiradi. Mavzuga oid bahslarda ko‘pincha statistika ustunlik qilayotgan bir paytda, san’at raqamlarni insoniylashtirishi va chetda qolgan ovozlarni ijtimoiy muloqot markaziga olib chiqishi mumkin.

Demak, kambag‘allikka qarshi kurash faqat moddiy resurslarni taqdim etishni emas, balki har bir insonning qadr-qimmati, ijodkorligi va ovozini tan olishni ham talab etadi. Faqat inklyuziv va hamdard yondashuvlar orqali jamiyatlar BRMga erishish yo‘lida harakat qila oladi va hech kimni chetda qoldirmaydi.

Adolatli, tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun birgalikda harakat qilish

O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashda barqaror taraqqiyot dasturlarni amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Turli tashabbuslar orqali BMTTD ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj jamoalarni qo‘llab-quvvatlaydi, zarur resurslarga kirishni kengaytiradi va mahalliy imkoniyatlarni mustahkamlash orqali yashash sharoitlarini yaxshilaydi. Hukumat va boshqa hamkorlar bilan yaqindan ishlagan holda, BMTTD barqaror jamoalarni barpo etish, iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlantirish va kambag‘allikdan aziyat chekkanlar rivojlanish jarayonlariga qo‘shilganligiga ishonch hosil qilishga yordam beradi, bu esa Barqaror Rivojlanish Maqsadi 1 –kambag‘allikning barcha qirralariga barham berishga hissa qo‘shadi.

Ijodkor Yoshlarni Qo‘llab-quvvatlash: Kambag‘allikka qarshi ogohlikni oshirish maqsadidagi Raqamli San’at Tanlovi

BMTTD O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan raqamli san'at tanlovi yoshlar o‘rtasida ijtimoiy mas’uliyatni oshirishga qaratilgan bo‘lib, ularni kambag‘allik va Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) oid asosiy masalalarni hal qilishda ishtirok etishga undaydi. Ushbu tanlov yoshlar uchun kambag‘allikning yashirin qirralari va uning keng ko‘lamli oqibatlari bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini ijodiy ifodalash platformasini taqdim etadi. Yoshlarni badiiy tadqiqotlarga jalb qilgan holda, tanlov inklyuziya, hamdardlik va xabardorlik kabi qadriyatlarni ilgari suradi, ishtirokchilarni turli ijtimoiy va iqtisodiy muammolar haqida turli manbalardan ma’lumot olishga va kambag‘allikni boshidan kechirgan jamoalar haqida bilishga undaydi.

BMTTD kambag‘allik adolatsiz tizimlar, strukturaviy kamsitish va ekspluatatsion iqtisodiy amaliyotlar tufayli davom etishini e’tirof etadi. Kambag‘allikdan ozod bo‘lish uchun, unga qarshi kurashda eng ko‘p aziyat chekkanlarni jalb etib, muhokamalar va amaliy harakatlar olib borish zarur.

Adolatli, tinch va inklyuziv jamiyatlarni barpo etish uchun shaxdam qadamlar talab etiladi:

  • Kambag‘allikni boshidan kechirgan insonlarga o‘z fikr va tajribalarini bo‘lishish imkoniyatlarini yaratish va ularning bilimlari qadrlanishiga ishonch hosil qilish.

  • Kambag‘allikda yashovchi shaxslarning o‘z hayotlariga bo‘lgan ishonchlarini tiklash va o‘z hayotlarini boshqarishlariga yordam beradigan harakatlarni qo‘llab-quvvatlash.

  • Kambag‘allikdan aziyat chekkanlarning muhim hissalarini tan olish, ayniqsa, ularning siyosat va amaliyotlarga bo‘lgan o‘ziga xos tushunchalarini qadrlash.

Kambag‘allikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan, Raqamli San’at Tanlovi quyidagi maqsadlarga erishishni ko‘zlaydi:

  • O‘zbekiston yoshlari orasida ilhom berish va ularni jalb qilish, ularga raqamli san’at orqali kambag‘allik va tengsizlikning yashirin qirralari haqida o‘z nuqtai nazarlarini ijodiy ifodalash imkoniyatini yaratish.

  • Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM), ayniqsa BRM 1 (kambag‘allikka barham berish) haqida ogohlikni oshirish, ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni chuqurroq tushunishga hissa qo‘shish va kambag‘allik muammosini keng ko‘lamda yoritish.

  • San’at asarlarini kuchli vosita sifatida jamoatchilik e’tiboriga taqdim etish, ularni raqamli platformalar va jamoat joylarida namoyish etish orqali kambag‘allikni yengishga qaratilgan ogohlikni oshirish va harakatlarni ilhomlantirish.

Taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma va talablar:

Mavzuga moslik: Barcha ishlar O‘zbekistondagi Kambag‘allikning Yashirin Qirralarini yoritishga qaratilgan musobaqa mavzusiga, Ko‘p O‘lchovli Kambag‘allikka mos bo‘lishi kerak. Ishlanmalar kambag‘allikning jamiyatimizga bo‘lgan salbiy ta’sirini ko‘rsatishi va unga nisbatan xabardorlikni oshirishi lozim.

Yosh cheklovi: Nomzodlar 7 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lishi kerak, O‘zbekistonda yashashlari talab qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish: Ishlar havola orqali topshirilishi kerak: HAVOLA

Qog‘oz o‘lchami va formati: Asar elektron formatda bo‘lishi va kamida 300 dpi (dyumdagi nuqta) o‘lchamida bo‘lishi kerak. Bosma va electron ko‘rinishlar uchun mos formatlar (masalan, JPG, PNG, PDF) qabul qilinadi. Dizaynlar turli o‘lchamlarda, jumladan plakatlar (A2 yoki A3) va raqamli bannerlar uchun moslashuvchan bo‘lishi kerak. Ishlar faqat elektron formatda topshirilishi talab qilinadi.

Rasm izohi: Har bir san’at asari izoh bilan taqdim etilishi mumkin, izoh o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida yozilishi va 30 ta so‘zdan oshmasligi lozim.

Taqdim qilish muddati: Ishlar 2025-yil 16-oktabr kuni soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.

Baholash mezonlari: Asarlar ijodiylik, mavzuga moslik va umumiy badiiy ifoda asosida baholanadi. Hakamlar qarori yakuniy va o‘zgarmas bo‘ladi.

Ko‘p marotaba ishtirok etish: Ishtirokchilarga bir nechta ishlarni topshirishga ruxsat berilmaydi.

Xulq-atvor qoidalari: Ishtirokchilardan butun tanlov davomida hurmatli va professional tarzda o‘zlarini tutishlari kutiladi. Xulq-atvorning har qanday buzilishi yoki noto‘g‘ri harakatlar diskvalifikatsiyaga olib keladi.

Huquqlar va ruxsatlar: O‘z ishlarini topshirish orqali ishtirokchilar tashkilotchilarga san’at asarlarini ko‘rgazmaga qo‘yish, ko‘paytirish va ta’limiy hamda targ‘ibot maqsadlarida tarqatish huquqini beradilar, bunda ijodkorning nomi albatta ko‘rsatiladi.

Mukofotlar: Mukofotlarning turi va qiymati tashkilotchilar tomonidan belgilanadi va oldindan ishtirokchilarga yetkaziladi.

Diskvalifikatsiya: Tashkilotchilar tanlov qoidalarini buzgan yoki noo‘rin xulq-atvor ko‘rsatgan ishtirokchilarni o‘z ixtiyorlari bilan diskvalifikatsiya qilish huquqiga ega.

Yuridik moslik: Ishtirokchilar o‘z san’at asarlari barcha amaldagi qonun va qoidalarga, jumladan, mualliflik huquqi va intellektual mulk huquqlariga mos kelishini ta’minlashlari shart.

Qoidalarni o‘zgartirish: Tashkilotchilar ishtirokchilarga oldindan xabar berib, tanlovning har qanday qoida yoki qoidalarini o‘zgartirish, to‘ldirish yoki bekor qilish huquqiga ega.

G‘oliblarni tanlash jarayoni:

Tanlash komissiyasi har bir topshirilgan ishni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqadi va tanlovning barcha talablariga mosligini baholaydi. Ushbu qat’iy mezonlarga asoslangan holda, g‘oliblar aniqlanadi. Ularning badiiy mahorati, ijodkorligi va tanlov standartlariga sodiqligi rasmiy ravishda tan olinadi.

G‘alabangizni global maydonda nishonlang!

G‘oliblar bilan 16 oktyabr kuni bog‘laniladi va 17 oktyabr kuni BMTTD ijtimoiy media platformalarida e’lon qilinadi.

Raqamli san’at tanlovi 2025 g‘oliblari maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanadilar


Savollaringiz bo‘lsa, BMTTD vakillariga murojaat qiling:
Soro Xamidova  soro.khamidova@undp.org 

 
Bizga qo‘shiling va #EndPoverty kampaniyasi bilan global maydonda o‘z izingizni qoldiring!