Plastik chiqindilarni barqaror daromad manbaiga aylantirgan Dilorom Boboniyozova hikoyasi

Muallif: Iroda Muminova

5-May, 2026
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Bilasizmi, har kuni millionlab plastik paketlar o‘ylamasdan chiqindiga tashlanadi. Ular chiqindixonalarda to‘planib, daryo va okeanlarni ifloslantiradi, tuproqda esa yillar davomida saqlanib qoladi. Ammo, Xorazm viloyati Urganch tumanida boshqacha manzara yuz bermoqda: plastik chiqindilar nafis gullarga, umid, ijodkorlik va imkoniyat ramziga aylanmoqda.

Bu o‘zgarish ortida ekofaol va ijtimoiy tadbirkor Dilorom Boboniyozova turibdi. U boshqalar faqat muammoni ko‘rgan joyda imkoniyatni ko‘ra oldi.

“Odamlar plastik paketni tashlaganda, chiqindini ko‘rishadi”, - deydi Dilorom. - ”Men esa chiroyli bir boshlanishni ko‘raman”.

Uning innovatsion g‘oyasi tufayli tashlab yuborilgan plastik paketlar endi yorqin sun’iy gullarga aylanmoqda. Bu esa bir tomondan ayollar uchun barqaror daromad manbalarini yaratmoqda, ikkinchi tomondan esa atrof-muhitdagi plastik chiqindilarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

“Onamning istagi katta yo‘lning boshlanishiga aylandi”

Bu hikoya ta’sirli oilaviy lahzadan boshlandi. Onasining tug‘ilgan kunida Dilorom yaqinlari bilan birga unga tirik gullardan iborat guldasta sovg‘a qildi. Onasining yuzi quvonchdan yorishdi, ammo kunlar o‘tib, gullar so‘la boshlagach, bu quvonch ham sekin-asta so‘na boshladi. Barglar egilib, ranglar xiralashayotganini kuzatar ekan, onasi sekingina dedi: “Qani endi ular so‘limasa, bu go‘zallik bizga doimo quvonch bag‘ishlasa”.

Bu so‘zlar Diloromning qalbiga chuqur o‘rnashdi.

U uzoq saqlanadigan gul yaratishga qaror qildi va dastlab rangli qog‘ozdan gullar yasadi. Onasi bu mehrni qadrladi, biroq vaqt o‘tib hatto qog‘oz gullar ham o‘z ko‘rinishini yo‘qota boshladi. Shunda Diloromda savol tug‘ildi: so‘limaydigan va ayni paytda atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan go‘zallikni yaratish mumkinmi?

Bu savol uni izlanishga undadi. U internet orqali turli g‘oyalarni o‘rgandi, materiallar, polimerlar va qayta ishlangan plastikning xususiyatlarini  tahlil qildi. Ko‘p o‘tmay  esa ajoyib kashfiyot qildi: oddiy usullar va ijodiy yondashuv yordamida qayta ishlangan plastikdan mustahkam va nafis gullar yaratish mumkin ekan. Ular go‘zalligi bilan tirik gullardan deyarli farq qilmasdi.

Plastik chiqindilardan umid gulbarglarigacha

“Atrofimiz plastik paketlarga to‘la, - deydi Dilorom. - Men ularga chiqindi emas, imkoniyat sifatida qarashga qaror qildim”.

Uyida kichik tajriba sifatida boshlangan ish tez orada uning butun hayotiga aylandi. Avvaliga u ishlatilgan paketlarni o‘z uyidan, keyin do‘stlari va qo‘shnilaridan to‘play boshladi. Ilgari plastikni o‘ylamasdan tashlab yuboradigan odamlar endi uni Dilorom uchun saqlay boshlashdi. Shunday qilib, chiqindilar xomashyoga, ortiqcha plastiklar esa ilhom manbaiga aylandi.

U yaratgan guldastalari so‘limaydi, suv talab qilmaydi va tuproqqa zarar yetkazmaydi. Aksincha, ular xotiralarni saqlaydi, uylarni bezaydi va umid ramziga aylanadi.

Vaqt o‘tishi bilan mahsulotlarga bo‘lgan talab oshdi. Dilorom angladiki, bu g‘oya nafaqat estetik quvonch, balki boshqa ayollar uchun ham haqiqiy imkoniyat yaratishi mumkin. U o‘z jamoasidagi ayollarga plastik chiqindilarni qo‘l mehnati mahsulotlariga aylantirishni o‘rgata boshladi. Ularning ko‘pchiligi uchun ish topish imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, ular yangi ko‘nikmalarni egallashga tayyor edi.

Shu jarayonda Dilorom amaliy tajriba va ishtiyoq yetarli bo‘lsa-da, biznes boshqaruvi bo‘yicha chuqurroq bilimlar zarurligini tushundi. Shu sabab u HAMROH kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi” (WESP) doirasidagi treninglarda qatnashdi.

Bu tajriba unga tadbirkorlik, liderlik va marketing bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga yordam berdi. Eng muhimi, u o‘z faoliyatini ko‘plab ayollar hayotini o‘zgartira oladigan barqaror biznes sifatida ko‘ra boshladi.

“Trening menga ishimni faqat ijodiy mashg‘ulot emas, balki ayollar hayotiga ta’sir qiluvchi barqaror biznes sifatida ko‘rishga yordam berdi, - deydi Dilorom. - Endi loyihamni ishonch bilan boshqaraman va boshqalarga ham o‘z yo‘lini boshlashda yordam bera olaman”.

Uning aytishicha, olingan bilimlar yondashuvini butunlay o‘zgartirgan:

Oldin ko‘proq gullar yaratishga e’tibor qaratardim. Endi esa ishlab chiqarishni qanday yo‘lga qo‘yish, ayollarni qo‘llab-quvvatlash va kelajakni rejalash haqida ham aniq tasavvurga egaman”.

Bugungi kunda Dilorom 60 dan ortiq ayolni ushbu faoliyatga jalb qilgan. Ularning ko‘pchiligi uyda ishlab daromad topmoqda. Bu tashabbus ish imkoniyatlari cheklangan ayollar uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratib, ularning ishonchini va moliyaviy mustaqilligini mustahkamlamoqda.

Ushbu tashabbus Barqaror rivojlanish maqsadlarining bir nechtasiga hissa qo‘shadi: ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish, daromad imkoniyatlarini kengaytirish va qayta ishlashni rag‘batlantirish orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish.

Ayollar yangi ko‘nikma egallab, daromad topa boshlaganda, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham ortadi”, - deydi Dilorom.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Qiyinchiliklar va kelajak rejalari

Muvaffaqiyatga qaramay, bu yo‘l oson kechmadi. Cheklangan infratuzilma, yuqori logistika xarajatlari va sifatni saqlagan holda ishlab chiqarishni kengaytirish hali ham dolzarb muammolar bo‘lib qolmoqda. Ba’zan shubha va charchoq ham bo‘ladi, o‘sish kutilgandek tez emasdek tuyuladi. Ammo Diloromni oldinga undayotgan asosiy kuch, onasining so‘limaydigan go‘zallik haqidagi orzusi.

U har bir qiyinchilikni to‘siq emas, balki yangi imkoniyat sifatida ko‘radi.

Kelajakda u ayniqsa chekka hududlarda yashovchi, ish imkoniyatlari cheklangan ayollar uchun ta’lim dasturlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, u xalqaro bozorlarga chiqish, dizaynerlar va ekologik brendlar bilan hamkorlik qilishni maqsad qilgan.

Dilorom Boboniyozovaning hikoyasi faqat plastikni qayta ishlash haqida emas. Bu fikrlash tarzini o‘zgartirish haqida. U bizga shuni eslatadiki, innovatsiya har doim murakkab texnologiya yoki katta sarmoya talab qilmaydi. Ba’zan u oddiy bir istak va uni amalga oshirishga bo‘lgan jasoratdan boshlanadi.

“Haqiqiy o‘zgarish boshqalar chiqindi deb ko‘rgan narsada qadriyatni ko‘ra boshlaganimizda yuz beradi, - deydi Dilorom. - Agar bitta plastik paket gulga aylanishi mumkin bo‘lsa, insonlarga imkoniyat berilganda ular qanday natijalarga erisha olishini tasavvur qiling”.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Loyiha haqida:

“Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi” (WESP) Prezident farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, HAMROH — ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tashkiloti tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi — O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish.