Raqamli transformatsiya sari: Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi AKT mutaxassislarini sun’iy intellekt va ma’lumotlar ilmi bo‘yicha tayyorlamoqda
20-October, 2025
Toshkent viloyati, 2025-yil 17-oktyabr - “Yirik ma’lumotlar (Big Data), ma’lumotlar ilmi (Data Science) va sun’iy intellekt bo‘yicha AKT mutaxassislarining ko‘nikmalarini oshirish” mavzusida besh kunlik o‘quv seminar-trening Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Adliya vazirligi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va raqamlashtirish jarayonlariga jalb etilgan boshqa vazirlik va idoralar (bek-ofis), Davlat xizmatlari markazlari (DXM) mutaxassislari, shuningdek, IT-Park rezidentlari va startaplardagi data/sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlaridan iborat 30 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Trening maqsadi ishtirokchilarning zamonaviy raqamli va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt asoslari, uning rivojlanish bosqichlari va davlat boshqaruvidagi qo‘llanilish sohalari bilan tanishdilar. Jumladan, xizmatlarni avtomatlashtirish, navbatlarni boshqarish hamda ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishda sun’iy intellekt texnologiyalarining qo‘llanilishi muhokama etildi. Interfaol ma’ruzalar, guruhlarda ishlash va amaliy mashqlar orqali ishtirokchilar sun’iy intellekt loyihalarining to‘liq hayotiy davri — ma’lumotlarni tayyorlash, model yaratish, uni xizmatga joriy etish va samaradorligini baholash jarayonlarini o‘rgandilar.
Shu bilan birga, sessiyalarda mas’uliyat va odob-ahloq qoidalari asosida sun’iy intellektdan foydalanish, ma’lumotlarni boshqarish, axborot xavfsizligi va risk menejment masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdilar, sun’iy intellekt vositasida “case-canvas”lar yaratdilar va “ma’lumotdan qarorgacha” bo‘lgan jarayonlarni modellashtirdilar. Trening yakunida ular o‘z guruh loyihalarini taqdimotlarini o‘tkazib, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ochiqlik, samaradorlik va fuqarolar ko‘nikmalarini yanada yaxshilash bo‘yicha innovatsion g‘oyalarini namoyish etdilar.
“Yevropa Ittifoqi zamonaviy, ochiq va fuqarolar manfaatiga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvini shakllantirish yo‘lida O‘zbekiston bilan birgadir. Ma’lumotlar va sun’iy intellektni mas’uliyatli qo‘llash orqali biz davlat xizmatlarini barcha fuqarolar uchun yanada osonroq, tezkor va adolatli qilishimiz mumkin”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi ikkinchi kotibi, hamkorlik bo‘limi rahbari Xristos Marazopulos.
“Sun’iy intellekt va ma’lumotlar ilmi davlat institutlari faoliyatini va xizmat ko‘rsatish uslublarini tubdan o‘zgartirmoqda. AKT va PR mutaxassislarini zarur bilim va vositalar bilan ta’minlash orqali biz yanada javobgar, shaffof va fuqarolar manfaatiga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimiga asos yaratmoqdamiz,” – dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman.
Ma’lumot uchun:
“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 yevroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029-yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.
Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.
Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.
Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o‘zgartirish.
Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029-yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.