Gidroponika: Orolbo‘yi ayollarining yangi imkoniyati

14-August, 2025
Two shelves filled with vibrant, green grass seedlings against a neutral background.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz - o‘simliklarni butunlay tuproqsiz ham yetishtirish mumkinligi? Bunday usul allaqachon mavjud. Bu innovatsion texnologiya gidroponika deb ataladi va u o‘simliklarning ildizlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv orqali oziq moddalar yetkazish prinsipi asosida ishlaydi.

Gidroponika ilk bor XIX asrda joriy etilgan bo‘lib, hozirgi kunda chorvachilik, parrandachilik sohalarida keng foydalanilmoqda. Bugungi kunda bu texnologiya ekologik jihatdan murakkab hududlarda - ayniqsa, Orolbo‘yi kabi mintaqalarda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.  

Gidroponika usulining eng katta afzalliklaridan biri - vaqt va resurs jihatidan tejamkorligi. Masalan, odatda uzoq muddat talab qiladigan donli o‘simliklarning yashil massasini bu usul orqali bor-yo‘g‘i 5-7 kun ichida yetishtirish mumkin. Bu yashil massa esa chorva mollari va parrandalar uchun asosiy sersuv, ozuqaviylik qiymati yuqori bo‘lgan oziqa ratsioni hisoblanadi. 

Ayniqsa, C, E, K va B guruhi vitaminlari, kalsiy, temir kabi muhim elementlar bilan boy bo‘lgan bu yem-xashak, hayvonlarning sog‘lig‘ini mustahkamlaydi, mahsuldorligini oshiradi va hatto insonlar salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

2021-yildan buyon BMT Taraqqiyot Dasturi amalga oshirayotgan bir qancha loyihalari doirasida Orolbo‘yi mintaqasining 6 ta tumanida gidroponika texnologiyasini bosqichma-bosqich joriy etib kelmoqda. Bugungi kungacha 18 ta uy xo‘jaligi ushbu zamonaviy usulni qo‘llab, o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishdi. 

Bu texnologiya amalda qanday tatbiq etildi? Qanday qiyinchiliklarga duch kelindi? Eng muhimi – bu o‘zgarishlar insonlarning hayot tarzini qanday o‘zgartirdi? Bunga javobni loyihaning bevosita ishtirokchilari, ya’ni o‘z qo‘li bilan yashil yem yetishtirayotgan, oilasining oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlab, daromad topayotgan jasoratli ayollar hikoyalari orqali bilib olamiz.

A man and a woman hold a tray of green grass sprouts outside a rural house.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Mahida Allaniyazova 37 yosh, Chimboy tumani

Farzandlar tarbiyasi, uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan Mahida uchun gidroponika yangi imkoniyatlarni taqdim etgani haqida u shunday deydi:

“Gidroponika orqali yashil ozuqa yetishtirish haqida eshitganimdan so‘ng, sinab ko‘rishga qaror qildim. Chunki yashil ozuqaning tarkibida ko‘plab vitamin, minerallardan tashqari estrogenik moddalar mavjudligi haqida eshitganman, ular hayvonlarning reproduktiv xususiyatlarini oshiradi, sut mahsuldorligi va vaznning oshishini ta’minlaydi”, deydi Mahida.

Hozirda u uyda o‘tirib bug‘doydan ushbu yashil ozuqani yetishtirmoqda. Mahsuldorlik darajasi sezilarli darajada oshgan, natijada, tuxum va sut mahsulotlarni oila a’zolari bilan iste’mol qilishdan tashqari, bu mahsulotlarni sotib ham Mahida o‘z oilasiga qo‘shimcha daromad olib kelmoqda.

A woman tending to seedlings in a bright room with green walls and a plant growth setup.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Ulmeken Nisamboyeva, 34 yosh, Chimboy tumani

Ishsizlik bilan kurashayotgan, 8 kishidan iborat oilada yashayotgan Ulmeken uchun bu loyiha najot bo‘ldi:

 “Oilamizda 8 kishimiz. Ishsiz bo‘lganligim uchun gidroponika haqida eshitib, bu haqida chuqurroq o‘rganishga kirishdim. Asosiy daromadimiz shu chorvachilikdan bo‘lganligi sababli parranda va sigirlarimizga ozuqa yetkazib berishda biroz qiynalayotgan edik. BMT Taraqqiyot Dasturining loyihasini eshitib, qatnashishga qaror qildik. Hozirda bedalarimizni ushbu usul yordamida yetishtiryapmiz va bu juda samarali ekan”, deydi Ulmeken quvonch ko‘zlari bilan. 

Gidroponika usulida yetishtirilgan ozuqalarning ozuqaviy qiymati donli ekinlar doni va yashil yem-xashakdan kam emas, ayniqsa mahalliy bug‘doyni gidroponika usulida 7 kun mobaynida o‘stirib, olingan gidroponika  yashil bug‘doy bilan tovuqlar ozuqa ratsioni boyitilganda, uning umumiy ozuqaviy qiymati 13,4 foizga, tarkibidagi kalsiy 34 foiziga oshganini loyiha ishtirokchimiz ta’kidlab o‘tdi. Bu esa tabiiyki, sut va tuxum mahsulotlarining sifatiga ham yaxshi ta’sir qilganligi sabab, qahramonimiz aholi sog‘ligi uchun ham ijobiy ta’sir o‘tkazayotganidan juda ham mamnun.

A woman in a red jacket tends to a tray of green plants, smiling in a bright indoor setting.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Ilmira Pisenbayeva, 35 yosh, Nukus tumani

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida chet tili yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr va magistraturani tamomlagan Ilmira hozirda ona ta’tilida bo‘lganligi sababli gidroponika bilan shug‘ullanishga qaror qilgan. Chunki bu uning aytishi bo‘yicha oilasi uchun har tomonlama foydali hamda oila byudjetiga qo‘shimcha daromaddir.

“Loyiha haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib qolganimda, Nukus tumani yoshlar yetakchisi bilan maslahatlashib BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi doirasida tanlovda ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim. Shundan beri beda va jo‘xorini turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda yetishtirib kelyapmiz”, deydi Ilmira.

Ilmira gidroponika orqali yetishtirgan bedalarning tez o‘sishini va juda to‘yimli ozuqa ekanligini payqadi. Tovuqlari vazn ortib, tuxum berishi ham oldingiga nisbatan ko‘paydi. Oldin beda unib chiqishi uchun 15-20 kun ketgan bo‘lsa, hozir gidroponika orqali 5-6 kunda o‘sib chiqyapti. Kelajakda ular beda yetishtirib mahalliy fermalariga ham yem yetkizib berishni rejalashtiryaptilar. Shuningdek, Ilmiraning aytishicha, gidroponika ovqat hazm qilish tizimining fermentativ faolligini yaxshilaydi va ovqat hazm bo‘lishiga yordam beradi.

Gidroponika – bu nafaqat texnologik yutuq, balki iqlim o‘zgarishiga moslashishning, mahalliy aholi farovonligini oshirishning, ayollarni iqtisodiy mustaqillikka yetaklashning ham samarali vositasi. Shuningdek, o‘zining xossalari va xususiyatlariga ko‘ra gidroponika usulida yetishtirilgan ozuqalar fermentlar faolligini oshirishi, hazm qilish tizimining harakat funksiyasini va hazm shirasining sekretsiyasini oshirishi kabi xususiyatlari bilan alohida ahamiyatga ega.

Ammo bu yutuqning eng e’tiborga loyiq jihati - uni amalga oshirayotganlar. Gidroponika orqali o‘z hayotini o‘zgartirayotganlar - bu jasoratli ayollar. Endilikda ular nafaqat o‘z xonadonining, balki butun jamiyatning yashnashi va iqtisodiy tiklanishida faol rol o‘ynayapti.

BMT Taraqqiyot Dasturining “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi" Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, 2023-2025-yillarda amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘istonning eng zaif hududlarida yashovchi aholining iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan va ular Orol dengizidagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining siyosati va strategiyalariga to‘liq mos keladi.