Muallif: Iroda Muminova
Pomidor mahsuloti bilan yangi imkoniyatlar sari: Abdulla Allambergenovning tadbirkorlik yo‘li
10-April, 2025

Abdulla Allambergenov korxonasining yonida
1998-yilda Nukus tumanida tug‘ilgan Abdulla Allambergenov tadbirkorlikka juda erta qiziqa boshlagan. Tengdoshlari ko‘chada o‘ynab yurgan paytlarida, u yoshligidanoq xayollarida har xil biznes rejalar tuzib, oilasiga qanday qilib qo‘shimcha daromad keltira olishi haqida o‘ylagan.
O‘zining 25 yoshida o‘zgarishlar sari intilish va tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqi uni ilk biznesini boshlashga undadi. 2023-yilda Samarqand davlat universitetining Amaliy psixologiya fakultetini tamomlagach, u tadbirkorlik olamiga kirdi.
Talabalik davrida u qo‘shimcha daromad topish maqsadida har xil korxonalarda ishlay boshladi. Shulardan biri no‘xatni qayta ishlab chiqarish korxonasi bo‘lib, u yerda 1,5 yil amaliyotchi sifatida ishlab, tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi ortdi. Aynan shu korxonada menejer lavozimigacha ko‘tarilgan Abdulla o‘z kasbini butkul o‘zgartirdi, ya’ni psixologdan tadbirkorga aylandi.

Abdulla Allambergenov o'zining ofisida
“Boshida psixologiyaga qiziqar edim, lekin keyinchalik tadbirkorlik men haqiqatan ham orzu qilgan yo‘nalish ekanligini angladim. Ammo, hozir tushunib yettim-ki, universitetda ham vaqtim zoye ketmabdi, chunki psixologiya biz tadbirkorlar uchun ham eng zarur sohalardan biri”,— deydi Abdulla.
Qahramonimiz o‘qishni tugatib, Qoraqalpog‘istonga katta orzular, g‘oyalar va ishtiyoq bilan qaytdi. U o‘z ishlab chiqarish korxonasini ochishni maqsad qilib qo‘ydi.
“Bizda yetarlicha mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz bor, shulardan foydalanib eksport uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarishni oldimga eng oliy maqsad qilib uyga qaytdim”,— eslaydi Abdulla.
Qoraqalpog‘istonga qaytgach, u ilk qadamni mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishga ixtisoslashgan “Biogumus Farm” kompaniyasiga qo‘shilish bilan boshladi. Aynan shu tajriba uning tadbirkorlik yo‘lidagi muhim burilish nuqtasiga aylandi va o‘z biznesini yaratishga ilhom berdi.
“Ish faoliyatim davomida pomidor yetishtirib bozorga tarqatar edik va shu mahsulotdan foydalanib uni qayta ishlab yanada ko‘proq daromad topish yo‘lini qidirdim va nihoyat topdim. Pomidor pastasi ishlab chiqarish bo‘yicha loyiham bilan BMT Taraqqiyot Dasturining “Bir qishloq – bir mahsulot” tashabbusi doirasida o‘tkazilayotgan tanlovda g‘olib bo‘ldim. Hozirda soatiga 100 kg pomidor pastasi ishlab chiqarishga qodir uskunalar bilan ta’minlandim va Nukus tumanidagi 10 ta mahalliy aholini ish bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘ldim”,— deya g‘urur bilan ta’kidlaydi Abdulla.
“Nega aynan pomidor pastasini tanlaganimni sababi shundaki, bu mahsulot har bir uy ro‘zg‘orida ishlatiladi. Bozorda tahlil o‘tkazganimda Qoraqalpog‘istonda pomidor yetishtirish keng tarqalganini, ammo birorta ham pomidor pastasi ishlab chiqaradigan korxona yo‘qligini aniqladim. Mahalliy aholi asosan Rossiya va Qozog‘istondan import qilingan pomidor pastasidan foydalanar ekan. Men esa import o‘rniga eksport hajmini oshirish nafaqat biznesim, balki iqtisodiyotimiz uchun ham foyda keltirishini tushunib, shu yo‘nalishda ish boshladim”,— deydi qahramonimiz.
"Muvaffaqiyat faqat daromad olishdan iborat emas", — deydi Abdulla, "Bu ishning odamlar salomatligi, mahalliy iqtisodiyot va atrof-muhitga ijobiy ta’siri ham muhim”.
Abdulla Allambergenov ishlab chiqaradigan pomidor pastasi butunlay organik va tabiiy mahsulot bo‘lib, tarkibiga hech qanday kimyoviy qo‘shimchalar qo‘shilmaydi. Shu bois uning mahsuloti nafaqat sifatli, balki inson salomatligiga ham zarar yetkazmaydi. Bu esa nafaqat tadbirkorlik, balki jamiyat farovonligi yo‘lida qo‘shilgan muhim hissadir.
Bundan tashqari pomidorlar urug‘lari Italiyadan keltirib, shu yerning o‘zida yetishtiriladi. Shundan so‘nggina u qayta ishlanib, yuqori sifatli pomidor pastasi ishlab chiqariladi.

"Aqmang'it" pomidor pastasi
“Hozirgi uskunalarimizning imkoniyatidan kelib chiqsak, kelayotgan yoz mavsumida kamida 50-60 tonna pomidorni qayta ishlab, mahsulotimizni Qoraqalpog‘istonning 14 tumaniga yetkazishni rejalashtirganmiz. Keyingi bosqichda esa korxonamiz faoliyatini kengaytirib, nafaqat Qoraqalpog‘iston balki butun O‘zbekiston bo‘ylab pomidor pastalarimizni sotish va jahon bozoriga chiqish rejalarimiz bor”,— deydi Abdulla.
Tez orada Abdullaning “Aqmang‘it” nomli pomidor pastasini mahalliy bozorlarda, oziq-ovqat do‘konlarida va hatto mintaqaviy distribyutorlarda paydo bo‘lishini kutib qolamiz. Abdulla Allambergenovning hikoyasi nafaqat yosh tadbirkorlar, balki o‘z g‘oyasiga ishonib, kichik qadamlar bilan katta natijalarga erishishni istagan har bir inson uchun ilhom manbai bo‘la oladi. U yoshligidanoq kichik savdo bilan boshlangan yo‘lini izchil mehnat, qat’iyat va yangilikka intilish bilan muvaffaqiyat sari yetakladi.
Loyiha haqida: BMT Taraqqiyot Dasturining “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi" Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, 2023-2025-yillarda amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘istonning eng zaif hududlarida yashovchi aholining iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan va ular Orol dengizidagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining siyosati va strategiyalariga to‘liq mos keladi. Loyiha doirasidagi “Bir qishloq – bir mahsulot” tashabbusida 20 nafar ishtirokchi qatnashib 12 nafari g‘olib bo‘lgan va ularga moliyaviy ko‘mak berilgan.