Jamoatchilik kengashlari – fuqarolik jamiyati va davlat o‘rtasidagi bo‘g‘in

Muallif: Rimma Muxtarova

16-February, 2024
a woman in hospital receiving dialysis treatment

gemodializ olayotgan bemor ayol

Surat: BMTTD O'zbekiston
“5 yildan ortiq vaqtdan beri gemodializ olmoqdaman. Ilgari buning uchun haftada 3 marta Kosonsoydan Namanganga borishim kerak edi, bunga deyarli butun kun vaqtim va ma'lum miqdordagi mablag’ni sarflashga to’g’ri kelardi. Hozir o‘zimizni tumanizda mutlaqo bepul gemodializ olmoqdaman va uzoq yo’l bosishim shart emas,” – deydi Kosonsoy tuman shifoxonasida davolanayotgan Muhabbat opa. Unga o'xshagan bemorlar uchun muntazam ravishda dializ olish juda muhim, chunki bu amaliyot buyrak faoliyatini o’rnini bosadi. Agar gemodializ o'tkazilmasa, buyrak yetishmovchiligi o'limga olib kelishi mumkin.
a man in hospital receiving hemodialysis treatment

gemodializ olayotgan bemor erkak

Surat: BMTTD O'zbekiston
Afg‘on urushi qatnashchisi, buyragidan yaralangan Baxriddin o’z hikosini biz bilan o‘rtoqlashadi: “35 yildan beri kasalligim bilan kurashaman. Sobiq Ittifoqning ham, O‘zbekistonning ham turli shaharlarida davolanganman. Men uchun eng og’ir vaqtlar karantin davri bo’ldi, usha payt Namangan shahriga gemodializga borishning iloji bo‘lmagandi. Endi tumanimizdagi yangi Markaz tufayli boshqa joylarga borishning hojati qolmadi”.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi tuman shifoxonasi qoshidagi Gemodializ markazi faoliyati optimallashtirilganligi va kengaytirilgani tufayli Baxriddin va Muhabbat opa kabi gemodializga muhtoj bemorlarning hayoti uchun zarur bo‘lgan muolajani o’tkazish hamda davolanishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratildi.

Avvalroq tuman shifoxonasining gemodializ bo‘limi uchta apparat bilan ta’minlangan bo‘lib, ulardan biri homiylardan, ikkitasi davlat tomonidan berilgan bo‘lishiga qaramay, maxsus bo‘lim va tibbiyot xodimlari yo‘qligi sababli ulardan to‘liq foydalanilmagan. Bitta dializ apparati atigi 8-9 bemorga xizmat ko'rsatishi mumkin edi va kuniga atigi 3-4 marta ishlatilgan, chunki bir gemodializ muolajasi to'rt soat davom etadi va haftada 3 marta amalga oshiriladi.

Kosonsoy tumani Gemodializ bo‘limida bunday muammoga duch kelgan shu hududda yashovchi – o‘g‘li doimiy gemodializga muhtoj bo‘lgan fuqaro Jamoatchilik maslahat kengashiga optimallashtirish taklifi bilan murojaat qilgan.

Jamoatchilik kengashi nima?

Jamoatchilik kengashlari zamonaviy jamiyatda qarorlar qabul qilishda oqilona muhokamani ta'minlaydigan fuqarolar ishtiroki instituti bo'lib, hokimiyat va mansabdor shaxslarga tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida maxsus tashkil etiladi. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida davlat yoki mahalliy hamjamiyat tomonidan tashkil etilgan Jamoatchilik kengashlari turli shakllarda mavjud bo‘lib, aholini axborot bilan ta’minlash, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishga ko‘maklashishda, davlat byudjetini taqsimlashda, davlat boshqaruvining markazlashmagan tizimga o’tishiga hissa qo‘shishda, shu bilan birga davlat boshqaruvi tizimi va hukumat qarorlari ijrosini nazorat qilishda va eng muhimi – qarorlar qabul qilishda fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashning samarali mexanizmi hisoblanadi.

Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMTTDning “O‘zbekiston qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida tayyorlangan ilg‘or xalqaro tajriba va tahliliy materiallar tavsiyalari asosida , to‘rtta pilot tumanda (Kosonsoy, Sho‘rchi, Baxmal va Xovos tumanlari) mazkur hududda yashovchi aholini o‘ylantirayotgan eng muammoli ijtimoiy-maishiy masalalar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun Xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi Jamoatchilik maslahat kengashlari tashkil etildi.

Jamoatchilik maslahat kengashi tarkibiga jamoat faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan obro‘li fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil ekspertlar, konfessiyalar, jamoat tashkilotlari vakillari, fan, madaniyat va sportda xizmat ko‘rsatgan arboblar kiradi, xususan, aholining muammolariga befarq bo’lmagan, mahalliy aholi yoki hatto hududning dolzarb muammolarini olib chiqishga tayyor va hayiqmaydigan odamlar. Jamoatchilik maslahat kengashining barcha a’zolari o‘z faoliyatini ixtiyoriylik asosida amalga oshiradilar.

Ko'pincha, JMK a'zolari jamiyat ehtiyojlari haqida yaxshi ma'lumotga ega bo'lishadi, bu esa o’z navbatida ularga jamiyatning asosiy ehtiyojlarini tahlil qilish, muammolarni bartaraf qilish choralarini o'rganish, hamjamiyatni ijtimoiy muammolarni hal qilishga jalb qilish va jamiyat manfaatlariga daxldor dolzarb masalalarni faol muhokama qilish imkonini beradi. 

Bugungi kunda Jamoatchilik maslahat kengashi faoliyati jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik fikrini o‘rganish, ommaviy axborot vositalarida munozaralar o’tkazish va jamoatchilik muhokamalari orqali jamoatchilik nazoratini tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Bunday yondashuv orqali 2021-2023 yillar davomida sezilarli natijalarga erishish imkonini berdi.

Gemodializ markazi

Jamoatchilik maslahat kengashi faoliyatining muvaffaqiyatli natijalaridan biri biz tilga olgan Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi tuman shifoxonasi qoshida Gemodializ markazidir.

Murojaat asosida Kengash vaziyatni joyida o‘rganib chiqdi va uskunalardan uzluksiz foydalanishni ta’minlash uchun maxsus xonalar va tibbiyot xodimlari zarurligini aniqladi. Eng avvalo, Markazni ochish to‘g‘risidagi masala xalq deputatlari mahalliy Kengashi muhokamasiga kiritilib, uning yakuniga ko‘ra taklif ma’qullanib, Oliy Majlisga yuborildi. Oliy Majlis tomonidan taklif koʻrib chiqilib, maʼqullangandan soʻng bo’limni tashkil etish toʻgʻrisidagi soʻrov Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuborildi. Natijada Jamoatchilik maslahat kengashi tashabbusi bilan Gemodializ bolimi tashkil etilib, 28 nafar tibbiyot xodimi shtati ochildi.

Ayni paytda 36 nafar bemor (12 nafar ayol va 24 nafar erkak), jumladan, qo‘shni tumandan (32 nafar Kosonsoy va 4 nafar Yangiqo‘rg‘on tumanidan) gemodializ muolajasidan foydalanishi mumkin. Ilgari barcha bemorlar Namangan shahridagi viloyat shifoxonasiga yo‘l olishiga to‘g‘ri kelardi, bu esa ko‘p vaqt va qo‘shimcha yo‘l xarajatlarini talab qilar edi.

A doctor and the hemodialysis patient

gemodializ bo'limida bemorlardan xabar olayotgan doktor

Surat: BMTTD O'zbekiston
Doktor Jabborov Farxod, dializ markazi rahbari: “Shuningdek, Jamoatchilik maslahat kengashi koʻmagida mazkur Markazning uzluksiz ishlashini taʼminlash maqsadida qoʻshimcha shtat birliklari: shifokorlar, hamshiralar, tibbiyot xodimlari va boshqalar tashkil etildi. Markaz haftada 7 kun ishlaydi va barcha muolajalar mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Surunkali buyrak yetishmovchiligi bo'lgan odamlar to'liq hayot kechirishi mumkin va lozim!"

Jamoatchilik maslahat kengashlari fuqarolik jamiyati va davlat o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi vosita sifatida ishtirok etishi uchun fuqarolik jamiyatining talab va so’rovlariga munosib hamda ta’sirchan tarzda javob berishi kerak.

Ta’kidlash joizki, keyingi bosqichda Jamoatchilik maslahat kengashi ko‘magi va yordami asosida buyrak kasalliklarini aniqlash va davolash bo‘yicha nefrologiya bo‘limini tashkil etish, shuningdek, qonni zaharli moddalardan tozalash jarayoni taxminan 4 soat davom etishini hisobga olgan holda, Dializ markazining barcha bemorlarini bepul ovqatlantirishni tashkil etish rejalashtirilgan,.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, mahalliy demokratiya asoslarini takomillashtirish, davlat boshqaruvi faoliyatida aholi ishtirokini ta’minlash va kuchaytirish nafaqat yuqoridan kelayotgan vazifa, balki mahalliy davlat hokimiyati tizimining asosiy tamoyillaridan biriga aylanib bormoqda.

JMKlar oʻz faoliyatida asosiy eʼtiborni hududning ijtimoiy hayotidagi mavjud kamchiliklarni aniqlashga, shu orqali jamiyatning oshib borayotgan talablari va so’rovlariga munosib munosabatda boʻlishni taʼminlashga, toʻplanib qolgan mahalliy muammolarni hal qilishga, iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga va buning natijasida odamlar hayotida kutilgan ijobiy o‘zgarishlarga erishishga qaratilgan