Ixtirochilik taqdiri alximiyasi

19-June, 2025
Group of students engaged in a discussion on digital economy in a classroom setting.
Foto: O‘zbekistondagi BMTTD

O‘zbekistondagi oddiy bir uy garajida kichkina bola qo‘lbola laboratoriyasida o‘yinchoqlarni ehtiyotkorlik bilan qismlarga ajratmoqda. Uning harakati mohirona, nigohi esa har bir detallga sinchkovlik bilan qadalgan. Bu bola — Alisher Fayzullayev, keyinchalik IT Park’ning Qoraqalpog‘istondagi filialiga rahbarlik qiladigan inson. O‘shanda hech kim buni tasavvur qilmagan edi. “Ota-onam menga doim o‘yinchoqlar olib berishardi, men esa ularni qanday ishlashini tushunish uchun darrov parchalab chiqardim,” — deya eslaydi Alisher. 

— Sizlar Al-Xorazmiy avlodlarisiz, — degandi bir kuni professor 

Taqdir Alisherni avval Toshkentdagi Gubkin universiteti filialiga, keyin esa Moskvadagi nufuzli Oliy iqtisodiyot maktabiga olib bordi. Aynan o‘sha yerda, ko‘pchilik talabalar murakkab matematik yondashuvlar bosimida qiynalayotgan mikro va makroiqtisodiyot darslarida Alisher kutilmaganda porlay boshladi. 

— Hali topshiriqni oxirigacha aytib ham ulgurmadim, siz esa masalani allaqachon yechib bo‘ldingiz, — deb hazillashardi uning o‘qituvchisi Akimov D.V. — Ajab emas, siz O‘zbekistondansiz-ku! Axir sizlar Al-Xorazmiyning avlodlarisiz! 

Alisher esa bosiqlik bilan kulib qo‘yardi: “Mendan-da aqlliroq bolalar bor edi, ko‘rsangiz edi…” 

Yaqin o‘tmishda darsdan chalg‘iydigan o‘quvchi, endilikda KPMG — dunyoning eng yirik konsalting kompaniyalaridan birida moliyaviy tahlilchi sifatida biznes markazining 39-qavatida ishlayotgan edi. Bularning bari taqdirning kutilmagan, ammo ilhomlantiruvchi burilishi edi.

Bolalik orzusiga qaytish 

2020-yil ko‘pchilik hayotida tub burilish bo‘ldi, Alisher ham bundan mustasno emas edi. Pandemiya tufayli masofadan ishlash imkoniyati unga O‘zbekistonga qaytish, ya’ni hammasi boshlangan joyga — bolalikdagi ixtirochilikka qaytish imkonini berdi. Bu go‘yo hayot aylanasining yopilishi edi. 

"Men robototexnika bilan shug‘ullanishim, nimadir yaratishim mumkinligini angladim", — deydi u o‘sha paytlarni eslab. "Avvallari esa robototexnikani o‘rganish uchun odam bolaligidan boshlashi kerak, deb o‘ylardim. Hatto o‘zimni kech tug‘ilgandek his qilardim" (kuladi). 

Nukusdagi Prezident maktabida o‘qituvchilik qilayotgan kezlarida Alisher tasodifan IT Park’ning inkubatsiya dasturi haqidagi e’longa ko‘zi tushdi. “Men “aytishnik” emasman-ku”, — deb avvaliga o‘zini ortga tortdi. Lekin “faqat bir haftaga” deb sinab ko‘rishga qaror qildi. Natijada atigi bir haftada aqlli uy qurilmasining prototipini yaratib, ariza topshirdi. 

Uch oyda yettita qurilma 

Keyinchalik IT Park bosh direktori Alisherga umumiy qiymati 27 million dollarlik loyihada ishtirok etishni taklif qildi. Uch oy ichida u yettita turli qurilma yaratishga muvaffaq bo‘ldi: aqlli lampa, kuzatuv kamerasi, avtomatik eshik tizimi, havo namlagichi hamda fermerlar uchun avtomatlashtirilgan yechimlar. 

"SolidWorks dasturini bir haftada o‘zlashtirdim — har bir qurilmaning estetik ko‘rinishi men uchun muhim edi," - deydi Alisher. U o‘zi platalarni kavsharladi, kontrollerlarni dasturladi va 3D-printerda korpuslarni chop etdi. 

“Har qanday ishqiboz noodatiy narsa yarata oladi. Tashqaridan qaraganda, garajda qurilmalar yasash juda romantik ko‘rinadi. Lekin ish jiddiy tus olganida, bu romantika so‘nadi. Haqiqiy ixtirochilar esa aynan mana shu pallada maydonda qolishadi - ular qilayotgan ishini chin dildan yaxshi ko‘radi.” 

IT Park va BMT Taraqqiyot Dasturi: innovatsiyalar uchun sinergiya 

2023-yil Alisher hayotida yangi sahifa ochdi. Qoraqalpog‘istondagi IT Park va BMT Taraqqiyot Dasturining startaplarni qo‘llab-quvvatlash tashabbusi bir yoqadan bosh chiqarib, yosh ixtirochiga kerakli turtkini berdi. 

“Men BMT Taraqqiyot Dasturining startaplar uchun tanlovida ishtirok etdim va grant yutib, kerakli jihozlarga ega bo‘ldim,” - deydi Alisher. Mahalliy texnopark va xalqaro tashkilot o‘rtasidagi bu hamkorlik aynan o‘sha pallada muhim rol o‘ynadi - u Alisherning garajda boshlangan qo‘lbola qurilmalarini real bozor talablariga javob beradigan mahsulotlarga aylantirishga xizmat qildi. 

Grant asosida olingan uskunalar unga mutlaqo yangi texnologik bosqichga chiqish imkonini berdi. Endilikda Alisher har bir prototip uchun zarur bo‘lgan bosma platalarni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlashi mumkin edi - bu esa loyihalarni yaratish va sinovdan o‘tkazish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirdi. 

“Bu yordam bo‘lmaganida, bugungi natijalarga erisha olmasdim,”- deya tan oladi Alisher. - “IT Park va BMT Taraqqiyot Dasturi menga faqat jihozlar emas, balki ishonch berdi. Eng muhimi - ular mening g‘oyamni real mahsulotga aylantirish yo‘lini ochib berdi.” 

A group of men in suits and jackets standing on a bridge, observing a waterway.

Alisher Fayzullayev Smart Water qurilmasini namoyish etmoqda

Foto: Alisher Fayzullayev shaxsiy arxividan olindi

Smart Water: qurg‘oqchil yerlar uchun zamonaviy yechim 

BMT Taraqqiyot Dasturidan olingan uskunalar yordamida Alisher o‘zining eng muhim ixtirosi — Smart Water qurilmasini yaratdi. Bu moslama kanallardagi suv sathini avtomatik tarzda, millimetrgacha aniqlikda o‘lchaydi va natijalarni real vaqt rejimida uzatadi. 

Suv tanqisligi muammosi keskin bo‘lgan Qoraqalpog‘iston uchun bu texnologiya ayni muddao bo‘ldi. Smart Water’ga bo‘lgan talab shu darajada ortdiki, Suv xo‘jaligi vazirligi 89 ta shunday qurilmani ishlab chiqarish bo‘yicha tender e’lon qildi. Alisher bu tenderni yutib, mintaqada ushbu texnologiyani mahalliy darajada ishlab chiqara oladigan yagona ishlab chiqaruvchiga aylandi. 

“Bungacha suv sathini qo‘lda o‘lchashardi, tasavvur qilyapsizmi? XXI asrda!” - deya hayron qoladi Alisher. - “Endi esa bu jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Qurilma aniqlik bilan o‘lchab, ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatadi. Bu vaqtni ham, resursni ham tejaydi.” 

Alisherning o‘z mehnati va BMT Taraqqiyot Dasturi ko‘magida vujudga kelgan bu yechim nafaqat muvaffaqiyatli startapga, balki suvdan oqilona foydalanish borasida butun mintaqa uchun dolzarb va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim texnologiyaga aylandi. 

Texnologik yutuqning boshida 

2024-yil Alisher hayotida yana bir tarixiy burilish bo‘ldi - u o‘zining ilk qurilmasi bilan yo‘l boshlagan va BMT Taraqqiyot Dasturi ko‘magida texnologik tadbirkorlik sari yo‘naltirilgan Qoraqalpog‘iston IT Parki filialiga direktor etib tayinlandi. 

Bu vaqtga kelib Toshkent va Nukusda IT Park binolari faoliyat yuritayotgan, raqamli sohada barqaror infratuzilma shakllanayotgan edi. Prezidentning Qoraqalpog‘iston IT Parkiga tashrifi esa bu harakatni yana-da jadallashtirdi - u butun mamlakat bo‘ylab shunday texnoparklar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. 

"Hozirgi asosiy vazifam - o‘zim foydalangan imkoniyatlarni endi boshqalarga ham taqdim etish," - deya izohlaydi Alisher. - "Xorijiy IT-kompaniyalarni hududga jalb qilish, mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar uchun sifatli ish o‘rinlari yaratish - mana shu yo‘nalishlarda faol ishlayapmiz. Bu borada biz bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettiryapmiz." 

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston IT Parkida muvaffaqiyatli kompaniyalar faoliyat olib bormoqda: Unicall - 100 nafar xodim ishlaydigan call-markaz, Hupo - bosh ofisi Singapurda joylashgan, 4 million dollarlik investitsiyaga ega kompaniya,  SoftUM IT School — 20 nafar dasturchini tayyorlayotgan zamonaviy o‘quv markazi. 

Alisher boshchiligidagi ushbu texnopark endilikda mintaqaning innovatsion yuragiga aylanib bormoqda. 

Group of young adults in a modern indoor space, holding textbooks and smiling.
Foto: Alisher Fayzullayev shaxsiy arxividan olindi

Kelajakka nazar 

2025-yilda IT Park boshchiligida tashkil etilayotgan “IT Park Ventures” venchur fondi orqali istiqbolli startaplarga 10 million dollar sarmoya yo‘naltiriladi. Bu tashabbus BMT Taraqqiyot Dasturining eng umidli g‘oyalarga turtki berish, joylardagi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yondashuvi bilan uyg‘unlashadi. 

“BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorligimiz bizga shuni ko‘rsatdiki, ayniqsa ilk bosqichlarda beriladigan yordam kelajakdagi yutuqlar uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin,” - deydi Alisher. - “Shuning uchun bugun biz ham xuddi menga bir paytlar yordam berishganidek, yangi startaplar uchun imkoniyat yaratmoqchimiz.” 

Bugungi raqamli dunyoda imkoniyatlar ko‘pligi, ayniqsa yoshlar uchun, Alisherni yanada ilhomlantiradi: 

“Menimcha, ayni damda yoshlar uchun startap bilan shug‘ullanish eng to‘g‘ri vaqt. Hozir bozor hali ochiq, raqobat nisbatan kam. Bir necha yildan so‘ng esa startapchilar ko‘payadi, investorlar oldida ajralib turish qiyinlashadi.” 

Uning aytishicha, sun’iy intellekt agentlari va ish jarayonlarini soddalashtiradigan dasturiy yechimlar ayni damda eng istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi. 

“Men tez-tez o‘ylayman: bugungi o‘zgaruvchan texnologik muhitda nimani aynan hozir, aynan shu yerda amalga oshirish mumkin? - deya savol beradi u. - Aynan mana shunday yondashuv - orzularni imkoniyatlar bilan bog‘lash va ularni insonlar hayotini yaxshilaydigan texnologiyalarga aylantirish – BMT Taraqqiyot Dasturi va IT Park hamkorligining mohiyatidir.” 

Ehtimol, insonni boshqalardan ajratib turadigan narsa bu - yangilik yaratishga bo‘lgan to‘xtovsiz chanqoqlikdir. Shunday chanqoqlik bir vaqtlar garajdagi bolalar laboratoriyasini butun mintaqaning innovatsion yuragiga aylantiradi. 

Axir Alisher Fayzullayev bizga bir haqiqatni ko‘rsatdi: o‘yinchoqlar bilan o‘ynash o‘rniga ularni qismlarga ajratsangiz ham, bu ajoyib yo‘lning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, agar yo‘lingizda sizning iste’dodingizga ishonadigan va uni ro‘yobga chiqarishga yordam beradigan tashkilotlar bo‘lsa.