O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturining 2021–2025-yillar natijalarini mamlakat dasturi doirasida ko‘rib chiqdi
13-April, 2026
Toshkent, 2026-yil 8-aprel – O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturining 2026-yilgi Mamlakat dasturi kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2021–2025-yillar uchun mo‘ljallangan mamlakat dasturi natijalari tahlil qilindi hamda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturi hujjati (CPD) yuzasidan muhokamalar boshlandi. Ushbu sessiya yangi davr doirasidagi ilk Kengash yig‘ilishi bo‘lib, unda hamkorlar erishilgan natijalarni baholash, faoliyat samaradorligini ko‘rib chiqish hamda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan taraqqiyot strategiyasi bilan uyg‘unlashtirish maqsadida jam bo‘ldilar.
O‘zbekistonda inson taraqqiyoti sohasida, jumladan, umr ko‘rish davomiyligi oshishi va kambag‘allik darajasining qisqarishi borasidagi yutuqlar e’tirof etildi. Yig‘ilishda BMT Taraqqiyot Dasturining boshqaruv va iqtisodiy islohotlar, shuningdek, “yashil” o‘tish jarayonlariga qo‘shgan hissasi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, BMT Taraqqiyot Dasturi tashabbuslari 327 ta mahallani qamrab olib, qishloq hududlarida qariyb 1,5 million aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qildi hamda Orolbo‘yi hududida iqlimga moslashuvchanlikni kuchaytirishga ko‘maklashdi.
2021–2025-yillar dasturi bo‘yicha asosiy natijalar:
Kuchli dastur natijalari: Rejalashtirilgan 105 million AQSh dollariga nisbatan 115 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ safarbar etildi. Dastur belgilangan yo‘nalishda amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Boshqaruv va qonun ustuvorligi: Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda raqamli transformatsiya natijasida 20 million aholi foyda ko‘rdi, korrupsiyaga qarshi islohotlar jadallashdi, 31 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatildi, 3 mingdan ortiq yoshlar zo‘ravon ekstremizmning oldini olish tashabbuslaridan foyda oldi.
Ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni kamaytirish, inklyuziv iqtisodiy o‘sish va Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) moliyalashtirilishi: Integratsiyalashgan milliy moliyalashtirish tizimi ishlab chiqildi, MDH mintaqasida ilk bor BRM obligatsiyasi chiqarildi, 6 mingta xonadonni qamrab olgan ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi pilot loyihasi amalga oshirildi. 10 mingdan ortiq, jumladan ayollar va yoshlar qo‘llab-quvvatlandi hamda har yili qariyb 500 ta ish o‘rni yaratilishi jadallashtirildi.
Iqlim va atrof-muhit: 6,5 million aholi erta ogohlantirish tizimlaridan foyda ko‘rdi, Orolbo‘yi hududida 15 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar asosiy xizmatlar va ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 1,4 million kunlik foydalanuvchi “yashil” transport yo‘lagidan foydalanmoqda. Shuningdek, yashil iqtisodiyot asoslari, qishloq xo‘jaligi innovatsiyalari, Milliy miqyosda belgilanadigan hissalari (NDC 3.0), energiya samaradorligi choralari, besh yo‘nalishda milliy moslashuv rejalari, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish hamda 9 ta qo‘riqlanadigan hududni tashkil etishga hissa qo‘shildi.
Turli yo‘nalishlarni qamrab olgan natijalar: Gender tengligini tizimli joriy etish, mahalliy hokimiyat organlari, mahallalar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikda qishloq hududlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash ta’minlandi.
Kengash, shuningdek, dastur doirasidagi xatarlar va ularni kamaytirish choralarini, hamda Mustaqil mamlakat dasturi baholash natijalarini ko‘rib chiqdi. Baholash milliy ustuvor yo‘nalishlar bilan yuqori darajada uyg‘unlikni tasdiqladi, shu bilan birga tizimlar integratsiyasi, boshqaruvdagi cheklovlar va fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda takomillashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
Mazkur xulosalarga asoslanib, BMT Taraqqiyot Dasturi 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi CPD’ni taqdim etdi. U tizimli yondashuvga asoslangan bo‘lib, loyihaviy faoliyatdan portfelga asoslangan, integratsiyalashgan yondashuvga o‘tishni nazarda tutadi. Taklif etilayotgan dastur to‘rtta asosiy ustunga qaratiladi: kuchli va adolatli institutlar, inklyuziv iqtisodiy o‘sish, sog‘liqni saqlash barqarorligi va “yashil” o‘tish.
Kengash a’zolari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yangilangan natijalar tizimi hamda 2026-yil ish rejasining ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqib, milliy ustuvorliklarga moslik, ma’lumotlar mavjudligini yaxshilash hamda innovatsiyalar, jumladan raqamlashtirish va sun’iy intellekt integratsiyasining muhimligini ta’kidladilar. Kengash kelgusi davr uchun strategik yo‘nalishlarni ma’qulladi va qo‘shma natijalarga erishish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini yana bir bor tasdiqladi.
Resurslar: