Oʻzbekiston maktablarini 4060 ta “Iqlim qutichasi” oʻquv qo‘llanmalari bilan ta’minlash orqali iqlim taʼlimi dasturi kengaytirilmoqda

6-May, 2026
Group of people posing for a formal event photo, blue folders on a table, backdrop with flags.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Toshkent, Oʻzbekiston – 2026-yil 6-may. Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mamlakat boʻylab maktablarga 4 060 ta “Iqlim qutichasi” oʻquv qo‘llanmalari topshirdi. Marosim Toshkent shahridagi 255-sonli maktabda boʻlib oʻtdi.

Ushbu tashabbus oʻqituvchilarni amaliy va tayyor materiallar bilan taʼminlash hamda oʻquvchilarning iqlim oʻzgarishi borasidagi xabardorligini oshirish orqali butun mamlakat boʻylab iqlim taʼlimini kuchaytirishni maqsad qilgan. “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan hamda Rossiya ishonch jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan ushbu loyihada asosiy eʼtibor chekka qishloq hududlaridagi maktablarga qaratilgan boʻlib, bu sifatli taʼlim resurslaridan foydalanishdagi tafovutni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Dastlab 2024-yilda BMT Taraqqiyot Dastruri tomonidan ishlab chiqilgan “Iqlim qutichasi” bugungi kunga kelib xalqaro dasturga aylandi. Hozirda u 17 ta tilda mavjud boʻlib, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi milliy oʻquv dasturlariga moslashtirilgan. Soʻnggi yangilanishlar (2023–2026-yillar) mazmunan boyitilgan kontentni hamda dasturning Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarigacha kengayganini oʻz ichiga oladi.

Ushbu o‘quv qo‘llanma bosma materiallarni raqamli platforma bilan birlashtirgan holda, oʻqituvchilarga iqlim oʻzgarishi boʻyicha interfaol va tushunarli darslar oʻtish imkonini beradi. Mazkur qoʻllanma murakkab ekologik mavzularni amaliy va qiziqarli sinf mashgʻulotlariga aylantiradi hamda zamonaviy, oʻquvchiga yoʻnaltirilgan taʼlim yondashuvini qoʻllab-quvvatlaydi.

Tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi elchixonasi va BMT Taraqqiyot Dasturi vakillari, shuningdek, iqlim boʻyicha ekspertlar hamda pedagoglar ishtirok etdi. Bugun tarqatilgan 4 060 ta bosma nashr, birinchi navbatda, chekka qishloq maktablari uchun moʻljallangan boʻlib, bu butun Oʻzbekiston boʻylab iqlim taʼlimidan kengroq va teng foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi. Ushbu qo‘llanmalarning topshirilishi iqlim taʼlimini milliy maktab tizimiga integratsiya qilish hamda Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish yoʻlidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlashda muhim qadamdir.

"Iqlim ta’limini milliy ta'lim tizimiga integratsiya qilish O‘zbekiston uchun asosiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Ushbu 4060 ta "Iqlim qutichasi" to‘plamlarining topshirilishi butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, chekka qishloq joylardagi o‘qituvchilarning o‘z o‘quvchilariga zamonaviy, amaliyotga yo‘naltirilgan ekologik ta’lim berish salohiyatini mustahkamlaydi," - dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

“Barqaror va mustahkam kelajakni barpo etish taʼlimdan boshlanadi. Yuqori sifatli iqlim taʼlimi materiallaridan keng foydalanish imkoniyatini taʼminlash yoshlar uchun global ekologik muammolarni tushunish va oʻz jamoalarida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda faol ishtirok etishda teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi”, – deb taʼkidladi Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Yuriy Boychenko.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

“Iqlim qutichasi shunchaki o‘quv qoʻllanmalar toʻplami emas; u iqlim taʼlimini oʻquvchilar uchun tushunarli va qiziqarli qilishga moʻljallangan keng qamrovli, interfaol dasturdir. Ushbu qo‘llanmalarning topshirilishi bizning yoʻlimizdagi muhim bosqichni belgilab beradi. Bu iqlim oʻzgarishi mavzusini milliy taʼlim tizimiga integratsiya qilish hamda ‘yashil’ yetakchilarning yangi avlodiga imkoniyatlar yaratish yoʻlidagi amaliy qadamdir”, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Ushbu tashabbus orqali hamkorlar 2030-yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish kun tartibiga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlaydilar hamda iqlim taʼlimi Oʻzbekistonning yanada barqaror va mustahkam kelajagi uchun asosiy drayver ekanligini taʼkidlaydilar.

Qoʻshimcha maʼlumot va OAV uchun soʻrovlar boʻyicha: Gauhar Kudaybergenova,BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi atrof-muhit boʻyicha dastur tahlilchisi: gaukhar.kudaybergenova@undp.org