Yaponiya tomonidan moliyalashtirilgan tashabbus doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonda energiya samarador obyektlarni hukumatga topshirdi
1-May, 2026
Sirdaryo viloyati, 29-maktabda obyektlarni topshirish marosimi
Sirdaryo viloyati, 2026-yil 30-aprel - Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda hamda Yaponiya hukumati moliyaviy ko‘magida Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida beshta energiya samarador pilot obyektni rasman foydalanishga topshirdi. Mazkur obyektlar mahalliy hokimiyatlarga topshirilib, O‘zbekistonning dekarbonizatsiya va barqaror rivojlanish yo‘lidagi muhim qadamini ifodalaydi.
Tashabbus doirasida ijtimoiy muassasalarda propan asosidagi issiqlik nasoslari va zamonaviy konditsionerlar o‘rnatilib, eskirgan tizimlar almashtirildi hamda yiliga 482 tonna issiqxona gazlari chiqindilari kamaytirildi. Ushbu yangilanishlar butun mamlakat bo‘ylab kengaytirish mumkin bo‘lgan past uglerodli yechimlarni namoyish etadi.
“BMTTDning ‘Iqlim va’dasi’ tashabbusi orqali biz O‘zbekiston kabi mamlakatlarga majburiyatlarni amaliy natijalarga aylantirishda ko‘mak berishga sodiqmiz. Ushbu pilot obyektlar innovatsiya va hamkorlik past uglerodli kelajakka o‘tishni qanday tezlashtirishi mumkinligini ko‘rsatadi,” dedi Akiko Fujii xonim, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi.
Energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar allaqachon sezilarli natijalar berdi. 12 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi oilaviy poliklinika energiya iste’molini ikki barobarga kamaytirib, samaradorlikni deyarli to‘rt barobar oshirdi. Umumiy sig‘imi 580 nafar bolaga mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasalari sovitish energiyasi sarfini kamida 15% ga, issiq suv iste’molini esa 3,5 barobardan ko‘proq kamaytirdi. 29-maktabda modernizatsiya natijasida energiya iste’moli 56% ga kamayishi va samaradorlik darajasi “D” dan “A” ga oshishi kutilmoqda.
Isitish uchun past GWP issiqlik nasoslari
Umuman olganda, loyihalar yiliga taxminan 20 000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ tejash, 175 tonna ko‘mirdan foydalanishni bartaraf etish hamda chiqindilarni yiliga 482 tonnaga kamaytirishga xizmat qiladi. Qoplanish muddati 7,5 yildan 26 yilgacha bo‘lib, bu loyihalarning ekologik va iqtisodiy samaradorligini ko‘rsatadi.
“Ushbu obyektlar mamlakat miqyosida kengaytirish mumkin bo‘lgan amaliy yechimlarni namoyish etish uchun tanlab olindi. Ular O‘zbekistonning energiya samaradorligi va iqlim barqarorligiga erishish yo‘lidagi modeli hisoblanadi,” dedi Iqtisodiyot va moliya vaziri o'rinbosari Umid Obidxo'jayev.
Topshirish marosimi davomida loyiha hamkorlari, hududiy manfaatdor tomonlar va jamoatchilik vakillari modernizatsiya qilingan obyektlar - jumladan, 29-maktab, oilaviy poliklinika va bir nechta bolalar bog‘chalarini ko‘zdan kechirdi. Mahalliy aholi ushbu o‘zgarishlar kundalik hayot sifatini yaxshilab, oilalar va bolalar uchun yanada qulay, sog‘lom va barqaror muhit yaratganini ta’kidladi.
Sirdaryo viloyati 4-oilaviy poliklinika
2025-yil mart oyida 1 million AQSh dollari umumiy byudjet bilan boshlangan loyiha uchta asosiy yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishdi: Parij kelishuvi 6-moddasi doirasida xalqaro hamkorlik, energiya samaradorligi bo‘yicha amaliy pilot loyihalar hamda inklyuziv dekarbonizatsiya uchun salohiyatni oshirish. Yaponiya bilan qo‘shma kreditlash mexanizmi orqali O‘zbekiston investitsiyalarni jalb qilish, texnologiyalarni transfer qilish va o‘zining milliy belgilangan hissalari (NDC) maqsadlariga erishish uchun institutsional asos yaratmoqda. Amaliy jihatdan, Mirobod tumani va Sirdaryoda amalga oshirilgan oltita pilot tashabbus - maktablar, bolalar bog‘chalari va shifoxonani qamrab olib — issiqlik izolyatsiyasi, energiya tejamkor oynalar, zamonaviy issiqlik nasoslari va elektrobuslar bilan “yashil” transport yo‘laklari kabi toza texnologiyalarni namoyish etmoqda.
Ushbu ishlarni to‘ldirgan holda, BMTTD kamida 40 nafar manfaatdor tomonni adolatli o‘tish tamoyillari va pilot loyihalar natijalarini hujjatlashtirish bo‘yicha o‘qitdi hamda olingan tajribalarni umumlashtirib, mamlakat bo‘ylab energiya samarador va iqlimga mos yechimlarni keng joriy etish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqdi.
BMTTDning “Iqlim va’dasi” tashabbusi va Yaponiya haqida:
Yaponiya iqlim inqirozini butun insoniyat uchun tahdid deb biladi va BMTTD bilan hamkorlikda mamlakatlarga iqlim bo‘yicha harakatlarni jadallashtirishda yordam beradi. 2021-yilda BMTTD “Iqlim va’dasi” tashabbusining yangi bosqichi - “Va’dadan amaliy natijaga” dasturini ishga tushirdi, uning maqsadi NDC maqsadlarini aniq harakatlarga aylantirishdan iborat. Yaponiya ushbu bosqichning eng yirik hamkori bo‘lib, Germaniya, Shvetsiya, Yevropa Ittifoqi, Ispaniya va Italiya kabi uzoq yillik hamkorlar hamda Buyuk Britaniya, Belgiya, Islandiya va Portugaliya kabi yangi hamkorlar bilan birgalikda ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Keng doiradagi hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan “Va’dadan amaliy natijaga” tashabbusi Parij kelishuvi doirasida 120 dan ortiq mamlakatlarga o‘z milliy belgilangan hissalarini kuchaytirish va amalga oshirishda yordam berdi.
Loyiha haqida batafsil ma’lumot:
https://www.undp.org/uzbekistan/projects/promoting-innovative-decarbonization-solutions