Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonda ochiq va hisobdor davlat boshqaruvni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashlari forumini qo‘llab-quvvatladi
2-December, 2025
Toshkent, 2025-yil 1-dekabr – Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) “Yuksalish” umummilliy harakati va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi "Yoshlar ijod saroyi"da Jamoatchilik kengashlari bo‘yicha yarim kunlik forum o‘tkazdi.
Forum Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbirda vazirliklar, davlat idoralari, mahalliy hokimiyat organlari, Jamoatchilik kengashlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forum O‘zbekistonda ochiq, shaffof va hisobdor davlat boshqaruvini rivojlantirishda Jamoatchilik kengashlarining roli bo‘yicha ochiq muloqot va tajriba almashish uchun platforma bo‘ldi. Ishtirokchilar Jamoatchilik kengashlarining bugungi holati, ular duch kelayotgan muammolar va ularning samaradorligi, inklyuzivligi va huquqiy asoslarini oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
"Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov O‘zbekiston boshqaruv tizimida fuqarolar ishtiroki va hisobdorlik mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida Xovos tumani (Sirdaryo), Sho‘rchi tumani (Surxondaryo) va Kosonsoy tumani (Namangan) qoshida Jamoatchilik maslahat kengashlari allaqachon muvaffaqiyatli tashkil etilgan. Ushbu muvaffaqiyatdan kelib chiqib, Xorazmning Yangiariq tumani, Buxoroning Buxoro shahri va Farg‘onaning O‘zbekiston tumanida 3 ta yangi Jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Forum davomida “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi maslahatchi Saida Mustafayeva so‘nggi yillarda yangi Jamoatchilik kengashlari faoliyati monitoringi natijalari, erishilgan yutuqlar va ularning mahalliy darajadagi ta’sirini oshirish bo‘yicha takliflarni taqdimot qildi. Xovos va Kosonsoy tumanlari Jamoatchilik kengashlari raislari Temur Razzoqov va Dilfuza Valiyeva o‘z tajribalaridan kelib chiqib, erishilgan natijalar haqida so‘zlab berdilar.
Taqdirlash marosimida eng faol va samarali Jamoatchilik kengashlari fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi.
"Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning ochiq va ishtirokchi davlat boshqaruviga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi. Jamoatchilik kengashlari fuqarolar ovozi eshitilishi va davlat siyosatida aks etishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi," - dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
Forum yakunida ishtirokchilar me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, institutlararo hamkorlikni kengaytirish va butun mamlakat bo‘ylab Jamoatchilik kengashlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy tavsiyalar to‘plamini ishlab chiqdilar.
Ushbu tashabbus Hukumatning jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolar va hokimiyat organlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, barcha darajalarda shaffof va hisobdor boshqaruvni rag‘batlantirish bo‘yicha kengroq kun tartibiga hissa qo‘shadi.