Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi ma’lumotlar (data) orqali samarali boshqaruvni ilgari surmoqda

24-September, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Toshkent, O‘zbekiston – 2025 yil 25 sentyabr Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “O‘zbekistonda ma’lumotlarni boshqarishni baholash va jadallashtirish” mavzusida bir kunlik ko‘p tarmoqli seminar tashkil etdi. Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan hamda BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat organlari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va akademik doira vakillaridan iborat 30 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi. Seminarda erishilgan natijalar tahlil qilindi hamda ma’lumotlarni boshqarish ekotizimini yanada mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi. Tadbir davomida ma’lumotlar boshqaruvi tamoyillari va qonunchiligi, institutsional vazifalar va jarayonlar hamda ma’lumotlar infratuzilmasi va o‘zaro ishlash imkoniyatlariga bag‘ishlangan uchta tematik sessiya o‘tkazildi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar janobi oliylari o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: “Samarali va shaffof ma’lumotlar boshqaruvi O‘zbekistonda ham, Yevropa Ittifoqida ham har bir kishi uchun dolzarb masaladir. Shu bois Yevropa Ittifoqi raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, boshqaruv tizimini mustahkamlash va O‘zbekistonda davlat xizmatlarining har bir fuqaro ehtiyojlariga mos, qulay, samarali va ochiq bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan loyihani moliyalashtirmoqda. Bu, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Global Gateway Strategiyasi maqsadlarini ham ifodalaydi. Mazkur strategiya ishonchli va barqaror raqamli bog‘liqlikni rivojlantirish orqali O‘zbekistonda xavfsiz, inklyuziv va fuqarolarga yo‘naltirilgan raqamli xizmatlarni shakllantirishga yordam beradi.”

BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Fayyad Qarman o‘z nutqida raqamli transformatsiyada ma’lumotlarni boshqarishning naqadar muhimligiga alohida urg‘u berdi: “Ma’lumotlarni samarali boshqarish faqat texnik yoki huquqiy masala emas. Bu – ishonch, inklyuzivlik va insonlarning raqamli rivojlanish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishini ta’minlashdir. O‘zbekiston bu borada muhim natijalarga erishdi va biz mamlakatni xavfsiz, shaffof hamda insonlar ehtiyojiga yo‘naltirilgan ma’lumotlar ekotizimini yaratishda qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz.”

Muhokamalar davomida soha rivoji yo‘lida olib borilayotgan ishlarga baho berildi, huquqiy himoya va ijro mexanizmlaridagi bo‘shliqlar aniqlanib, bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi, Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligining tashkil etilishi va O‘zbekistonning Ochiq ma’lumotlar portalidan foydalanishning oshib borayotganligi kabi qator yutuqlarni qayd etdilar. Shu bilan birga, muhokamalar davomida tizimlarning tarqoqligi, o‘zaro ishlashdagi qiyinchiliklar, hamda ayollar va qishloq aholisi orasida raqamli ko‘nikmalar yetishmovchiligi kabi muammolar ham muhokama qilindi. Seminar mamlakat bo‘ylab shaffoflik, innovatsiya va ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilishni ta’minlaydigan yagona, inklyuziv va samarali ma’lumotlarni boshqarish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha ochiq muloqot maydoniga aylandi.

Ma’lumot uchun:

“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:

  1. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.

  2. Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.

  3. Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.

  4. Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o’zgartirish.

Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
 

Jaloliddin Badalov

Communication Analyst UNDP in Uzbekistan Email: jaloliddin.badalov@undp.org 

Malika Musaeva

Press and Information Officer / Delegation of the European Union in the Republic of Uzbekistan / Email:delegation-uzbekistan@eeas.europa.eu