Qoraqalpog‘istonlik yosh tadbirkorlar investorlarga o‘z loyihalarini taqdim etdi

22-August, 2025
A young woman speaks at a presentation, holding a microphone, with a display behind her.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Nukus, Qoraqalpog‘iston, 2025-yil 20-21-avgust - BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim va Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, missiya rahbari o‘rinbosari janob Andrin Finkning rasmiy tashrifi davomida qoraqalpog‘istonlik yosh tadbirkorlar mintaqa iqtisodiyotini o‘zgartirish bo‘yicha o‘z loyihalarini taqdim etdilar.

Tashrif Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Yermanov bilan uchrashuvdan boshlandi, unda tomonlar barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilib, dasturiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, hukumat tomoni mahalliy yoshlarning barqaror rivojlanishiga qaratilgan qo‘shma loyihalarga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Rais Yermanov ekologiya, suvni tejash, yoshlar va ayollar uchun ish o‘rinlarini yaratish sohasidagi davlat ustuvorliklariga mos keladigan BMTTD dasturiy tashabbuslarining yuqori ahamiyatini ta’kidladi. Akiko Fujii xonim tashkilotning yosh avlodni startap tashabbuslari va raqamli texnologiyalar orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tiborini ta’kidlab, mintaqadagi uchta kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati natijalarini taqdim etdi. Mintaqaga ilk bor tashrif buyurgan janob Andrin Fink Shveysariya agentligining yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi.

Tashrif doirasidagi muhim tadbirlardan biri Urganch va Nukusda bo‘lib o‘tgan Startup Pitching Demo Day bo‘ldi — bu Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC)  tomonidan  moliyalashtirilgan,  Iqtisodiyot  va moliya  vazirligi hamda BMTTDning “Yoshlarning  raqamli iqtisodiyot  va raqamli tadbirkorlikni  rivojlantirish imkoniyatlarini  kengaytirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan Startup Initiatives dasturining asosiy tadbiri hisoblanadi.

Ushbu tashabbus 2025 yil yanvar oyida boshlangan bo‘lib, 12 ta hudud va Qoraqalpog‘iston Respublikasini qamrab oldi. Dastur uchta o‘zaro bog‘liq bosqichdan iborat:

  • Startup Induction Trainings — yanvardan maygacha 326 nafar ishtirokchi, jumladan 184 nafar qiz, startap bo‘yicha asosiy bilimlarni oldi.
  • Startup Incubation — iyundan boshlab 45 ta startap va 173 nafar ishtirokchi (shulardan 42 tasi qizlar) o‘z loyihalarini inkubatsiya dasturi doirasida rivojlantirmoqda.
  • Startup Pitching Demo Days — yakuniy bosqich bo‘lib, unda jamoalar o‘z g‘oyalari va MVPlarini investorlarga, davlat idoralari hamda xalqaro tashkilotlarga taqdim etadi.

G‘oyalar namoyishi va yangi istiqbollar

Demo Day doirasida startap jamoalari o‘z loyihalarini mahalliy hokimiyat vakillari, investorlar va startap ekotizimi hamkorlaridan iborat hakamlar hay’atiga taqdim etdilar.

  • Urganchda 7 ta jamoa chiqish qilib, fintex, EdTech, onlayn-servislar, HR-tech, health-tech va ijaraga oid yechimlarini taqdim etdi.
  • Nukusda esa 9 ta jamoa o‘z g‘oyalarini namoyish qilib, AgriTech, EdTech, GreenTech, e-commerce va ijtimoiy innovatsiyalar yo‘nalishlarini qamrab oldi.

BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim ta’kidlaganidek: “Startaplar bu shunchaki biznes emas — ular muammolarni hal qiladi va o‘zgarishlar agentiga aylanadi”.

Urganchdagi tashrif davomida BMTTD va SDC vakillari shuningdek, mahalliy hokimiyat, tadbirkorlar va yosh startapchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, innovatsion ekotizimni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash choralarini va yoshlarning raqamli iqtisodiyot hamda tadbirkorlikdagi imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, Akiko Fujii xonim va Andrin Fink janoblari Yaponiya hukumati va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari bilan tanishdilar:

Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan OVOP-Aral (One Village One Product - Orol) dasturi resurslardan samarali foydalanishga asoslangan barqaror ishlab chiqarish va iste’molga innovatsion yondashuvni taqdim etadi. Ushbu model, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun dolzarbdir, chunki u logistika xarajatlarini minimallashtirgan holda mahalliy resurslar asosida raqobatbardosh mahsulotlarni yaratish imkonini beradi. Dastur doirasida BMT Taraqqiyot dasturi va Yaponiya ko‘magida mintaqa ishlab chiqaruvchilarining mahalliy mahsulotlarini o‘z ichiga olgan raqamli institutsionalizatsiya platformasi yaratildi, bu elektron tijorat va global ta’minot zanjirlariga qo‘shilish imkoniyatlarini ochadi.

Raushan Sharafatdinovaning kovul ishlab chiqarish tashabbusi dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar raqamli yechimlar va onlayn marketing orqali iqlim muammolarini qanday qilib raqobatbardosh ustunliklarga aylantirishi mumkinligini ko‘rsatadi. "Maqsadim - Orolbo‘yi sharoitida ham jahon darajasidagi mahsulotlar yarata olishimizni dunyoga ko‘rsatish. Kaperslar shunchaki bizning sharoitimizga moslashgan emas - ular bu yerda boshqa joylarga qaraganda yaxshiroq rivojlanmoqda," - deydi yosh tadbirkor. Yosh olima o‘zining akademik bilimlarini Orolbo‘yi mintaqasining og‘ir sharoitlariga maxsus moslashtirilgan innovatsion yetishtirish usullarini ishlab chiqishda qo‘llamoqda. Uning tashabbusi nafaqat sog‘lom ovqatlanish masalalarini hal qiladi, balki mamlakatning boshqa hududlari takrorlashi mumkin bo‘lgan modelni namoyish etib, "yashil" ish o‘rinlarini yaratadi.

Abdulla Allambergenov rahbarligidagi "Bravion" MCHJ tomat pastasi ishlab chiqarish korxonasi Orolbo‘yi mintaqasida iqlimga chidamli ishlab chiqarish modelini taqdim etadi. Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan BMTTD loyihasining texnik ko‘magida korxona har oyda 60 tonnagacha tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirdi va Nukus tumanining 55 mingdan ortiq aholisini mahalliy xomashyodan tayyorlangan sifatli mahsulotlar bilan ta’minladi. "Ilgari sifatli tomat pastasi uzoqdan, transport xarajatlari yuqori bo‘lgan holda yetkazib berilar edi. Endi nafaqat viloyatni ta’minlayapmiz, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilishni rejalashtiryapmiz," - deya ta’kidlaydi yosh tadbirkor Abdulla Allambergenov.

"Nukus baliq" mas’uliyati cheklangan jamiyatida dudlangan mahsulotlar ishlab chiqarish zamonaviy iqtisodiyotda an’anaviy texnologiyalarning salohiyatini namoyish etadi. Qallibek Primbetov korxonani oyiga 6 tonna ishlab chiqarish quvvatiga ko‘tarib, 25 ga yaqin kishini doimiy ish bilan ta’minladi. Yaponiya va BMTTDning texnik ko‘magi bilan tadbirkor iqtisodiy faoliyat atrof-muhitni muhofaza qilish nuqtayi nazarlariga javob beradigan ko‘rinishni amalga oshiradi.

"Maqsadimiz - Qizil kitobga kiritilgan noyob baliq turlarini, masalan, kurakburunlarni saqlab qolish. Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda baliq yetishtirib, Amudaryoga qo‘yib yuboryapmiz. Bu bizning missiyamiz - baliqchilik bilan bog‘liq chuqur madaniy merosga ega mintaqada yo‘qolib borayotgan turlarni qayta tiklashdir," - deydi Qallibek. Uning tashabbusi iqtisodiy rivojlanishni ekologik missiya bilan birlashtiradi: ish o‘rinlarini yaratish, madaniy merosni asrab-avaylash va mintaqaning biologik xilma-xilligini tiklash.

Taqdim etilgan tashabbuslar BMTTDning raqamli va savdo infratuzilmasini rivojlantirishga yaxlit yondashuvini aks ettirib, geografik to‘siqlar ixtisoslashuv va innovatsiyalar orqali qanday qilib raqobatbardosh ustunliklarga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Nukusning startap ekotizimidan tortib OVOP-Aral raqamli platformasigacha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashdan an’anaviy texnologiyalargacha - har bir qo‘llab-quvvatlangan korxona iqtisodiy o‘sishning katalizatoriga aylanib, multiplikativ ta’sir ko‘rsatadi va mamlakatning boshqa barcha hududlari uchun takrorlanadigan model yaratadi.

Tashrif BMTTDning hududlarni qo‘llab-quvvatlashga kompleks yondashuvini ta’kidladi: yoshlar o‘rtasida raqamli tadbirkorlikni rivojlantirishdan tortib, barqaror rivojlanish va ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashishgacha.