Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish usullari taqdimoti oʻtkazildi

28-November, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Bugun Toshkent Suv xoʻjaligi vazirligida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining yashil iqtisodiyotga inklyuziv oʻtishini qoʻllab quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida "Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish” seminari boʻlib oʻtdi.

Unda Qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Alisher Toʻrayev, BMTTD loyihasi xodimlari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy Tadqiqot Universiteti, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent, Fargʻona va Qashqadaryo viloyat hokimliklari va u yerda faoliyat olib boruvchi AKIS agro xizmatlar markazlari hamda qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat olib boruvchi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlarining soha mutaxassislari va NNTlar vakillari ishtirok etdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Tadbir ishtirokchilari dastlab Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining sugʻorish texnologiyalari va texnikasi, gidrotexnika va melioratsiyada gidrodinamika jarayonlarini modellashtirish va Meliorativ texnika va mexanizmlar laboratoriyasi hamda Saniplast korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib,  korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan tomchilatib sugʻorish tizimlarini koʻzdan kechirishdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

“Global iqlim oʻzgarishi natijasida soʻnggi yillarda suv tanqisligi va ichki irrigatsiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelganligi sabab, sugʻoriladigan ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashishib bormoqda. Buning oqibatida fermer va dehqonlar suv tanqisligidan eng koʻp zarar koʻrib, hosildorlik pasayishiga duch kelishmoqda. Bu esa, qishloq xoʻjaligining umumiy iqtisodiyotga salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan EU-AGRIN loyihamiz doirasida, yuqoridagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, namunaviy hududlarimiz hisoblanmish Toshkent, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlaridagi kichik fermer va dehqon xoʻjaliklarida Yevropaning yetuk tajribasini qoʻllashni rejalashtirganmiz. Iqlim oʻzgarishiga moslashib, yer va suv resurslarini tejaydigan texnologiyalardan unumli foydalangan holda, suvsizlikka chidamli ekin turlarini yaratish va ularni sinovdan oʻtkazish orqali dehqon va fermer xoʻjaliklariga innovatsiyalarni joriy etishga koʻmaklashishni maqsad qilganmiz. Bugungi seminar soha mutaxassislariga foydali boʻlishiga umid qilamiz”. – dedi, EU-AGRIN loyihasining milliy koordinatori Ulugʻbek Islamov.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Seminarda yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligi holati buzilishining oldini olish, sifatli mahsulot yetishtirish borasidagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish xususida atroflicha soʻz yuritildi. Xususan, sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining umumiy barqarorligiga erishishda suvning ahamiyati: Yevropa Ittifoqi va global siyosatining umumiy koʻrinishi”, “Sugʻoriladigan maydonlarda “dala sugʻorish tizimi – SMART” texnologiyasini joriy qilish”, “Yer - suv resurslaridan oqilona foydalanish va shoʻrlangan yerlar melioratsiyasi”, “Suv xoʻjaligi tizimini raqamlashtirishda “Aqlli suv” qurilmalari, “Qishloq xoʻjaligida suv hisobini yuritish: innovatsion usullar” va “Iqlim oʻzgarishi sharoitida suv tanqisligini yumshatish” mavzularidagi taqdimotlari tinglandi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Shuningdek, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish, choʻllanishning oldini olish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashlab ekish, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanishda resurs tejamkor ilgʻor texnologiyalarni joriy etish kabi mavzular boʻyicha tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan javob oldilar.