O‘zbekiston CITES CoP20 konferensiyasi oldidan yovvoyi hayvonlarning tartibga solinadigan savdosi bo‘yicha global harakatlarni rag‘batlantirish uchun yuqori darajadagi muloqotni o‘tkazmoqda.
24-November, 2025
2025-yil 23-noyabr, Samarqand – Butun dunyodan vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va yetakchi ekspertlar Samarqandda “CITES CoP20 konferensiyasining strategik ta’sirini oshirish: siyosatdan amaliyotga – monitoring, moliyalashtirish va yovvoyi tabiat hayvonlari savdosini tartibga solish bo‘yicha harakatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi muloqot uchun yig‘ilishdi.
O‘zbekiston hukumati tomonidan CITES kotibiyati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur muloqot 2025-yil 24-noyabrdan 5-dekabrgacha Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya (CITES CoP20) ishtirokchilari konferensiyasining 20-yig‘ilishiga asos boʻldi.
Yuqori darajadagi ushbu muloqot yovvoyi tabiat obyektlarining xalqaro savdosini boshqarish siyosati va amaliyoti o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, moliyalashtirish bo‘yicha innovatsion yechimlarni ilgari surish va CITES CoP20 konferensiyasida yanada dadil va salmoqli natijalarga erishishga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan turlarni saqlash bo‘yicha muvaffaqiyatli mintaqaviy va global yondashuvlarni yoritish uchun Markaziy Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarning vazirlari va yuqori martabali vakillarini bir joyga toʻpladi.
“Koʻtarilgan masala rasmiyatchilik emas, balki birgalikda harakat qilishga chaqiriqdir. Biz duch kelayotgan muammolar shoshilinch, amaliy va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladi. Yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning noqonuniy savdosi ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha giyohvand moddalar, qurollar va odam savdosidan keyin eng yirik jinoiy bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda. Yaqinda dunyodagi yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlar to‘g‘risidagi hisobotda (2024) aytilishicha, 162 mamlakatda noqonuniy savdo holatlari 4000 ga yaqin flora va fauna turlariga, shu jumladan CITES konvensiyasiga kiritilgan 3250 turga ta’sir qiladi. Tegishli mutasaddilar 13 million donadan ortiq mahsulotni musodara qildi,” – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. “Barcha ishtirokchilarni hamkorlik va o‘zaro hurmat ruhida faol ishtirok etishga chaqiraman. Bizning umumiy muvaffaqiyatimiz global yovvoyi tabiatni muhofaza qilishni kuchaytiradigan yechimlar ustida birgalikda ishlash salohiyatimizga bog‘liq bo‘ladi”.
CITES Bosh kotibi Ivon Iguero xonimning ta’kidlashicha: “Yovvoyi tabiat va ekotizimlar kelajagini ta’minlashda innovatsion moliyaviy yechimlar muhim rol o‘ynaydi. GEF jamgʻarmasining donorlar tomonidan moliyaviy resurslar bilan to‘qqizinchi to‘ldirilishi arafasida biz tomonlarni yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning beqaror savdosiga qarshi kurashish va turlarga asoslangan tabiatni muhofaza qilishni yanada kengroq ekotizim loyihalariga integratsiya qilish uchun investitsiyalarni ko‘paytirishga chaqiramiz. Moliyalashtirish mahalliy jamoalarni jalb qilish, tabiatni muhofaza qilishni birinchi o‘ringa qo‘yish va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni yaxshilash orqali harakatlarni rag‘batlantirishi kerak. Tabiatni muhofaza qilish maqsadli jamg‘armalari, ekotizim xizmatlari uchun to‘lovlar va tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq moliyalashtirish modellari kabi mexanizmlardan foydalangan holda, biz yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning barcha xalqaro savdosi qonuniy va barqaror bo‘ladigan dunyoni yaratishimiz mumkin”.
Yuqori darajadagi muloqot doirasida ikkita panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi:
1-panel: “Markaziy Osiyo – mintaqadan innovatsion yechimlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada bioxilma-xillikni saqlash, turlar monitoringi va barqaror savdo sohasidagi milliy tajribaga alohida e’tibor qaratildi.
2-panel: “Global yoʻnalish – xalqaro mexanizmlar va tuzilmalar” bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun CITES,Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolish to‘g‘risidagi konvensiya., Ramsar konvensiyasi, UNEP va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi kabi asosiy ko‘p tomonlama tabiatni muhofaza qilish kelishuvlari yetakchilarini to‘pladi.
Ishtirokchilar CITES konferensiyasining ustuvor yo‘nalishlari va ular bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan boshqa ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan kompleks yechimlarni kengaytirish va jadallashtirish yo‘llarini muhokama qildilar.
Tadbirda O‘zbekistonning innovatsion tashabbuslari, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturining bioxilma-xillikni milliy moliyalashtirishni rivojlantirishga qaratilgan “BIOFIN” dasturi haqida ham so‘z yuritildi.
“Tabiatni muhofaza qilishni moliyalashtirish ambitsiyalar va yutuqlar o‘rtasidagi ko‘prikdir,” – deya qo‘shimcha qildi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim. "Mintaqaviy yetakchilik va jahon tajribasini birlashtirgan holda, O‘zbekiston bioxilma-xillik va yovvoyi hayvonlarning barqaror savdosini moliyalashtirishning yangi modelini shakllantirishga hissa qo‘shmoqda."
Muloqot yuqori darajadagi bayonotlar sessiyasi bilan yakunlandi. Ishtirokchi mamlakatlar vazirlari va xalqaro tashkilotlar vakillari CITES doirasini mustahkamlash bo‘yicha fikr va majburiyatlarni almashdilar.
Yuqori darajadagi mazkur muloqot jahon yetakchilarini birlashtirib, CITES 20 tomonlar konferensiyasi nafaqat siyosiy majburiyatlar olishini, balki baholanuvchi harakatlarni amalga oshirishi va yovvoyi tabiatga ham, odamlarga ham uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishini ta’minlashga yordam berdi.
Batafsil maʼlumot uchun bogʻlaning:
Lola Rahmonboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati bo‘yicha maslahatchi
Email: info@eco.gov
BMTTDning OAV uchun bogʻnaish maʼlumotlari:
Ixtiyor Abdurahmonov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi raqamli kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassisi
Email: Ikhtiyor.abdurakhmanov@undp.org, Tel.: +998781203450
Otabek Eshmatov, GEF-8 loyihasining Jamoatchilik bilan aloqalar va bilimlarni boshqarish bo‘yicha mutaxassisi, BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
Email: otabek.eshmatov@undp.org, Tel.: +998935015051