O‘zbekistonlik tadbirkor ayollar kreativ iqtisodiyot va barqaror turizmda yangi imkoniyatlarni tadqiq qilmoqda
24-September, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi
O‘zbekiston, 2025-yil 20–28-avgust va 8–12-sentabr – Hamroh – ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) doirasidagi Akselerator dasturida ishtirok etayotgan tadbirkor ayollar rossiyalik xalqaro ekspertlar olib borgan bir qator mahorat darslari orqali qimmatli yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Trening mashg‘ulotlari ikki asosiy yo‘nalish: kreativ iqtisodiyot va mahalliy xususiyatlarga asoslangan barqaror turizmni rivojlantirish mavzularini qamrab oldi.
Maxsus mahorat darslari davomida ishtirokchilar kreativlik va barqaror turizm O‘zbekistonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishning kuchli drayverlari sifatida qanday xizmat qilishi mumkinligini o‘rgandilar. Barqaror turizm bo‘yicha ekspertlar Svetlana Kopylova va Iva Lebedeva tomonidan olib borilgan turizm mahsulotlarini ishlab chiqish bo‘yicha sessiyalarda qishloq hududlarida turizmni rivojlantirish nafaqat sayyohlarni jalb qilish, balki mahalliy aholi, jumladan, kichik biznes egalari, hunarmandlar va fermerlar uchun yangi daromad manbalari, qolaversa, ayollar, yoshlar va boshqa hamjamiyat a’zolari uchun ish o‘rinlari imkoniyatlarini taqdim etishi ta’kidlandi.
Ekaterina Biktimirova olib borgan kreativ iqtisodiyot bo‘yicha mahorat darsida esa ishtirokchilar turli xil bizneslar faoliyati davomida kreativlikni integratsiya qilish orqali qanday rivojlanishi mumkinligi haqida qimmatli bilim va tushunchalarga ega bo‘ldilar: “Kreativ iqtisodiyot ayollarga yangi mahsulotlar yaratish, bozorga chiqish va bizneslarini rivojlantirish imkonini beradi. Buni yosh onalardan tortib tajribali tadbirkorlargacha barcha uddalay oladi. Ishtirokchilarning fikrlari kreativ iqtisodiyot mavzusining dolzarbligini va ayollarning o‘z ijodiy salohiyatini ochishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rsatdi,” deya ta’kidladi kreativ iqtisodiyot bo‘yicha ekspert Ekaterina Biktimirova.
Barqaror turizm mavzusi ham tadbirkor ayollar, ayniqsa hududlarda faoliyat yuritayotgan ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan qabul qilindi. Ular o‘z tadbirkorlik faoliyatini turizm bilan bog‘lash orqali mahalliy resurslar va madaniy merosdan samarali foydalanib, yangi daromad manbalarini yaratish mumkinligini angladilar. Masalan, farg‘onalik bir ishtirokchi Rishton tumanidagi kulolchilik ustaxonasida hunarmandchilik turizmini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Namangandagi boshqa bir ishtirokchi esa baliqchilikka asoslangan loyiha ishlab chiqib, sayyohlarga baliq ovlash tajribasini taqdim etishni taklif qildi.
“Mahorat darsidan keyin shaftoli va o‘rik bog‘imga sayyohlarni taklif qilish g‘oyasini o‘yladim. Boshqa ayollar amalga oshirayotgan loyihalar menga ham o‘z g‘oyamni amalga oshira olishimga motivatsiya berdi,” deya ta’kidladi namanganlik bog‘bon-tadbirkor, WESP dasturi ishtirokchisi Aziza Mirzanazarova.
Xalqaro tajriba va mahalliy salohiyat uyg‘unlashgan holda o‘tkazilgan ushbu mahorat darslari kreativlik va barqaror turizm inklyuziv iqtisodiy o‘sishning kuchli harakatlantiruvchi omillari bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatdi. Mazkur mashg‘ulotlar “Rossiya va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida bilimlarni boshqarish va salohiyatni oshirish”, III bosqich mintaqaviy loyihasi doirasidagi “Rossiya ekspertlari talab asosida” dasturi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) Hamroh kompaniyasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda tadbirkor ayollar uchun bilim olish, mentorlikdan foydalanish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini yaratishda davom etadi. Bu ularga bizneslarini muvaffaqiyatli rivojlantirish va kengaytirishlariga zamin yaratadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun kontaktlar:
Zilola G‘aybullaeva, BMTTD Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi kommunikatsiya bo‘yicha tahlilchisi – zilola.gaybullaeva@undp.org
Diyora Mamadalieva, “Hamroh” kompaniyasi Kommunikatsiyalar, trening va mentorlik bo‘limi rahbari – d.mamadalieva@hamrohingiz.uz