2020 yilning may oyida BMTTD O‘zbekistonda karantin va karantindan keyingi davrda kichik va o‘rta korxonalar (KO‘K) hamda xususiy tadbirkorlarga bepul yuridik va biznes maslaxatlarni berish maqsadida Biznes-klinika dasturini ishga tushirdi. Klinika shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarida nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida to‘liq va ishonchli ma'lumot berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
2020 yil 18 may, Toshkent shahri - Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan COVID-19 koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida qat'iy karantin choralari kiritildi. Ular o‘z ichiga transport vositalari harakatini cheklash, tashqi va viloyatlararo chegaralarni yopish, bolalar bog‘chalari, maktablar va universitetlarga qatnash jarayonini to‘xtatib turish, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni bekor qilish kabi choralarni qamrab olgan.
Barcha fuqarolarning hayot tarziga cheklovlar o‘rnatish bilan birga ushbu karantin choralari O‘zbekistondagi kichik biznes faoliyatiga ham, boshqa mamlakatlardagi kabi, jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. O‘zbekiston uchun mazkur holat alohida xavotir o‘yg‘otuvchi mavzudir, chunki kichik va o‘rta korxonalar milliy iqtisodiyotning 57% tashkil etadi. Chet eldan pul o‘tkazmalarining qisqarishi, turizm sohasidagi jiddiy qiyinchiliklar hamda savdo va yetkazib berish zanjirlaridagi qator og‘ir masalalar - bularning barchasi muammolarga sabab bo‘lmoqda. Aksariyat korxonalar ishlab chiqarish hajmini va ishchilar sonini qisqartirishga majbur bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida ish bilan ta'minlashga va fuqarolarning daromadlari shakllanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.
Inqirozning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar majmuasi ishlab chiqildi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yilning shu davrigacha bo‘lgan muddatda imzolangan, jumladan 19 martdagi 5969-sonli, 3 apreldagi yildagi 5978-sonli va 27 apreldagi 5986-sonli farmonlari asosida shakllantirildi. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘arma tashkil etildi hamda tadbirkorlikni va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash ushbu jamg‘arma faoliyatining asosiy maqsadlaridan biri deb belgilandi.
BMTTD tomonidan COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida O‘zbekistonda ishga tushirilgan Tezkor javob choralari mexanizmi doirasida uchta yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi taklif etildi:
1) Ehtiyojlarni tezda aniqlab, ularni qondirish usullarini izlash;
2) Inqirozga qarshi samarali boshqaruvni tadbiq etish;
3) Erta tiklanishni qo‘llab-quvvatlash.
BMTTD uchinchi yo‘nalish doirasida Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda KO‘K va xususiy tadbirkorlar uchun Biznes-klinika dasturini ishga tushirdi. Ushbu klinika pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga bizneslarini tiklash hamda Hukumat tomonidan beriladigan imtiyoz va afzalliklar bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha bepul maslahat xizmatlarini ko‘rsatib boradi.
Tadbirkorlar bilan muloqot qilish uchun klinikada qator aloqa kanallari tashkillashtirildi, jumladan 1094 qisqa raqamli ishonch telefoni, https://t.me/biznes_klinika Telegram-kanali va www.businessinfo.uz veb-sayti. BMTTD pandemiyadan zarar ko‘rgan barcha kichik va o‘rta biznes egalarini tajribali mutaxassislardan malakali maslahatlarni olishga va qo‘llab-quvvatlash choralaridan (soliq va bojxona imtiyozlaridan, imtiyozli kreditlardan va hukumat tomonidan taqdim etilayotgan boshqa imtiyozlardan) Biznes-klinika xizmatlari orqali to‘liq foydalanishga taklif etafi.
Klinika kichik va o‘rta korxonalarga nafaqat karantin davridan o‘tib olishga, balki o‘z faoliyatlarini yangi yo‘nalishlarda tiklashlari uchun g‘oyalar va imkoniyatlar taklif etishi kutilmoqda. Klinika korxonalarga inqirozdan bosqichma-bosqich chiqishga, avvalgi biznes aloqalarini tiklashga va muvaffaqiyatning yangi bosqichlariga ko‘tarilishga ko‘mak beradi.
Biznes-klinika dasturi bilan bir qatorda KO‘K va tadbirkorlar uchun karantin davrida onlayn va karantin tugaganidan so‘ng o‘quv kurslarini boshlash rejalashtirilgan. Ular kichik va o‘rta korxonalarga yangi turtki berish, biznes boshqaruvi ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes barqarorligi ta'minlash hamda korxonalarning kelajakdagi har qanday o‘zgarishlarga moslashishiga ko‘mak berishga qaratilgan kurslarni o‘z ichiga oladi.
Biznes-klinika tashabbusi Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya hukumatlari moliyaviy ko’magida BMTTD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi doirasida BMTTD va Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Biznes-klinika dasturi to‘g‘risidagi to‘liq ma'lumotni www.businessinfo.uz veb-sayti va https://t.me/biznes_klinikaTelegram-kanali orqali olish mumkin.