O‘zbekiston hududlarida korrupsiyaga qarshi amaliyotni kuchaytirish bo‘yicha o‘quv dasturi boshlandi
26-November, 2025
Qashqadaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi vakillari
2025-yil 26-noyabrdan 24-dekabrgacha O‘zbekistonning barcha 14 ta hududida, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan bir qator treninglar o‘tkaziladi. Bu treninglar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan, Yevropa Ittifoqining (YeI) moliyaviy ko’magi hamda Oliy Majlis Senati hamkorligida tashkil etilmoqda. Dasturning maqsadi – hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish samaradorligini oshirish, O‘zbekistonda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va boshqa xalqaro standartlarni amalga oshirishda ularning ishtirokini kengaytirish, aholi va davlat tuzilmalari o‘rtasida ishonchni mustahkamlashdan iborat
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga (9-dekabr) bag‘ishlangan mazkur turkum treninglar hududiy kengashlar a’zolari, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolik jamiyati vakillarini bir joyga toʻplaydi. Ikki kun davomida ishtirokchilar korrupsiya xavfini baholash bo‘yicha xalqaro va milliy yondashuvlarni o‘rganib, o‘z hududdagi haqiqiy vaziyatni tahlil qiladilar va ichki nazorat vositalaridan foydalanishni o‘rganadilar. Tadbirning birinchi kunida huquqiy savodxonlik va korrupsiyaga qarshi bilimlarni oshirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlashning amaliy usullarini joriy etish va fuqarolarning so‘rovlari ijrosini monitoring qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Mashg‘ulotlarning ikkinchi kuni fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, aholi, jurnalistlar va blogerlarning so‘rovlari bilan to‘g‘ri va shaffof ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga bag‘ishlanadi.
Dastur hududlarda korrupsiyaga qarshi nazoratning yanada aniq va zamonaviy mexanizmini yaratishga yordam berishi, xususan, korrupsiyaga oid qonunbuzarliklarni yanada samarali aniqlash va bartaraf etish, xarajatlar va qabul qilinayotgan qarorlarni nazorat qilish bo‘yicha tashabbuslarni faollashtirish, shuningdek, hukumat, aholi va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida yanada ochiq muloqotni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Dastur yakunlari bo‘yicha 450 dan ortiq davlat organlari va hokimliklar vakillari mahalliy darajada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydilar.
Mazkur treninglar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan moliyalashtiriluvchi “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qoʻshma loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda. Loyihaning asosiy komponentlaridan biri mahalliy hokimiyat organlarining salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, yanada jadal va korrupsiyaga qarshi amaliy yechimlarga o‘tishda hududlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Maʼlumot uchun: Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan muvofiqlashtiruvchi organlardir. Ularning faoliyati mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, ijtimoiy soha, ta’lim tizimi vakillari, tadbirkorlar va boshqa manfaatdor tomonlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan. Kengashlarning huquqiy maqomi va vakolatlari O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2021-yil-19 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan.
Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun biz bilan bogʻlaning:
- Dilfuza Abulhasan, BMTTD'da loyiha rahbari, dilfuza.abulkhasan@undp.org
- Fotima Turgʻunboeva, BMTTD'da jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha mutaxassis, fotima.turgunboeva@undp.org