Orolbo‘yi mintaqasidagi qo‘riqlanadigan hududlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yo‘lida navbatdagi qadam
31-August, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi
Toshkent, 2025-yil 27-avgust – BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Orolbo‘yi mintaqasidagi uchta qo‘riqlanadigan hududga — Qizilqum davlat qo‘riqxonasi, “Sayg‘ochiy” landshaft qo‘riqxonasi va Quyi Amudaryo biosfera rezervatiga — zamonaviy dala jihozlarini topshirdi. Qo‘riqlanadigan hududlar global biologik xilma-xillik inqiroziga qarshi kurashda muhim rol o‘ynab, tobora ortib borayotgan bosim ostida qolayotgan turlar va ekotizimlarni asrab qolishga yordam beradi.
Topshirilgan jihozlar tarkibida quyosh panellari, gibrid generatorlar, fototuzoq kameralar, Nikon fotoapparatlari, durbinlar (shu jumladan tungi ko‘rish moslamalari), infraqizil termometrlar, chodirlar va dala kiyimlari mavjud. Ushbu jihozlar mazkur hududlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Natijada tabiatni samarali muhofaza qilish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ekologik monitoring imkoniyatlarini kengaytirish uchun yanada qulay sharoit yaratiladi.
“Orolbo‘yi havzasida barqaror turmush tarzini qo‘llab-quvvatlaydigan, yer degradatsiyasiga neytral bo‘lgan barqaror landshaftning asosi sifatida ko‘llar, botqoqliklar va qirg‘oq koridorlarini muhofaza qilish va boshqarish” nomli qo‘shma loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi va Global Ekologik Jamg‘arma hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri biologik xilma-xillikni saqlashdir. Dala jihozlarini topshirish marosimi ham aynan shu tashabbus doirasida o‘tkazildi.
Loyiha Quyi Amudaryo va Orolbo‘yi havzalarida ekotizimlarning barqarorligini mustahkamlash hamda aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan. Buning uchun yerlarning degradatsiyasini oldini olish, yer va suv resurslarini oqilona boshqarish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, muhim biologik xilma-xillik hududlari va qushlar yashash joylarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beriladi.
3-Komponent doirasida loyiha bevosita biologik xilma-xillikka tahdidlarni kamaytirishga, global ahamiyatga ega bo‘lgan turlar va yashash joylarini muhofaza qilishga, shuningdek, mavjud qo‘riqlanadigan hududlarni samarali boshqarishni kuchaytirishga qaratilgan. Jihozlarning topshirilishi hududlarni yanada samarali muhofaza qilish, ekologik qonunbuzarliklarni aniqlash va oldini olish, shuningdek, ilmiy monitoring va tadqiqotlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha haqida qo‘shimcha ma’lumot: https://www.undp.org/uzbekistan/projects/conservation-and-sustainable-management
OAV uchun aloqa: Murad Nasirov, qo‘shma tashabbusning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi. Tel.: +998 90 326 63 61