O‘zbekistondagi Afg‘oniston fuqarolarining ta'lim olishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va BMTTDning yangi tashabbusi

7-April, 2022

Surat: BMTTD O'zbekiston

Toshkent, 2022 yil 7 aprel' – Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Yevropa Ittifoqining (EI) O‘zbekistondagi delegasiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Afg‘oniston fuqarolari, xususan, ayollar va yoshlarga alohida e'tibor qaratgan holda, ular uchun ta'lim olishning yangi imkoniyatlarini yaratish va mavjudlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbus bilan chiqdi. Kasb-hunar ta'limi va malaka oshirishning kengaytirilgan dasturlari hamda qisqa muddatli o‘quv kurslari Afg‘oniston fuqarolariga bir qator fanlar, jumladan, gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalarida bilim egallashga yordam beradi.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Bu loyiha texnik imkoniyatlar shuningdek, ushbu sohada katta tajribaga ega malakali kadrlarga ega bo‘lgan Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Markaz o‘quv jarayoniga O‘zbekistondagi tegishli muassasalarning ta'lim va o‘quv resurslarini ham jalb qilishi mumkin.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Yevropa Ittifoqi delegasiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrianning ta'kidlashicha, “Evropa Ittifoqi hozirgi og‘ir sharoitda Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. 2021 yilning dekabr' oyida Afg‘oniston va qo‘shni davlatlardagi afg‘onlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sog‘liqni saqlash, ta'lim va turmushni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 268 million yevrodan ortiq yangi loyihalar imzolandi. Ushbu yangi loyiha ana shu boradagi sa'y-harakatlarning bir qismi hisoblanib, u o‘zbekistonlik hamkorlarimiz so‘rovi bilan amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra o‘z vatanini tark etgan Afg‘oniston fuqarolarini, qaerda bo‘lishlaridan qat'i nazar, qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekiston hukumati va Yevropa Ittifoqining yuksak maqsadlarini yaqqol aks ettiradi. Umid qilamizki, bizning uzoq yillik hamkorimiz bo‘lgan BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan bu loyiha O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan Afg‘oniston fuqarolariga yangi bilim va ko‘nikmalar olishlarida ko‘maklashishi barobarida, ularga o‘z vatanlariga qaytishdan oldin turmush sharoitlarini yaxshilash va oilalarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi”.

Loyiha doirasida jami 345 nafar Afg‘oniston fuqarolari ta'lim grantlarini qo‘lga kiritib, o‘qishni tamomlaganidan so‘ng tegishli diplom va sertifikatlarga ega bo‘ladilar. Xususan:

• hozirda Markazda tahsil olayotgan afg‘onistonlik 145 nafar talaba, jumladan, 24 nafar xotin-qizlar ta'lim jarayonini davom ettiradilar;

• 100 nafar Afg‘oniston fuqarosi bir yillik texnik hamda kasbiy ta'lim va tayyorgarlik (TKTT) dasturi doirasida o‘qitiladi;

• 100 nafar Afg‘oniston fuqarosi qisqa muddatli kasbiy kurslarda ta'lim oladilar.

2022 yilda BMTTD tomonidan amalga oshiriladigan ushbu tashabbus uchun Yevropa Ittifoqi 1 million yevro mablag‘ ajratdi.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Loyihani amalga oshirishda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi asosiy hamkor hisoblanadi. “O‘zbekistonda vaqtincha istiqomat qilayotgan Afg‘oniston fuqarolariga bunday  imkoniyatlar yaratish juda muhim masaladir. Bu Afg‘onistonning yoshlariga o‘z hayot yo‘lini topishlari uchun ko‘nikma va mutaxassisliklarni egallashga sharoit yaratadi ”, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov.

Ushbu tashabbus Markaz salohiyatini yanada mustahkamlash va pirovardida uni Afg‘oniston uchun ta'lim markaziga aylantirish uchun imkoniyatlar yaratadi, natijada Afg‘oniston fuqarolari O‘zbekistondagi ko‘plab universitetlar, institutlar va kollejlarning ta'lim xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Markaz Yevropa Ittifoqi bilimlar markazini ochish va unda onlayn masofaviy o‘qitish vositasini ishga tushirish uchun platformaga ham aylanadi.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Tadbirning ochilish marosimida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matil'da Dimovska: “Bugun biz ilgari surayotgan tashabbus Afg‘oniston fuqarolarini ish bilan ta'minlash imkoniyatlarini kengaytirish, ularning O‘zbekistonda faol ijtimoiy-iqtisodiy hayotga integratsiyalashuvi uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalar berish bilangina cheklanib qolmaydi. Bu O‘zbekiston janubidagi hudud aholisining barqarorligi va turmush darajasini oshirishga qaratilgan ancha keng va tizimli sa'y-harakatlar bo‘lib, ular mintaqadagi ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadi. Biz Surxondaryo viloyatini har tomonlama, aholi manfaatlarini ko‘zlovchi va inklyuziv hududiy rivojlanishga qaratilgan yondashuvimiz foydali bo‘lishiga umid bildiramiz”, — deya ta'kildab o’tdi.

Surat: BMTTD O'zbekiston