Image: UNDP Uzbekistan
2021 yil 2 noyabr. Toshkent sh. Davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish BMT taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi faoliyat yoʻnalishlaridan biridir. Shu maqsadda joriy yilning may oyida “Fargʻona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uygʻunligi” BMTning Qoʻshma dasturi doirasida BMTTD ikkita yetakchi ta’lim muassasasi – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (DBA) va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi (BPA) bilan umumiy qiymati 130 000 AQSh dollarilik 2 ta grant shartnomasini imzoladi.
29 oktabr kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekistondagi BMTTD xodimlari ishtirokida davlat xizmatchilari malakasini oshirish uchun ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv doirasida ta’kidlanganidek, imzolangan shartnomalar doirasida akademiyalarning asosiy vazifalari sifatida oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va barcha modullarni DBAning Fargʻona filiali negizida bevosita oʻqitish va Akademiyalarning onlayn platformalari orqali masofaviy taʼlim dasturiga kiritish koʻzda tutilgan. Uch oy muddatda:
a) yetakchilikni kuchaytirish va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish,
b) hududiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish va amalda tadbiq qilish,
c) davlat xizmatchilarining stressga chidamliligini oshirish,
d) gender tengligi, ayollar imkoniyatlarini kengaytirish,
f) oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurashish,
j) manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashda yoshlarning ijtimoiy safarbarligini oshirish boʻyicha bir qator oʻquv modullari ishlab chiqildi.
Muhokama davomida ishlab chiqilgan mazkur oʻquv modullar taqdimoti oʻtkazilib, ularga Yoshlar muammolarini oʻrganish instituti ekspertlari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, BMTTDning korrupsiyaga qarshi kurash, shuningdek, bandlik va gender tengligi boʻyicha ekspertlari baho berishdi va oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
- Umid qilamizki, Fargʻona vodiysidagi davlat xizmatchilari uchun ishlab chiqilgan ta’lim platformasi mintaqaning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bilan bir qatorda, mahalliy jamiyat hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ta’minlashda mustahkam poydevor sifatida xizmat qiladi – deya ta’kidaladi Doina Muntyanu, Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili oʻrinbosari.
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari Farrux Omonov ham oʻz nutqida yoshlarni davlat boshqaruvidagi barcha boʻgʻinlarga keng jalb qilish muhimligini ta’kidlab oʻtdi. Oʻz navbatida, Davlat boshqaruvi akademiyasi ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Botu Alimovning bildirishicha, davlat xizmatchilarining malakasini oshirish dasturlarini doimiy ravishda monitoring qilish va yangilab borish, bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar bilan baravar dolzarbligini ta’minlash lozim. Bosh prokuratura akademiyasi rahbari Yevgeniy Kolenko davra suhbati ishtirokchilariga qilgan murojaatida BPA mutaxassislari imkon qadar qisqa vaqt ichida har biri 12 soatlik 10 ta modul ishlab chiqqanligini, endilikda mazkur ta’lim dasturini nafaqat Fargʻona vodiysidagi davlat xizmatchilarini oʻqitishda, balki respublikaning qolgan hududlarida ham amalda qoʻllash zarurligini ta’kidladi.
Ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari yordamida joriy yilning oxirigacha Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlaridagi kamida 300 nafar davlat xizmatchilarining malakasini oshirish rejalashtirilgan.
