BMT Taraqqiyot Dasturi boshqaruvchi administrator o‘rinbosarining O‘zbekistonga tashrifi: Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashda yangi bosqich
26-May, 2025
Toshkent, 2025-yil 26-may – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Boshqaruvchi administrator o‘rinbosari Xaolyan Syu bugun O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini yakunladi.
Tashrif davomida janob Syu BMTTDning O‘zbekistonda inklyuziv va barqaror rivojlanishni qo‘llab quvvatlashdagi ishtiroki hamda o‘zining siyosiy tajribasini shu yo‘nalishda safarbar etishga sodiqligini yana bir bor ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston hukumati bilan uzoq muddatli hamkorlikka sodiqligini qayd etdi.
Qator yuqori darajadagi uchrashuvlar chog‘ida janob Syu Senat raisi hamda Tadbirkor ayollar kengashining Raisi bilan fikr almashdi. Uchrashuvlarda quyidagi to‘rt ustuvor yo‘nalishda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi:
Yashil ish o‘rinlari yaratishga urg‘u berilgan holda ish o‘rinlarini ko‘paytirish va kambag‘allikni kamaytirish, shuningdek, raqamli transformatsiya orqali chekka hududlardagi yoshlar va ayollarning inson kapitalini rivojlantirish;
Biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga moslashuv va yashil o‘sishni ta’minlash, xususan Orolbo‘yi kabi zaif hududlarda moslashuv choralarini tatbiq etish;
Ayollar va erkaklar tengligi, xususan O‘zbekistonda parlamentda ayollar uchun 40 foizlik kvota belgilanishi bilan bog‘liq muhim yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash;
BMTTD tomonidan milliy va mahalliy darajada korrupsiyaga qarshi tizimlarini mustahkamlash va bu sohaga tegishli tashabbuslarni jadallashtirish, hamda parlament salohiyatini qonun chiqarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirishda kuchaytirishga qaratilgan texnik yordamga asoslangan boshqaruv islohotlarini quvvatlashda davom etish.
“BMTTD O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lib kelmoqda – biz bu mamlakatda uch o‘n yillikdan ortiq faoliyat yuritmoqdamiz,” dedi janob Syu. “O‘zbekiston erishgan yutuqlarni e’tirof etamiz va tengsizlikka barham berish, yoshlar va ayollarni salohiyatini kuchaytirish, barcha hududlarda barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni tezlashtirishga tayyormiz.”
Janob Syu, shuningdek, BMTTD tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv loyihasi doirasida joylardagi amaliy ishlar bilan ham tanishdi.
“Bu tashrif bizning inklyuziv, yashil va chidamli O‘zbekiston sari umumiy qarashlarimizni yana bir bor tasdiqlaydi,”deya qo‘shimcha qildi u.
1993-yildan buyon BMTTD O‘zbekiston hukumati, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor bilan hamkorlikda Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish jarayonini tezlashtirib kelmoqda. Hozirgi kunda BMTTD samarali boshqaruv, barqaror iqtisodiy o‘sish va iqlim bo‘yicha chora-tadbirlar uchun milliy va mahalliy salohiyatni mustahkamlash orqali hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikka intilmoqda.
Xaolyan Syu haqida: Xaolyan Syu 2023-yil iyun oyida BMTTD Boshqaruvchi administrator o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U 2013–2019-yillarda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTTD yordamchi administratori va Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha mintaqaviy direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Janob Syu BMT tizimiga 1995-yilda qo‘shilgan, buning oldidan esa u kompyuter yordamida loyihalash muhandisi va universitet o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. U Shanxaydagi Tonji universitetining muhandislik bo‘yicha bakalavr darajasiga, Nyu-Jersi shtatidagi Stivens texnologiya institutining boshqaruv bo‘yicha magistr darajasiga, va Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining Iqtisodiy rivojlanish va siyosiy tahlil bo‘yicha Xalqaro aloqalar magistr darajalariga ega.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: Feruza Nomozova, BMTTD O‘zbekiston uchun Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis: Feruza.Nomozova@undp.org