Farg‘ona vodiysi fermerlari uchun yanada aniq agrometeorologiya ma’lumotlarini olish imkoniyati yaratildi

BMTTD tomonidan YAponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida Farg‘ona vodiysi hududida 20ta kichik agrometeostansiya o‘rnatildi. Agrometeoma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan fermerlar iqlim o‘zgarishi asosida agrotexnika ishlarini rejalashtirishni joriy etishlari, agrotexnik ishlar bo‘yicha xarajatlarni kamaytirishlari, shuningdek mahsulot sifatini oshirishlari mumkin.

13-March, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Dunyo aholisi sonining 2050-yilga borib 9,7 milliard odamgacha o‘sishini inobatga olgan holda, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish ham mamlakatda, ham global darajada oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun kuchli vosita hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligiga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda, jumladan fermerlar havo haroratining keskin o‘zgarishlariga tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmayaptilar. Agrometeostansiyalarning o‘rnatilishi iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga, fermerlarning moliyaviy ahvoliga va umuman mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirish imkonini beradi.

“Ekspertlarimiz agrometeostansiyalarni o‘rnatishda bir nechta meteostansiyaning xizmat ko‘rsatish radiusi bitta hududni qamrab olmasligi uchun zarur maydonlarni sinchkovlik bilan tanlaganlar. Bu Farg‘ona viloyatining imkon qadar kattaroq hududini qamrab olish imkoniyatini beradi,” - deya qayd etdi Sardor Qodirov, “O'zbekistonning Farg'ona vodiysida meva-sabzavot yetishtiruvchilarning iqlim o'zgarishiga moslashuvini oshirish” loyihasi rahbari. – Bugungi kunda agrometeostansiyalar meva-sabzavot yetishtiruvchilari tomonidan olingan agrometeorologik ma’lumotlardan kelgusida foydalanish uchun vosita sifatida xizmat qiladi.

Farg‘ona vodiysining muntazam ravishda agrometeorologik ma’lumotlarni olish istagida bo‘lgan fermerlari Gidrometeorologik kuzatuv tarmog‘i boshqarmasining Agrometeorologik kuzatuvlar va prognozlashtirish bo‘limining +99878 150 85 40 raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.

BMTTD O‘zbekistonning meteorlogiya xizmatlari uchun tegishli qurilmalarni o‘rnatish, fermerlarning ham mavsumiy agrotexnik ishlarni, ham keskin iqlim o‘zgarishlari sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinliklarini himoya qilish uchun zarur tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish orqali qishloq xo‘jaligini yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish yuzasidan ishlarni davom ettiradi.

“O'zbekistonning Farg'ona vodiysida meva-sabzavot yetishtiruvchilarning iqlim o'zgarishiga moslashuvini oshirish” loyihasi BMTTD va O‘zgidrometning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha agrometeorologik kuzatuvchilar va prognozlashtirish tizimlarini yaxshilash, iqlim o‘zgarishiga chidamli meva-sabzavot xo‘jaliklari uchun xizmatlarni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda rejalashtirish tizimini joriy etish orqali Farg‘ona vodiysidagi qishloq xo‘jaligi jamiyatlarinining ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan.