O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilari iqlim va tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldilar

23-April, 2024
Surat: BMTTD O'zbekiston

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va O‘zbekiston sug‘urta bozori professional ishtirokchilari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda sug‘urta sohasi mutaxassislari uchun xalqaro ekspert ishtirokida."Iqlim o’zgarishi va tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish" mavzusida trening o’tkazildi. 

Treningning asosiy maqsadi Oʻzbekiston sugʻurta bozori ishtirokchilarining ham davlat idoralari, ham sugʻurta kompaniyalari darajasida iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar bilan bogʻliq risklarni moliyalashtirish sohasida malakasini oshirishdan iborat. Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq xavflarning doimiy ortib borishi munosabati bilan trening mavzusining muhimligini inobatga olib, shuningdek infratuzilmaning ofatlarga chidamliligini oshirish, iqlim o'zgarishi va muhim infratuzilmada fiskal xavflarni baholashda katta tajribaga ega BMTTD xalqaro eksperti janob Kamol Ahmad taklif qilindi. Ikki kunlik trening davomida qatnashchilar o’z bilimlarini mustaxkamlash imkoniga ega bo’ldilar, jumladan, iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar xavfining asoslari, moliyaviy menejment, moliyani jalb qilish, ustuvor yo’nalishlarni aniqlash va boshqa yo’nalishlardan.

Trening 2024-yil 18–19-aprel kunlari Samarqand shahrida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sug’urta bozori professional ishtirokchilar uyushmasi, Gidrometeorologiya xizmati markazi, sug'urta kompaniyalari va boshqa davlat idoralari va xususiy sektor vakillaridan iborat 35 nafardan ortiq ishtirokchilar bilan bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, trening doirasida BMTTDning “O‘zbekistonda aholining tabiiy ofatlar oqibatlariga chidamliligini oshirish uchun integratsiyalashgan erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” loyihasi treningda faol ishtirok etib,“Iqlimni moliyalashtirish va ofatlar xavfini kamaytirishni moliyalashtirish” mavzusida taqdimot tayyorladi va namoyish etdi. 

Ishtirokchilar trening bo‘yicha ijobiy fikr-mulohazalarini oldilar va trening mavzusining dolzarbligini va xalqaro amaliyotga asoslangan tegishli misollar bilan olingan bilimlarni, ma’lumotlarni taqdim etishning qiziqarli va interaktiv usulda ekanligini  qayd etdilar.

Surat: BMTTD O'zbekiston
“Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nomidan tabiiy ofatlar va iqlim o'zgarishi bilan bog'liq xavflarni moliyalashtirishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlar va sug‘urta bozori ishtirokchilari ishtirokidagi tadbirlarni olqishlayman va to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.. Umid qilamizki, kelgusida trening davomida olingan bilimlar sug‘urta kompaniyalarining rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish jarayonida qo‘llaniladi.”
deb ta'kidladi Davron Maqsudov, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori o‘rinbosari
"Iqlim o‘zgarishi barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga jiddiy tahdid solmoqda. Sug'urta - bu risklarni boshqarish tizimining asosiy usuli, shu jumladan tabiiy xavflarni boshqarish tizimi. Shu bois sug‘urta kompaniyalari va aktuar tashkilotlari vakillari uchun mazkur tadbirda ishtirok etish amaliy va nazariy jihatdan foydali bo‘ldi."
deya ta'kidladi Baxodir Shamsutdinov, O‘zbekiston aktuariylar assotsiatsiyasi direktori
“Global iqlim o‘zgarishi, xususan, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan turli xavf-xatarlar jahon iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mazkur treningni tashkil etish iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq xavflarni moliyalashtirish sohasidagi mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida e’tiborga loyiqdir."
mazkur tadbirning ahamiyati haqida toʼxtalib oʼtdi treningda ishtirok etgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Sugʼurta va pensiya ishi” kafedrasi mudiri Xoʼjayor Shennaev
Surat: BMTTD O'zbekiston

Trening Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTDning “O‘zbekistonda sug‘urta va risklarni moliyalashtirishni takomillashtirish” global loyihasi doirasida qo‘llab-quvvatlandi, uning asosiy maqsadi loyihada ishtirok etayotgan mamlakatlarga sug‘urta tizimini rivojlantirishda yordam ko‘rsatishdan iborat: shu jumladan sugʻurta siyosatini mamlakatning iqtisodiy rivojlanish dasturiga integratsiyalash, inklyuziv sugʻurtani rivojlantirish, suveren risklarni, tabiiy ofatlar tavakkalchiligini moliyalashtirish, sugʻurta sohasiga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish va boshqalar.