O‘zbekistonda vaqf tizimini ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotning samarali vositasi sifatida rivojlantirish

BMT Taraqqiyot Dasturi Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumatini mamlakatda vaqf tizimini takomillashtirish va rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar borasida qo‘llab-quvvatlaydi.

5-August, 2026
Formal conference room with attendees around a U-shaped table; presentation on screen.

Foto: UNDP O‘zbekiston

Toshkent, 2026-yil, 3-avgust – BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda BMTTD ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda vaqf tizimini joriy etish konsepsiyasi loyihasining asosiy xulosalari va tavsiyalarini taqdim etish hamda muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbatini tashkil etdi. Mazkur tadbir mamlakatda vaqf tizimini yanada rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan strategik yondashuvlarni muhokama qilish yo‘lidagi ilk tadbir bo‘lib, ushbu yo‘nalishda muhim bosqichni boshlab berdi. Unda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” jamoat xayriya fondi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarning 40 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati mamlakatda islomiy moliya tizimini rivojlantirish va uni bosqichma-bosqich joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, 2026-yil iyun oyida kuchga kirdi. Hozirda esa islomiy sukuk qimmatli qog‘ozlariga bag‘ishlangan alohida boblarni o‘z ichiga olgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida ko‘rib chiqilmoqda.

Tadbir islomiy ijtimoiy moliyaning muhim vositalaridan biri bo‘lgan vaqf tizimiga bag‘ishlandi. Tarixan vaqf ijtimoiy farovonlik va jamiyat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlovchi muhim institutsional mexanizm sifatida xizmat qilib, xususiy mulkni uzoq muddatli jamoat manfaatlari yo‘lida safarbar etish imkonini yaratgan. Islom sivilizatsiyasi tarixida vaqf mablag‘lari hisobidan ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy muassasalar hamda jamoat infratuzilmasi moliyalashtirilib, ular asrlar davomida jamiyat farovonligiga xizmat qilgan.

Central woman speaks into a microphone at a conference panel; flags and nameplates on the table.

“Tarixan vaqf jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositasi bo‘lib kelgan. Samarali boshqariladigan vaqf tizimi qisqa muddatli yordam bilan cheklanib qolmasdan, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni taqdim etishi, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy-joy kabi muhim sohalarni moliyalashtirishga ko‘maklashishi mumkin. Xalqaro muvaffaqiyatli tajribalarni o‘rganish va mamlakatdagi mavjud muammolarni hisobga olish orqali O‘zbekistonning barqaror kelajagini ta’minlashga qaratilgan aniq yo‘l xaritasini shakllantirmoqdamiz”, dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.

Vaqf xayriya mulkining bir shakli sifatida ijtimoiy, ta’lim va xayriya maqsadlarini uzoq muddatli hamda barqaror moliyalashtirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda u, ayniqsa, davlat resurslarining o‘zi barcha ehtiyojlarni to‘liq qoplay olmaydigan sharoitlarda, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha moliyaviy mexanizm sifatida tobora keng e’tirof etilmoqda.

Bugungi kunda vaqf aktivlari rivojlanishga sezilarli ta’sir ko‘rsatish salohiyatiga ega bo‘lgan katta moliyaviy resursni tashkil etadi. Jahon banki, Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ta’lim markazi (INCEIF) hamda Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro shariat tadqiqotlari akademiyasi (ISRA)ning qo‘shma hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha vaqf aktivlarining umumiy qiymati 100 milliard AQSH dollaridan 1 trillion AQSH dollarigacha baholanadi. O‘zbekistonda vaqf tizimining salohiyati mamlakatning ustuvor rivojlanish maqsadlari, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda aholining muhim xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bilan chambarchas bog‘liq.

Davra suhbatining asosiy maqsadi O‘zbekistonda vaqf tizimini joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan Konsepsiya loyihasini taqdim etish hamda uning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat edi. Konsepsiyada xalqaro ilg‘or tajribalar kompleks tahlil qilinib, vaqf tizimini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy huquqiy, institutsional va moliyaviy omillar ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekistonning milliy rivojlanish ustuvorliklariga mos keluvchi, amaliy choralarni nazarda tutadigan yondashuv taklif etilgan.

Taqdimot davomida UNDP eksperti O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar tashlanganini ta’kidladi. Xususan, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2018-yilda “Vaqf” jamoat xayriya fondi tashkil etilgan. Biroq amaldagi qonunchilik vaqf tizimining samarali hamda to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan huquqiy va me’yoriy bazani to‘liq ta’minlamaydi. Vaqf ta’sischilari va benefitsiarlarining huquqlarini kafolatlash, shuningdek, vaqf bilan bog‘liq masalalarni tartibga solish uchun maxsus qonunchilik bazasini shakllantirish zarur. Vaqf tizimi rivojlangan mamlakatlarda vaqf faoliyatini nazorat qilish, boshqarish va muvofiqlashtirish uchun maxsus mustaqil institutlar tashkil etilgan. O‘zbekiston uchun ham shunday institutni joriy etish muhim manfaatlar keltirishi mumkin. Shuningdek, aholini vaqf tashkil etishga rag‘batlantirish uchun tegishli moliyaviy va soliq imtiyozlarini joriy etish zarur.

Muhokama davomida ishtirokchilar Konsepsiya loyihasi yuzasidan o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdilar hamda soliqqa tortish masalalari, davlat organlari, xususiy sektor va jamoatchilikning vaqf tamoyillari, shakllari va xususiyatlari bo‘yicha xabardorligini oshirish hamda salohiyatini rivojlantirish muhimligi kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, ishtirokchilar vaqfni faqat diniy nuqtayi nazardan baholamaslik, balki uni barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish salohiyatiga ega bo‘lgan samarali vosita sifatida ham ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladilar.

Umuman olganda, davra suhbati asosiy manfaatdor tomonlar uchun O‘zbekistonda tizimli vaqf tizimini joriy etish uchun zarur bo‘lgan huquqiy, me’yoriy va institutsional asoslarni shakllantirish bo‘yicha o‘z fikr va tavsiyalarini bildirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Mazkur tadbir BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Islom taraqqiyot banki (IsDB) bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonda vaqf uchun qulay muhitni shakllantirish” tashabbusi doirasida tashkil etildi. 2025-yildan buyon amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus mamlakatda vaqf tizimini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan qonunchilik, institutsional va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda davlat organlarining salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.