O‘zbekiston sement tarmog‘ini dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha seminar
23-April, 2026
2026-yil 21-aprel – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida O‘zbekiston sement tarmog‘ini dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha manfaatdor tomonlar ishtirokida seminarini o‘tkazdi. Tadbirda hukumat, ilmiy doiralar, sanoat, moliya institutlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar O‘zbekistonning kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishga qaratilgan «Yashil taraqqiyot» yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib, energiya sarfi eng yuqori va emissiyalarni kamaytirish qiyin bo‘lgan sohalardan biri — sement sanoatidan chiqariladigan issiqxona gazlari (IG) masalasiga bag‘ishlandi. Global miqyosda sement ishlab chiqarish energiya iste’moli va texnologik jarayonlar natijasida jami CO₂ emissiyasining taxminan 7–8 foizini tashkil qiladi. O‘zbekistonda tezkor urbanizatsiya va infratuzilmani rivojlantirish sementga bo‘lgan talabni oshirmoqda, bu esa tarmoqning uglerod izini yanada kuchaytirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Nozimjon Ortiqov o‘zining kirish so‘zida shunday dedi:
«Bu iqtisodiy o‘sish va iqlim o‘zgarishiga qarshi tanlov emas. O‘zbekistonga har ikkalasi ham kerak. Oldimizda turgan vazifa – sement tarmog‘ining yanada kuchliroq bo‘lib rivojlanishini ta’minlash bilan birga, uni toza, samarali va raqobatbardosh qilishdir».
U, shuningdek, dekarbonizatsiyaga sanoatning real sharoitlari va investitsiyaviy voqelikka asoslangan modernizatsiya kun tartibi sifatida qarash kerakligini ta’kidladi.
BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari Anas Qarman ham qurilish sektori va sement ishlab chiqarishning mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi muhim o‘rnini ta’kidlab o‘tdi hamda ushbu soha global miqyosda eng ko‘p uglerod ajratuvchi tarmoqlardan biri ekanligini eslatib o‘tdi.
«O‘zbekiston o‘zining iqlim bo‘yicha majburiyatlariga jiddiy yondashadi — bu borada sement e’tibordan chetda qoldira olmaydigan sohadir».
Tadbirda O‘zbekiston sement tarmog‘i uchun issiqxona gazlari (IG) emissiyasi bo‘yicha birinchi har tomonlama bazaviy baholash taqdim etildi. Bu baholash IPCC (Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi) metodologiyasi asosida o‘tkazilgan bo‘lib, milliy dekarbonizatsiya «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish uchun mustahkam tahliliy asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, CIF jamg‘armasi, Iqlim klubining (Climate Club) Global hamkorlik platformasi hamda sement ishlab chiqarish jarayoniga ilm-fan va texnologiyalarni joriy etish orqali investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Asosiy tahliliy natijalar:
Hisob-kitoblarga ko‘ra, sement sektori emissiyasi yiliga taxminan 9 million tonna CO₂ ni tashkil etadi. Bu faqat klinker ishlab chiqarish emissiyasini aks ettiradi va energiya sarfi, yoqilg‘i yoqish hamda transport kabi boshqa emissiya manbalarini o‘z ichiga olmaydi.
Tahlilning asosiy natijalaridan biri tarmoqda ishlab chiqarishning yuqori darajada konsentratsiyalashganidir. O‘zbekistonda 24 ta sement zavodi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, umumiy mahsulotning 95 foizi atigi 13 ta yirik korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu konsentratsiya katta imkoniyat yaratadi: cheklangan miqdordagi zavodlarga qaratilgan manzilli investitsiyalar va siyosiy choralar tarmoqning dekarbonizatsiya salohiyatining asosiy qismini ochib berishi mumkin. Bu iqlimiy moliyalashtirishni yanada samaraliroq yo‘naltirish, texnologiyalarni yangilash hamda tezroq va iqtisodiy jihatdan arzonroq natijalarga erishish imkonini beradi.
Shuningdek, tahlil davomida energiya samaradorligini oshirish, muqobil yoqilg‘ilardan foydalanish, klinkerni almashtirish hamda chiqindi issiqligini qayta ishlash (WHR) va uglerodni tutib qolish kabi yangi texnologiyalarni joriy etish kabi muhim imkoniyatlar aniqlandi.
Baholash jarayonida o‘tkazilgan so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, muqobil yoqilg‘i ta’minotining yo‘qligi, yuqori kapital xarajatlar va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi «yashil» investitsiyalar yo‘lidagi eng jiddiy to‘siqlar bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, global miqyosda uglerod narxini belgilash bo‘yicha joriy va kutilayotgan qoidalar, reestrlar va xalqaro majburiyatlar ko‘rib chiqildi. Keyingi investitsiya tsikli aktivlarni 30 yildan ortiq muddatga band qilishini hisobga olgan holda, ishonchli «Yo‘l xaritasi» sanoat vakillarini investitsiyalar qiymatiga ishontirish uchun zarurdir.
Tadbir BMTTDning «Climate Promise» tashabbusi doirasida «Pledge to Impact» dasturi orqali, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Belgiya, Ispaniya, Islandiya, Niderlandiya, Portugaliya hukumatlari va BMTTDning boshqa asosiy donorlari ko‘magida tashkil etildi. Ushbu dastur BMTTDning NDC Partnership (Milliy darajada belgilangan hissalar bo‘yicha hamkorlik) doirasidagi hissasining bir qismidir.