Xorazm viloyatida tashkil etilgan yangi ta’lim maydoni yoshlar va ayollar uchun zamonaviy raqamli ko‘nikmalar hamda bandlik imkoniyatlarini kengaytiradi.
Raqamli ko‘nikmalarga sarmoya: Hazoraspda IshKadr Academy markazi ochildi
19-February, 2026
Hazorasp, Xorazm viloyati, 2026-yil 18-fevral — Xorazm viloyati Hazorasp tumanida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi doirasida, Rossiya Federatsiyasi moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan IshKadr Academy raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangi markaz yoshlarning raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, mamlakat hududlarida raqamli savodxonlik darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarning bir qismiga aylandi. IshKadr Academy yoshlar axborot texnologiyalari, raqamli vositalar va tadbirkorlik sohasida amaliy ko‘nikmalar egallaydigan zamonaviy ta’lim maydonchasi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Hududlarni rivojlantirish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlar
Rasmiy ochilish marosimi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Rossiya Federatsiyasi elchixonasi vakillari, shuningdek, Hazorasp tumani hokimligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazildi.
Tashrif doirasida Hokimiyatda ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda raqamlashtirish va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi joriy tashabbuslar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Rasmiy qismdan so‘ng delegatsiya markazning o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi, texnik jihozlar bilan tanishdi, kurs tinglovchilari va akademiya jamoasi bilan suhbatlashdi.
Zamonaviy infratuzilma va dastlabki natijalar
Markaz ikki oydan buyon sinov tariqasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda va hozirda unda 43 nafar tinglovchi (14 nafar qiz va 29 nafar yigit), shu jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan 15 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Loyiha doirasida markaz zarur texnik jihozlar, kompyuter texnikasi, mebel va ofis infratuzilmasi bilan ta’minlandi, bu esa zamonaviy va qulay ta’lim muhitini yaratishga imkon berdi.
Markaz koordinatori joriy ta’lim dasturlari va kurslarni yanada kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berdi. Amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirish, talab qilinadigan raqamli kompetensiyalarni shakllantirish va kelgusida ishga joylashish yoki o‘z loyihalarini ishga tushirish uchun shart-sharoitlar yaratish ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiradi.
Ta’lim dasturi
IshKadr akademiyasida yoshlar zamonaviy va mehnat bozorida talab qilinadigan kompetensiyalarni o‘zlashtirishlari mumkin. O‘qitish quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan:
- real vazifalarga amaliy yo‘naltirilgan IT-dasturlash va raqamli texnologiyalar;
- sun’iy intellekt (AI) imkoniyatlaridan foydalanish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish;
- marketing, savdo va biznes jarayonlarini boshqarishning zamonaviy vositalari;
- xorijiy tillar (xususan, ingliz tili) va elektron tijorat asoslari.
Ushbu yo‘nalishlar yoshlarning raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot sohasida bandlik va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Akademiyada ta’lim dasturlarining inklyuzivligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim nafaqat yoshlarga, balki malakasini oshirish, yangi raqamli ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va kasbiy istiqbollarini kengaytirishga intilayotgan 27 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan ayollarga ham mo‘ljallangan.
Mashg‘ulotlar formati ishtirokchilarning bandligini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Darslar tizimli, amaliyotga yo‘naltirilgan shaklda o‘tkaziladi va jadval tinglovchilarning imkoniyatlariga moslashtiriladi. Ishtirokchilar ertalabki seminarlarga qatnashishlari va ta’limni ish yoki o‘z biznesini yuritish bilan birga olib borishlari mumkin. Bunday moslashuvchanlik joriy majburiyatlar va daromadga zarar yetkazmagan holda malakani oshirish imkonini beradi.
Inson kapitaliga investitsiyalar
IshKadr Akademiyasining ochilishi raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning bir qismidir. Hazoraspda markazning tashkil etilishi mintaqaviy darajada inson kapitaliga sarmoya kiritishning muhimligini va poytaxtdan tashqarida sifatli ta’lim olish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga intilishni ko‘rsatadi.
Markaz nafaqat bilim olish, balki O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor bo‘lgan yosh mutaxassislarning faol hamjamiyatini shakllantirish maydoniga aylanadi.