Orolbo‘yi yerlarini tiklash va qishloq xo‘jaligini moslashtirish bo‘yicha ilmiy hamkorlik

29-December, 2025
Group of people inspecting tall corn plants in a sunny field.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Nukus, Qoraqalpog‘iston - BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Sholi va g‘alla nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda "Orolbo‘yi mintaqasida tuproq degradatsiyasiga qarshi kurash va moslashuvchan dehqonchilik" mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etdi. Tadbirda O‘zbekiston va Rossiyaning degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va noqulay sharoitlar majmuasiga moslashuvchan o‘simlikshunoslikka ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlarining yetakchi agrar ekspertlari ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik inqirozning markazida turibdi. Bu jarayon mintaqa aholisining oziq-ovqat xavfsizligi va tirikchilik vositalariga tahdid soluvchi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar kaskadini keltirib chiqardi. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti ekspertlarining ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa ekstremal sharoitlar bilan tavsiflanadi: harorat amplitudasi minus 30°C dan plyus 47°C gacha o‘zgarib turadi, yillik yog‘ingarchilik miqdori 80-120 mm, bug‘lanish 1500-1700 mm ni tashkil etadi, bu esa namlikning kritik tanqisligini keltirib chiqaradi va qishloq xo‘jaligi faoliyatiga tahdid soladi.

"Qoraqalpog‘istonda vaziyat og‘ir. Tuproqning sho‘rlanishi, gumusning yo‘qolishi va tarixiy maydonning atigi 10 foizi to‘qaylardan saqlanib qolgani mintaqaning qishloq xo‘jaligi va ekotizimida ko‘plab inqirozlarni keltirib chiqarmoqda. Aynan shuning uchun degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha xalqaro ilmiy hamkorlik nafaqat zarurat, balki Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirishning kalitidir," - deya ta’kidladi BMTTD eksperti Baxitbay Aybergenov.

Davra suhbatida olimlar ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha innovatsion yechimlarni taqdim etdilar. "Donskoy" agrar ilmiy markazi stress sharoitlar (qurg‘oqchilik, sho‘rlanish, ekstremal harorat) uchun maxsus yaratilgan kuzgi bug‘doyning yangi yuqori mahsuldor navlarini taqdim etdi. Selektsiya ishlari nafaqat hosildorlikni oshirishga, balki Qoraqalpog‘iston uchun juda muhim bo‘lgan suv ta’minotiga bo‘lgan talabni kamaytirishga qaratilgan.

Ushbu ishlanmalarni to‘ldirgan holda O‘zbekiston o‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan kunjutning mahalliy sharoitga moslashgan istiqbolli Toshkent-122 (moylilik darajasi 58%), Qora Shahzoda va Sadaf navlari ustida olib borilgan ko‘p yillik tadqiqotlar natijalari taqdim etildi. Kunjut gektariga bor-yo‘g‘i 1 800 kub metr suv sarflab, 66,4 foiz rentabellik bilan iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi, bu esa g‘o‘zaga nisbatan uch baravar kamdir. Bu cheklangan suv resurslaridan yanada samarali foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish imkoniyatini ochadi.

Yaylovlarni tiklashning muqobil yondashuvi Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tomonidan taklif etilgan bo‘lib, mintaqada galofitlarni (sho‘rga chidamli o‘simliklar) sinash bo‘yicha ko‘p yillik dala tajribalari natijalari chorvachilik sohasini tiklash va shu bilan birga degradatsiyaga uchragan tuproqlarni yaxshilash uchun istiqbolli manba sifatida taqdim etilgan. Galofitlar nafaqat chorva mollari uchun ozuqa bazasi bo‘lib xizmat qiladi, balki degradatsiyaga uchragan tuproqlarni tabiiy qayta tiklash vazifasini ham bajaradi.

Davra suhbatida ilmiy hamkorlikning quyidagi asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi:

  • O‘simliklarning oziqlanishini yaxshilash va ularning abiotik stresslarga chidamliligini oshirish uchun bakterial preparatlar
  • Makulaturadan olingan gidrogellar namlik yetishmasligi sharoitida o‘simliklarning o‘sish sharoitlarini optimallashtirish uchun innovatsion material sifatida
  • Orolbo‘yi mintaqasida iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish ta’sirini yumshatishga innovatsion yondashuvlar
  • Bioremediatsiya va sho‘rlangan tuproqlardan qishloq xo‘jaligida foydalanishda mikrobiologiyaning imkoniyatlari
  • Qoraqalpog‘iston sharoitida lalmi sholining xorijiy nav namunalarini agrobiologik baholash va ularni abiotik stresslarga moslashtirish

Ishtirokchilar o‘xshash iqlim sharoitlarida sinovdan o‘tgan ilg‘or metodologiyalarni jalb qilish va ularni Qoraqalpog‘istonning mahalliy sharoitlariga moslashtirish imkonini beruvchi xalqaro ilmiy hamkorlikning muhim ahamiyatini ta’kidladilar. Rossiya ilmiy markazlarining Kaspiy bo‘yi sho‘rlangan tuproqlari bilan ishlash bo‘yicha to‘plangan tajribasi, Rossiya seleksiya va melioratsiya maktabining uslubiy salohiyati, shuningdek, O‘zbekiston ilmiy tashkilotlarining mahalliy ekspertizasi mintaqaning qishloq xo‘jaligi salohiyatini tiklash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan faoliyat uchun asos yaratadi.

Tashabbus BMT Taraqqiyot dasturining "Orolbo‘yi mintaqasida mahalliy aholining barqarorligini oshirish va eng zaif jamoalarning yashil, inklyuziv rivojlanishiga ko‘maklashish" loyihasi doirasida, Rossiyaning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.